“Elektron hukumat”ni rivojlantirishda o‘zaro aloqalarning o‘rni” mavzuida seminar-trening tashkil etildi

“Elektron hukumat”ni rivojlantirishda o‘zaro aloqalarning o‘rni” mavzuida seminar-trening tashkil etildi

19 may kuni "Poytaxt" biznes markazida davlat idoralari mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Elektron hukumat”ni rivojlantirishda o‘zaro aloqalarning o‘rni” mavzuida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

O‘quv-seminari O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida “elektron hukumat”ni rivojlantirish” hamda Osiyo Taraqqiyot Bankining “Samarali davlat boshqaruvi uchun “elektron hukumat” loyihalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad davlat organlari va jurnalistlarning O‘zbekistonda joriy etilayotgan “elektron hukumat” tizimini keng ko‘lamda, zamonaviy yondashuv hamda samarali usullardan foydalangan holda yoritish ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat.

Mashg‘ulotlarda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar Axborot xizmatlarining 28 nafar mutaxassislari, shuningdek axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini muntazam yoritishga ixtisoslashgan bosma hamda elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari malaka oshirish imkoniga ega bo‘ldilar.

Ma’lumot o’rnida aytish mumkinki, mazkur seminar-treningda “O‘zarxiv” agentligining axborot xizmati boshlig‘i A.Usmonov faol ishtirok etdi.

Seminar qatnashchilariga ekspertlar tomonidan elektron davlat xizmatlarini ommalashtirish va “elektron hukumat” qulayliklarini aholi orasida keng targ‘ib qilish doirasida maqsadli auditoriya bilan ishlash hamda jamoatchilik bilan aloqalar o‘rnatishning xalqaro amaliyotdagi ilg‘or tajribalari, usullari to‘g‘risida taqdimotlar qilindi.

Seminar-trening shartli ravishda 2 qismga bo‘linib, birinchi guruhda mutaxassislar Birlashgan millatlar tashkilotining Taraqqiyot dasturi hamda Osiyo Taraqqiyot Bankining “elektron hukumat” tizimini rivojlantirish yuzasidan 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan kommunikatsiya strategiyasining loyihasini taqdim qildilar. Mazkur strategiyada “elektron hukumat” tizimini ommalashtirish, jamoatchilik bilan aloqa o‘rnatishning yetakchi mamlakatlar tatbiq qiladigan samarali yondashuvlar haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Mashg‘ulotlarning ikkinchi qismida jamoatchilik bilan aloqalar va jurnalistika sohasining yetakchi ekspertlari davlat organlari Axborot xizmatlari mutaxassislariga “elektron hukumat” doirasida fuqarolar bilan samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yishga oid amaliy tavsiyalar berishdi.

Seminar-trening ilmiy-amaliy tajriba almashish, ijodiy kayfiyat va ikki tomonlama muloqot, fikr-mulohaza almashish shaklida o‘tdi. Tadbir yakunida qatnashchilar “elektron hukumat” tizimini ommalashtirish yuzasidan oldilarida turgan vazifalar, istiqboldagi rejalar xususida shaxsiy xulosaga ega bo‘ldilar.

Agentlik Axborot xizmati