“Arxiv malikalari” ko‘rik tanlovi o‘tkazildi

“Arxiv malikalari” ko‘rik tanlovi o‘tkazildi

2016 yilning 9 avgustida O‘zbekiston Respublikasi Kinofotofono hujjatlari markaziy davlat arxivida O‘zbekiston Mustaqilligining 25 yilligini munosib kutib olish maqsadida “Arxiv malikalari” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan tashkil etildi.

Ko‘rik-tanlovda Toshkent shahar segmentidagi barcha arxiv muassasalaridan ikki nafardan iqtidorli, jamoatchi xodimlar ishtirok etdilar.

Shuningdek, mazkur tadbir doirasida “Sog‘lom ona va bola yili” hamda “Toshkent kecha va bugun” nomli fotoko‘rgazma tashkil etildi.

Ko‘rgazmada Toshkentning mustaqillikkacha va mustaqillik davridagi faoliyati solishtirma shaklda yoritib beruvchi fotosuratlar namoyish etildi. Fotoko‘rgazma anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

“Arxiv malikalari” ko‘rik-tanlovida ishtirokchilar ikkita shart asosida bellashdilar.

Birinchi shartda arxivchi xotin – qizlar o‘rtasida “Milliylik aks etgan ish liboslari” namoyishi bo‘ldi. Ushbu shartda har bir ishtirokchi tomonidan milliylik aks etgan ish liboslarini hakamlar hay’atiga namoyish etdilar. Hakamlar hay’ati ushbu shartda arxiv sohasida foydalanish mumkin bo‘lgan ish liboslarining saranjom, milliy mentalitetimizga mos holda yaratilganligi, milliylik aks etganligi, ish jarayonida qulayligi va ishtirokchilar tomonidan ish liboslarining ta’riflarini inobatga olgan holda baholadilar.

Ikkinchi shartda ishtirokchilar mustaqillik yillarida arxiv sohasida xotin-qizlarning o‘z o‘rnini topishlari, ularning faoliyat yuritishlari uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar, ayniqsa mustaqillikka erishish natijasida sohada ayollarga e’tiborning va ehtiromning oshganligi bo‘yicha ishtirokchi faoliyat yuritayotgan arxiv muassasasi misolida sohaning rivojlantirishda ayollarning qo‘shgan hissalari to‘g‘risida hayotiy misollar, qiziqarli faktlar bilan boyitilgan qisqacha ma’ruza, monolog, sahna ko‘rinishi, she’riy shakldagi chiqishlar bilan ishtirok etdilar.

Ko‘rik-tanlov barcha ishtirokchilarda qiziqarliligi bilan katta taassurot qoldirdi.

Ko‘rik-tanlov yakunida barcha ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Agentlik Axborot xizmati