Arxiv ishi takomillashmoqda

Arxiv ishi takomillashmoqda

Arxiv ishi takomillashmoqda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida huquqiy, tashkiliy, moliyaviy jabhalarda yaratilgan keng imkoniyatlar arxiv ishini rivojlantirishda ham muhim omil bo‘lmoqda. Elektron hukumat, fuqarolar murojaatlariga oid milliy qonunchilikning muntazam takomillashtirilayotgani sohaga ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish va xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori soha faoliyatini yanada takomillashtirish, arxiv muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali kadrlar bilan ta’minlashda muhim omil bo‘layotir.

Farg‘ona viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi tomonidan ijtimoiy va huquqiy toifadagi so‘rovlar yuzasidan idoralar va fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Viloyat arxiv muassasalarida 627 ming yig‘ma jildda hujjatlar davlat saqloviga olingan bo‘lib, uning 370 ming jildi boshqaruv xujjatlari, 237 mingi shaxsiy tarkib xujjatlaridir, – deydi Farg‘ona viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Yusufjon Kamolov. – Saqlovdagi shaxsiy tarkib hujjatlarining elektron bazasi yaratilgani aholiga xizmat ko‘rsatish, jumladan, so‘rovnomalarga tezkor javob berish imkonini bermoqda. Davlat arxivlariga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tobora ortmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 29 mingdan ziyod murojaat qabul qilinib, ijobiy hal etilgani buning yaqqol dalilidir. Sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar arxiv ishini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda. 2016 yil 25 avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun xujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu hujjatga ko‘ra, "O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi”ga o‘zgartishlar kiritilib, Arxiv ishi to‘g‘risidagi qonun xujjatlarini buzish deb nomlangan 2154-modda bilan to‘ldirildi. Arxiv xujjatlarini topshirish, saqlash va ulardan foydalanish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilish belgilab qo‘yildi. Ushbu qonunbuzarlikni sodir etgan fuqaro, mansabdor shaxslar va xizmatchilarga nisbatan jarima jazosi tayinlanishi belgilandi.

Bu qonun davlat arxivlarining idora, korxona va tashkilotlar ustidan amalga oshirishi lozim bo‘lgan arxiv hujjatlari nazoratini qonun doirasida amalga oshirish imkonini beradi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA