Arxivlar – boy tariximiz ko'zgusi

Arxivlar – boy tariximiz ko'zgusi

O'zbekiston Respublikasi kinofoto hujjatlari markaziy davlat arxivida «O'zarxiv» agentligi bilan hamkorlikda Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligi hamda 9 iyun – Xalqaro arxivlar kuniga bag'ishlab «Mustaqil yurt arxivlari» mavzuida davra suhbati o'tkazildi.

“O'zarxiv” agentligi bosh direktori o'rinbosari D.Kucharova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida arxiv ishini rivojlantirish, ushbu muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etishga qaratilayotgan doimiy e'tibor o'z samaralarini berayotganini ta'kidladi.

O'zbekiston Respublikasining 2010 yil 15 iyunda qabul qilingan “Arxiv ishi to'g'risida”gi qonuni hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 5 apreldagi “O'zbekiston Respublikasida arxiv ishini takomillashtirish to'g'risida”gi qarori mazkur yo'nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim asos bo'layotir.

Mamlakatimizda 103 davlat arxivi, mahalliy hokimliklar huzurida 110 idoralararo arxivlar hamda 9 mingdan ziyod idoraviy arxiv faoliyat yuritmoqda. Ularda saqlanayotgan milliy arxiv fondi hujjatlari 8,6 million saqlov birligiga, idoraviy arxivlarda 1,2 millionga yetdi.

Davra suhbatida mustaqillik yillarida sohada qator yutuqlarga erishilgani, arxivlar yangi bino va qo'shimcha inshootlar bilan ta'minlangani, ularda xodimlar va foydalanuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratilayotgani qayd etildi.

Manba: www.uza.uz