O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI

HUZURIDAGI "O`ZARXIV" AGENTLIGI


Marhamat tumanida amaliy anjuman

Amdjon viloyat davlat arxivi va tuman davlat arxivlari tomonidan 2015 yil 1-yarim yilligi davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining Andijon viloyatidagi tashkilotlarida arxiv ishi va ish yuritish xolati o‘rganilgan edi. O‘rganish davrida viloyatimizda faoliyat yuritayotgan o‘rta-maxsus kasb-xunar kollejlarida arxiv ishi va ish yuritishda bir qator kamchiliklar va muammolar mavjudligi aniqlangan edi.

Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish, kasb-xunar kollejlarida arxiv ishi va yuritishning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishni tashkil etish maqsadida joriy yilning 14 iyun kuni Buloqboshi va Marxamat tuman hududidagi kasb-xunar kollejlari ish yurituvchilari va idora arxivlarning mas’ul xodimlari uchun uslubiy amaliy anjuman o‘tkazildi. Anjumanda Marxamat tuman agrosanoat, qishloq xo‘jalik, qurilish, industrial, iqtisodiyot, ijtimoiy pedagogika, xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy iqtisodiyot kasb-xunar kollejlari, Buloqboshi sanoat (neft va gaz), agrosanoat, maishiy xizmat, pedagogika ijtimoiy-iqtisodiy, iqtisodiyot va yengil sanoat kasb-xunar kollejlarining arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.

Anjuman arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha me’yoriy-xuquqiy hujjatlar asosida kasb-xunar kollejlarida ishni tashkil etishga bag‘ishlandi.

Anjumanda viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi mutaxassisi O.Shokirov ishtirok etib, respublikamizda, xususan viloyatimizda arxiv ishiga e’tibor yildan yilga ortayotganligi, davlat arxivlarining moddiy-texnik bazasi rivojlanib borayotganligi, jismoniy va yuridik shaxslarga arxiv xizmati ko‘rsatishda arxiv binolarida yetarli shart-sharoitlar yaratilayotganligi xaqida gapirdi. Davlat arxivi muassasalarida 9-iyun xalqaro arxivlari kuni, “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligini 6 yilligi munosabati tadbirlar o‘tkazilganligi, viloyat televideniyesida telemuloqotlar tashkil etilganligi xaqida to‘xtalib, endigi davlat arxivlari oldilarida turgan dolzarb vazifa tashkilotlarning idoraviy arxivlarning faoliyatini yaxshilash, ish yurituchilarning va arxiv ishi bo‘yicha mas’ul xodimlarning malakasini oshirishga qaratilgan turli anjumanlarni tashkil etish, malaka oshirish kurslari ishini jonlantirishdan iborat ekanligi xaqida to‘htaldi.

Marxamat tuman davlat arxivi yetakchi arxivchisi D.Ikromjonova anjumanga yig‘ilgan kollejlarning arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha mas’ul xodimlariga arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha qabul qilingan me’yoriy hujjatlar xaqida gapirib, mazkur me’yoriy hujjatlar asosida kollejlarda ish yuritishni hamda idoraviy arxiv ishini tashkil etish bo‘yicha belgilangan tartib va qoidalar xaqida ma’ruza qildi.

Anjumanda so‘zga chiqqan Buloqboshi iqtisodiyot va yengil sanoat kasb-xunar kolleji ish yurituvchisi G.Xolmirzayeva, Marhamat agrosanoat kasb-xunar kolleji ish yurituvchisi Z.Xamrayevalar o‘tgan 2015 yilning 1-yarim yilligida davlat arxivi tomonidan kollejlarda arxiv ishi va ish yuritish xolati o‘rganilganda arxiv xolati qoniqarli darajada emasligi e’tirof etilgan, bugungi kunga kelib davlat arxivi mutaxassislari tomonidan ish yuritishni, arxiv ishini kollejlarda to‘g‘ri tashkil qilish bo‘yicha yaqindan yordam berib kelinayotganligi, qolaversa ommaviy axborot vositalari orqali tashkil etilayotgan telemuloqotlar kollejlarning arxiv ishi va yuritishida mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etishda yaqindan yordam berayotganligi haqida o‘zlarining fikr-muloxazalarini bildirdilar.

Anjuman qatnashchilari Marxamat tuman davlat arxivi hujjat saqlovxonalarida bo‘lishib, arxiv hujjatlarini saqlanishi, davlat hisobini olib borilishi va arxiv hujjatlaridan foydalanish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Marxamat tuman davlat arxivi tomonidan kollejlar ish yurituvchilari va arxiv ishi bo‘yicha mas’ul xodimlari uchun tashkil etilgan uslubiy-amaliy anjuman ishtirokchilarda katta ta’asurot qoldirdi.

Agentlik Axborot xizmati