Innovatsiyalar – iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili


Innovatsiyalar – iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili

Toshkentda IX Innovatsion g'oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi yakunlandi.

 An'anaviy innovatsion yarmarka Prezidentimiz Islom Karimovning 2015 yil 4 martdagi «2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o'zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta'minlash bo'yicha chora-tadbirlar dasturi to'g'risida»gi farmonida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik hamda texnologik qayta jihozlash bo'yicha belgilangan vazifalar ijrosi doirasida o'tkazildi.

Innovatsion faoliyatni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, milliy innovatsiya tizimini rivojlantirish, yuqori samarali texnologiyalarni joriy etishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, ilm-fan hamda texnikaning ustuvor yo'nalishlarini jadal rivojlantirish mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan keng ko'lamli iqtisodiy islohotlarning muhim yo'nalishlaridandir. Davlatimiz rahbarining 2008 yil 15 iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag'batlantirish borasidagi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga muvofiq o'tkazib kelinayotgan Innovatsion g'oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi davlat, ilm-fan, ishlab chiqarish va biznesning bu boradagi sa'y-harakatlarini samarali birlashtirish, innovatsiya jarayoni ishtirokchilarini qo'llab-quvvatlash hamda ularning barcha darajadagi o'zaro hamkorligini ta'minlashga xizmat qilmoqda.

Anjumanda vazirlik va idoralar, iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlarida faoliyat ko'rsatayotgan davlat hamda xususiy korxonalar, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari, oliy o'quv yurtlari, ilmiy va innovatsiya markazlari, shuningdek, olim va ixtirochilar ishtirok etdi. Tadbirda ishlab chiqarishni optimallashtirish, resurslarni tejash, mahalliy xomashyodan foydalanish, import o'rnini bosish va eksport ko'lamini kengaytirishga qaratilgan 650 dan ziyod yangi texnologiya, ishlanma hamda g'oyalar taqdim etildi. Yarmarkaning o'tkazilishi samarasida bu yangiliklarning aksariyati yaqin vaqt ichida sanoat, qishloq xo'jaligi, sog'liqni saqlash, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, ilm-fan va ta'lim sohalarida keng qo'llaniladi.

Avvalgi yarmarkalardan farqli ravishda, bu galgi tadbirda tashkil etilgan «Ekotexnologiya» bo'limida mamlakatimiz olimlari tomonidan yaratilgan va joriy etishga tayyor 40 istiqbolli ishlanma namoyish etildi. Jumladan, yosh olim Ilyos Xudoynazarovning «Biosalvent» ishlanmasi sho'rlangan erlarning meliorativ holatini yaxshilash, suvni tejash va tuproq unumdorligini oshirishga mo'ljallangan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasi korxonalari ilmiy-tadqiqot institutlari, tashkilot va kompaniyalar bilan qiymati 300 million so'mlikdan ortiq qator shartnomalar tuzdi. Masalan, «O'zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi bilan gidrogeologik quduqlarda erosti suv sathi va haroratini avtomatik o'lchash qurilmasini o'rnatish uchun kelishuvga erishildi.

Yarmarka oliy o'quv yurtlarining ilm-fan sohasidagi innovatsion salohiyati ham yil sayin yuksalib borayotganini ko'rsatdi. Mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalarida o'tkazilayotgan tadqiqotlar tarmoq va korxonalarning muayyan ehtiyojlariga xizmat qiladigan va ahamiyatga molik ko'plab vazifalarni hal etishga qaratilgani bilan g'oyat muhimdir. Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va ularni ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar bunga yaqqol misol bo'la oladi. Xususan, yarmarkada faol ishtirok etgan Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti bunday hamkorlik samarasida yangiliklarni hayotga tatbiq etish bo'yicha qariyb 300 million so'mlik shartnoma tuzdi. Oliy o'quv yurtining o'qituvchi-professorlari va talabalari birgalikda ishlab chiqqan elektron namlikni o'lchash asbobi va pereferik ko'ktomirlarni ko'rish uchun mo'ljallangan moslama katta taassurot qoldirdi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermer xo'jaliklarini rivojlantirishga xizmat qiladigan texnologiyalar mamlakatimizning barcha hududlaridan yarmarkaga kelgan ishtirokchilarda qiziqish uyg'otdi. Yarmarkada namoyish etilgan istiqbolli «Farovon» sabzi navi farg'onalik fermer Muhiddin Saydalievning e'tiborini tortdi. Bu nav gektaridan 50-60 tonna hosil olish, sabzi urug'ini chetdan keltirishni kamaytirish imkonini beradi.

Shuningdek, yarmarka davomida ishtirokchilar mamlakatimizda innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish bilan bog'liq dolzarb masalalarni muhokama etish imkoniyatiga ega bo'ldi. Shu munosabat bilan o'tkazilgan ikkinchi Toshkent xalqaro innovatsiya forumida innovatsion faoliyatning me'yoriy-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, oliy ta'lim sohasida innovatsiyalarning o'rni, innovatsion iqtisodiyot uchun axborot oqimini tashkil etish masalalari ko'rib chiqildi. Yarmarka doirasida yosh dizaynerlar tomonidan yaratilgan liboslar namoyish qilindi, yosh olim va talabalar «Robot-shou» tashkil etdi. 

Yakunlangan IX Innovatsion g'oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi mamlakatimizda ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirish mexanizmini yanada mustahkamlash bo'yicha amalga oshirilayotgan ilmiy hamda innovatsion faoliyatni har tomonlama qo'llab-quvvatlash o'z samarasini berayotganini yana bir bor tasdiqladi. Olimlarimiz tomonidan yaratilgan ilg'or texnologiya va ishlanmalarning joriy etilishi natijasida import o'rnini bosadigan hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish kengaymoqda, yangi ish o'rinlari tashkil etilmoqda. Bularning barchasi innovatsion faoliyat mamlakatimiz iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotida muhim omil bo'layotgani ifodasidir.

Manba: www.uza.uz