Namangan viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi

26-noyabr kuni xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.

 

Bugun mana shu qadimiy va go‘zal Namangan zaminida siz, azizlarni sog‘-omon, yaxshi kayfiyatda ko‘rib turganimdan xursand bo‘lganimni bildirib, barchangizga, sizlar orqali butun Namangan ahliga yuksak hurmat va ehtiromimni izhor etishga ijozat bergaysiz, dedi davlatimiz rahbari o‘z nutqining avvalida.

Namangan deganda, ko‘z oldimizda avvalo baland Chotqol va Qurama tog‘lariga tutashib ketgan yam-yashil qir-adirlar, bepoyon dalalar, bog‘-rog‘lardan iborat so‘lim bir diyor namoyon bo‘ladi.

Bu zaminning rang-barang tabiati, turli boyliklari, ko‘hna tarixi va madaniyati haqida uzoq gapirish mumkin. Lekin Namanganni haqiqiy Namangan qilgan uning ko‘pni ko‘rgan, mehnatkash va pok niyatli xalqi, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

Namangan ahli o‘zining boshqalarga o‘xshamaydigan, betakror an’ana va qadriyatlari bilan azaldan shuhrat qozonib keladi. Bu elga mansub bo‘lgan xislatlar – insonni qadrlash, mehr-oqibat, mehmondo‘stlik, xushmuomalalik kabi ajoyib fazilatlarni hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak baholaymiz, dedi Yurtboshimiz va quyidagi fikrlarni alohida ta’kidladi.

Shaxsan men Namangan zaminiga har safar kelganimda uni yangitdan kashf etgandek bo‘laman. Sizlar bilan shu yilning o‘zida ikki marta – dastlab mart oyida, Prezident saylovi arafasida va yaqinda, sentabr oyida bo‘lgan uchrashuvlarimizni, bugungi hayotimiz, kelajak rejalarimiz, oldimizda turgan vazifalar to‘g‘risida, farzandlarimiz tarbiyasi, dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalar va ularga bizning munosabatimiz haqida mazmunli suhbatlar qurganimizni hozir ham mamnuniyat bilan eslayman.

Namanganning qadimiy qiyofasi, asriy obidalarini oladigan bo‘lsak, bularning barchasi bu yurtning boy va ko‘hna o‘tmishga ega ekanini yaqqol tasdiqlaydi. Bu zamindagi Mug‘qal’a va Axsikent kabi arxeologik yodgorliklar, Namangan, Chortoq, Chust va Uchqo‘rg‘on shaharlaridagi tarixiy obidalar, bundan ikki ming yillar avval pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan Koson – Axsikent yer osti suv tarmog‘i ajdodlarimizning ulkan aql-zakovati, yuksak madaniyatidan dalolat beradi.

Bu diyordan yetishib chiqqan Boborahim Mashrab, Nodim Namangoniy, Ibrat, Chustiy, Habib Sa’dulla kabi shoir va allomalar butun xalqimizning faxru iftixori hisoblanadi.

Bugungi kunda sizlarning orangizda “O‘zbekiston Qahramoni” degan yuksak unvon bilan taqdirlangan insonlar, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan minglab fidoyi odamlar, el-yurtimiz o‘rtasida katta obro‘-e’tibor qozongan olimlar, ijodkor ziyolilar, madaniyat va san’at namoyandalari, mohir sportchilar Vatanimiz shuhratiga shuhrat qo‘shib kelmoqda, dedi Islom Karimov.

Xalqimizning bebaho ma’naviy boyligini, milliy urf-odat va an’analarimizni eng og‘ir zamonlarda ham asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishda Namanganga teng keladigan o‘lka o‘zi kamdan-kam topiladi, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman. Shu bois Namanganning boy tarixini, bu zaminda kamol topgan ulug‘ zotlarning ibratli hayoti va faoliyatini, bu yurt bilan bog‘liq muhim sanalarni yanada chuqur o‘rganish, ularni munosib nishonlash uchun keng ko‘lamdagi ilmiy izlanishlarni amalga oshirish barchamizning burchimizdir. Bu masala bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar o‘z takliflarini hukumatimizga kiritishi har tomonlama maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Bugungi uchrashuvimizning asosiy maqsadi, deb so‘zini davom ettirdi Prezidentimiz, Namangan viloyatini har tomonlama rivojlantirish yo‘lida amalga oshirayotgan ishlarimizni tanqidiy baholab, qo‘lga kiritilgan yutuq va marralar bilan birga mavjud muammolarni yechish, qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, barchamizni o‘ylantirib, tashvishga solayotgan dolzarb masalalar haqida siz, hurmatli deputat va faollar bilan atroflicha maslahatlashib olish, tegishli xulosalar chiqarishdan iborat.

Majlisda kun tartibidagi asosiy masalaga o‘tishdan oldin Namangan viloyatidagi bugungi ahvol, turli soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan muhim o‘zgarishlar haqida atroflicha fikr yuritildi.

Namangan viloyati, butun yurtimiz qatori, so‘nggi yillarda katta rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi. Bu fikrning tasdig‘i sifatida ko‘p-ko‘p raqam va misollarni olib kelish mumkin.

Agar faqatgina joriy yilning 9 oylik yakunlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, yalpi hududiy mahsulot 9 foiz, sanoat 17 foiz, qishloq xo‘jaligi 5 foizdan ziyod, qurilish ishlari qariyb 12 foiz, chakana va pullik xizmatlar 13 foizdan ortiq o‘sgani albatta e’tiborga loyiq.

Aytish joizki, Namangan viloyatini ham ijtimoiy, ham iqtisodiy nuqtai nazardan rivojlantirish masalasi davlatimiz, hukumatimizning e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda.

Bu haqda so‘z yuritar ekanmiz, 2009-yili qabul qilingan, Namangan shahrining me’moriy qiyofasini tubdan yaxshilash, ijtimoiy infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish va shu asosda shahar aholisining hayot darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan dastur doirasida bajargan ulkan ishlarimiz barchangizga yaxshi ma’lum, deb o‘ylayman, dedi Islom Karimov. Ushbu dasturga muvofiq 140 ga yaqin yangi obyektlar ishga tushirilib, barcha manbalar hisobidan qariyb 325 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi. Eng muhimi, bunday keng ko‘lamli qurilish va obodonchilik ishlari viloyatning barcha shahar va tumanlarida jadal amalga oshirilmoqda.

Qisqa vaqt ichida viloyat markazi bo‘lmish Namangan shahrining, barcha tumanlarning ko‘rinishi tubdan o‘zgargani, tanib bo‘lmaydigan go‘zal qiyofa va chiroy kasb etganining asosiy ijodkorlari avvalo Namangan xalqi, Namangan jamoatchiligidir.

Ayni shunday jonkuyar insonlarning harakati va astoydil mehnati evaziga Namanganda amalga oshirilgan ulkan yangilanish va ijobiy o‘zgarishlar yurtimiz tarixida haqiqatan ham chuqur iz qoldirib, kelajak avlodlarimiz qalbida minnatdorlik tuyg‘ularini uyg‘otadi, albatta.

Bugungi fursatdan foydalanib, ana shu ishlarga munosib hissa qo‘shgan barcha insonlarga chin yurakdan minnatdorlik bildirishni o‘zimning burchim deb hisoblayman, dedi Yurtboshimiz.

Sessiyada Namangan viloyatida o‘tgan davr mobaynida erishilgan yutuq va marralar qatorida ko‘pgina yo‘nalishlarda, soha va tarmoqlarda kamchiliklar, aytish mumkinki, oqsoqlik holatlari mavjud ekani qayd etilib, ularning sabablari keng tahlil etildi.

Viloyat aholisining hayotiy ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlash, katta umid bilan hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlarimizning yo‘lini ochib berish, viloyat va tumanlarda boshqaruv ishlarining samarasini oshirish nuqtai nazaridan ko‘zga tashlanadigan nuqsonlar, xulosa chiqaradigan masalalar haqida ochiq fikr almashib olindi.

Ayni vaqtda viloyatda mavjud bo‘lgan juda katta imkoniyatlar ishga solinmayotgani, eng tashvishli tomoni – ko‘p yo‘nalishlar bo‘yicha Namangan boshqa viloyatlardan orqada qolayotganini ko‘rib, afsuslanishga to‘liq asoslar borligi aytib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida viloyatda oxirgi yillarda iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilishi natijasida subvensiya, ya’ni markaz byudjetidan yordam ulushi kamaygan bo‘lsa-da, uning hajmi haligacha yuqori darajada saqlanib qolayotganiga alohida e’tibor qaratdi. Bugungi kunda mahalliy xarajatlarning 41 foizi mamlakatimiz byudjeti hisobidan qoplanib kelayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Eng achinarlisi, viloyatdagi 11 ta tumandan 10 tasida bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshib ketgan. Ayniqsa, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida bu masala o‘ta dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Holbuki, Namanganda hali ishga solinmagan shunday behisob imkoniyatlar borligini inobatga oladigan bo‘lsak, o‘zingiz ayting, bunday holat sizlarga yarashadimi, deb ta’kidladi Yurtboshimiz.

Majlisda viloyatda ma’muriy-hududiy tuzilish masalasida yuzaga kelgan jiddiy muammolar haqida ham atroflicha fikr yuritildi. Ba’zi joylarda qayerda shahar, qayerda tuman boshlanadiyu qayerda tugashini aniq bilib bo‘lmaydi. Bu borada, ayniqsa, Namangan tumani va Namangan shahrining ma’muriy chegarasini qaytadan ko‘rib chiqish talab etiladi.

Amaldagi chegaralar shunday o‘tkazilganki, shaharning rivojlanishi uchun zaxira yerlar nazarda tutilmagan va buning oqibatida tuman va shaharning yerlari tutashib ketgan. Eng yomoni, shahar va tumanlar rahbarlarining hududlarni rivojlantirish masalasidagi mas’uliyati va javobgarligi aniq emas. Bu masalani atroflicha ko‘rib chiqib, uning amaliy yechimini topishimiz kerak.

Men sentabr oyida Uychi, Mingbuloq, To‘raqo‘rg‘on tumanlarida bo‘lib, viloyat rahbariyati tomonidan ko‘pgina sohalarda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilganiga, ayni vaqtda mamlakatimiz hukumatining ham Namanganga e’tibori birmuncha susayib qolganiga ishonch hosil qildim, dedi Islom Karimov.

Yuzaga kelgan bunday ahvolning sabablari haqida gapirganda, avvalo, viloyatda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan, tashqi bozorga mahsulot chiqaradigan yirik sanoat korxonalarini qurish masalalariga yetarlicha e’tibor berilmayotganini ta’kidlash kerak. Buni keyingi yillarda viloyatning yalpi hududiy mahsulotida sanoatning ulushi atigi 11 foizga yaqinni tashkil etayotgani ham isbotlab turibdi. Holbuki, mamlakatimiz miqyosida bu raqam ikki barobardan ziyod ko‘p bo‘lib, 25 foizdan iborat. Shuning uchun ham hozirgi kunda Namangan viloyatining mamlakatimiz sanoatidagi ulushi juda past darajada – bor-yo‘g‘i 2,7 foiz bo‘lib qolmoqda. Bu albatta hech kimni qoniqtirmaydi.

Joriy yilda viloyatdagi 10 ta yirik sanoat korxonasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 36 milliard so‘mga kamaygan, aholi jon boshiga iste’mol tovarlari ishlab chiqarish esa mamlakatimizdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1,7 barobar orqada qolgan.

Eng yomoni, mavjud korxonalarning aksariyati to‘la quvvat bilan ishlamayapti. Bunga esa ishlab chiqarishga korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, menejment ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, bu borada zamonaviy usullardan foydalanish bo‘yicha deyarli siljish yo‘qligi sabab bo‘lmoqda. Natijada buyurtma portfeli nomiga shakllantirilmoqda, bir qator korxonalarning moliyaviy ahvoli yildan-yilga yomonlashmoqda, ularning texnika va texnologiyalari eskiligicha qolmoqda.

Bugungi kunda viloyat bo‘yicha 327 ta yoki jami sanoat korxonalarining 10 foizi faoliyat ko‘rsatmayotgani, 16 foizi esa past quvvat bilan ishlayotganini afsus bilan qayd etishga to‘g‘ri keladi.

Bu boradagi ahvolni xolisona tahlil qilib aytadigan bo‘lsak, viloyatning ko‘pgina tumanlarida xomashyo va ishchi resurslari, tegishli infratuzilmalar yetarli bo‘lishiga qaramasdan, zamonaviy sanoat korxonalari barpo etish bo‘yicha tashabbus va amaliy harakatlar deyarli sezilmayapti.

Shu munosabat bilan ilgari ham ko‘p bor aytgan gapni yana takrorlashga to‘g‘ri keladi – faqat paxta, g‘alla va sabzavot yetishtirish, faqat agrar soha hisobidan yangi korxonalar, uy-joylar qurish, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni o‘z vaqtida to‘lash, ijtimoiy ehtiyojlarni bajarish, ko‘payib borayotgan aholimizni boqish mumkinmi, dedi Yurtboshimiz.

O‘zingiz bir tasavvur qiling – 1991-yilda mamlakatimiz aholisi 20 million 500 ming kishi bo‘lgan bo‘lsa, mustaqillik yillarida xalqimiz 1,5 karra o‘sib, 31 milliondan oshdi.

Hammamizga ma’lum, bizning yer va suv bo‘yicha imkoniyatlarimiz cheklangan. Agar mamlakatimizda yer va suv resurslari yetarli bo‘lsa, O‘zbekistonning bugungi holati butunlay boshqacha bo‘lardi. Yer ham, suv ham tanqis bo‘lib, ekin maydonlarining aksariyat katta qismi sho‘rlangan, tuproq unumdorligi pasayib borayotgan hozirgi murakkab bir sharoitda O‘zbekiston dehqonlarining qahramonona mehnati, matonati, chidamiga tan berib, ularning oldida har qancha ta’zim qilsak, arziydi, deb ta’kidladi Prezidentimiz. Lekin takror va takror aytishni zarur deb bilaman. Bizning eng ustuvor vazifamiz – bu tarkibiy o‘zgarishlar siyosatini olib borish, sanoatni diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarishni texnik va texnologik modernizatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy etish hisobidan iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini oshirishdan iborat.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ayni shu maqsadda Namangan viloyatining sanoat salohiyati va infratuzilmasini keskin rivojlantirish bo‘yicha 2016-2019-yillarga mo‘ljallangan maxsus dastur ustida boshlangan ishlar o‘z yakuniga yetayotganini ma’lum qilib, keng ko‘lamli bu dastur haqida to‘xtalib o‘tdi.

Mazkur dastur 5 ta asosiy yo‘nalishdan iborat bo‘lib, birinchi yo‘nalish Namangan viloyatida yangi sanoat obyektlarini barpo etishga qaratilgan 16 ta yirik investitsiya loyihasini o‘z ichiga oladi. Bu haqda gapirganda, To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasini bunyod etish loyihasi haqida alohida so‘z yuritish o‘rinlidir. Birinchi bosqichda, ya’ni, 2017-yilda har biri 450 megavatt quvvatga ega ikkita eng zamonaviy bug‘-gaz turbinasini ishga tushirish bo‘yicha bugungi kunda jadal ish olib borilmoqda. Ikkinchi bosqichda, ya’ni, 2020-yilda yana ikkita ana shunday turbinani ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda.

Ana shu ulkan loyihalarni amalga oshirish hisobidan biz nafaqat Namangan viloyati, balki butun Farg‘ona vodiysining iqtisodiyoti hamda aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish, shu asosda yangi-yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Dasturning ikkinchi yo‘nalishi viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash bo‘yicha 25 ta investitsiya loyihasini qamrab oladi. Ularning orasida Namangan shahridagi “Elektr qurilmalari” aksiyadorlik jamiyatining ishlab chiqarish quvvatini oshirishga qaratilgan loyiha muhim o‘rin tutadi. Shu asnoda metall konstruksiyalar va quyi voltli elektr asbob-uskunalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Uchinchi yo‘nalish – mahalliy hokimiyat idoralari va tadbirkorlik tuzilmalarining sanoat salohiyatini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha tashabbuslari asosida tuzilgan bo‘lib, unda 177 ta loyiha o‘rin olgan. Ularning orasida Uychi tumanida xorijiy investorlar bilan birgalikda tashkil etiladigan ipak-trikotaj mahsulotlar korxonasi, Namangan shahridagi “Kamol-medfarm” mas’uliyati cheklangan jamiyatida mahalliy shifobaxsh o‘simliklardan dori-darmon va ineksiya vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, “FT tekstil grup” mas’uliyati cheklangan jamiyatida esa paxta xomashyosidan ip-kalava va tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa istiqbolli loyihalar diqqatga sazovordir.

Dasturning yana bir muhim yo‘nalishi – muhandislik kommunikatsiyalari va ishlab chiqarish infratuzilmalarini qurishga doir bir qator loyihalardan tashkil topgan. Shular qatorida Pop tumanida elektrlashtirilgan “Angren – Pop” temir yo‘li podstansiyalarini elektr bilan ta’minlaydigan inshootlarni barpo etish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, viloyatdagi foydali qazilma konlarini aniqlashga qaratilgan geologiya-qidiruv ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish va rivojlantirishga oid chora-tadbirlar ham mazkur hujjatning uzviy bir qismini tashkil etadi. Bu borada foydali qazilma konlarini topish ehtimoli bo‘lgan Pop, Chust, Kosonsoy, Yangiqo‘rg‘on, Chortoq tumanlarida geologiya-qidiruv ishlarini davom ettirish va ularning hududida yangi korxonalar qurish mo‘ljallanmoqda.

Yodingizda bo‘lsa, mustaqilligimizning dastlabki yillarida Mingbuloq tumanidagi kondan neft otilib chiqib, hammamiz qanday quvongan edik, deb fikrini davom ettirdi Islom Karimov. Lekin oradan ko‘p o‘tmasdan, neft chiqishi to‘xtab qoldi. Mutaxassislarning fikricha, bu kondagi neft yerning juda chuqur qatlamida joylashgan bo‘lib, uni qazib olish uchun eng zamonaviy va noyob uskunalar talab etiladi. Dasturda mana shu masala bo‘yicha chet ellik hamkorlar bilan qidiruv va qazish ishlarini davom ettirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar va moliyaviy manbalar belgilangan.

Muxtasar qilib aytganda, ushbu dastur doirasida kelgusi 4-yilda umumiy qiymati 5 milliard dollar bo‘lgan 250 dan ziyod loyihani joriy etish va shuning hisobidan 16 mingdan ortiq ish o‘rnini yaratish mo‘ljallanayotgani, o‘ylaymanki, bu sohada amalga oshiradigan ishlarimizning ko‘lami va miqyosidan dalolat beradi, dedi Prezidentimiz.

Majlisda viloyatda mahsulotlarni eksport qilish borasidagi vaziyat ham chuqur tahlil etildi. Misol uchun, joriy yilning 9 oyida hududiy korxonalar tomonidan 80 million dollarlik mahsulot eksport qilinib, prognoz ko‘rsatkichi 86 foiz darajasida qolib ketgani bu boradagi ishlar qoniqarsiz ekanidan dalolat beradi. Ayniqsa, Pop, Chust, Chortoq, Uchqo‘rg‘on, Namangan tumanlarida bu masala o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Bundan tashqari, fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha ishlarni ham, afsuski, birorta tumanda qoniqarli yo‘lga qo‘yilgan, deb bo‘lmaydi.

Barchamizga yaxshi ma’lum, odamlarni, avvalo, yoshlarni ish bilan band qilish, shuning hisobidan daromad topishda, aholining og‘irini yengil qilishda xizmat ko‘rsatish va servis sohasi muhim o‘rin tutadi, deb qayd etdi Islom Karimov.

Joriy yilda viloyatda xizmatlar sohasidagi o‘sish qariyb 120 foizni tashkil etib, yalpi hududiy mahsulotda ularning ulushi 50 foizdan oshganini albatta ijobiy baholash lozim. Biroq, aholi jon boshiga hisoblaganda, xizmatlar hajmi mamlakatimizdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki barobar past ekani bu tarmoqni rivojlantirish uchun hali ko‘p ish qilish zarurligini ko‘rsatadi.

Mavjud holatni o‘zgartirish uchun viloyatda kelgusi uch yilda xizmatlar sohasida 600 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ularning aksariyati aloqa va axborot, komputer xizmatlari, bank, audit, sug‘urta, moliyaviy lizing kabi zamonaviy servis turlarini qamrab olishi bilan e’tiborlidir.

Bugungi kunda har qanday davlatning taraqqiyotini iqtisodiyotning qon tomiri bo‘lgan zamonaviy transport-kommunikatsiya tarmoqlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu borada Namangan viloyatida, butun Farg‘ona vodiysida qanday ulkan ishlarni amalga oshirayotganimizdan sizlar yaxshi xabardorsiz, albatta, dedi davlatimiz rahbari. Ayniqsa, 123 kilometr uzunlikdagi “Angren – Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘lining qurilishi O‘zbekistonimiz hayotida ulkan tarixiy voqea bo‘lishi shubhasiz. Dengiz sathidan qariyb 1,5 ming metr balandlikda joylashgan, murakkab tog‘ tizmalarini kesib o‘tadigan, 19 kilometrdan ziyod tonnelni o‘z ichiga oladigan, xitoylik sheriklarimiz bilan hamkorlikda barpo etilayotgan ushbu noyob loyiha bo‘yicha hozirgi vaqtda 104 kilometr yo‘l qurib bitkazildi.

Bu zamonaviy kommunikatsiya tarmog‘i Farg‘ona vodiysini mamlakatimizning boshqa hududlari bilan temir yo‘l orqali ishonchli bog‘lash imkonini beradi. Ayni vaqtda u Yevropa va Osiyo qit’alarini bir-biri bilan bog‘laydigan transmilliy transport yo‘lagining eng muhim bo‘g‘iniga aylanishi bilan ham muhim strategik ahamiyatga egadir.

Shuningdek, viloyatda yaqin 5-yil ichida 130 kilometrdan ortiq avtomobil yo‘llari, qator yo‘l o‘tkazgichlar, transport infratuzilmasi obyektlari qurish rejalashtirilmoqda.

Sessiyada iqtisodiyotimizning hal qiluvchi tarmoqlaridan biriga aylanib borayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi Namangan viloyatida izchil rivojlanayotgani alohida e’tirof etildi. Hozirgi kunda yalpi hududiy mahsulot tarkibida bu sohaning ulushi 80 foizni tashkil etmoqda, ish bilan band aholining 82 foizdan ziyodi ushbu sektorda mehnat qilmoqda.

Shu bilan birga, bu sohada ayrim muammolar borligi ham majlisda qayd etildi. Masalan, viloyatda ro‘yxatga olingan 14 ming 765 ta kichik biznes subyektining 2 mingdan ortig‘i faoliyat ko‘rsatmayapti. Kichik biznes subyektlari o‘z ishini tashkil etishi uchun ularga binolar, yer uchastkalari ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish masalalarida hali-beri to‘siq va g‘ovlar uchrab turibdi.

Eng yomoni, turli nazorat idoralari tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashish holatlari ko‘zga tashlanmoqda. 2015-yilning o‘tgan davrida nazorat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyati yuzasidan 45 ta noqonuniy tekshirish o‘tkazilgani aniqlangan. Bu sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaqinda qabul qilingan qonun hujjatlaridan sizlar xabardorsiz, deb o‘ylayman, dedi Yurtboshimiz.

Bugun, mana shu minbardan turib, yana bir bor aytmoqchiman: bu hujjatlarda tadbirkorlik yo‘liga to‘siq va g‘ov bo‘lgan mansabdorlarni nafaqat ishdan olish, balki javobgarlikka tortish bo‘yicha huquqiy normalar kiritilgan. Agar kimki o‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilib, tadbirkorlarga yordam berish o‘rniga ularning faoliyatiga to‘siq qo‘yadigan bo‘lsa, qulog‘iga qo‘rg‘oshindek quyib olsin: bu masala bo‘yicha so‘rov va javobgarlik qattiq bo‘ladi, dedi Islom Karimov.

Majlisda alohida ta’kidlab o‘tilganidek, azal-azaldan o‘zining dehqonchilik mahorati, mirishkorlik fazilatlari bilan shuhrat qozongan Namangan ahli qishloq xo‘jaligi sohasida ham e’tiborga loyiq yutuqlarga erishmoqda.

Hozirgi vaqtda viloyatda qariyb 5 ming 500 ta fermer xo‘jaligi mavjud bo‘lib, keyingi uch yilda ularning 2 ming 730 tasi ko‘p tarmoqli xo‘jalikka aylantirildi. Buning natijasida qishloq joylarda 17 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgani ayniqsa ahamiyatlidir.

Viloyatning mirishkor dehqon va fermerlari 2015-yilda, barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, g‘alla va paxta bo‘yicha shartnoma majburiyatlarini ado etishga erishdilar, boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlaridan ham yuqori hosil olishga muvaffaq bo‘ldilar.

Fursatdan foydalanib, viloyatning dehqon va fermerlari, barcha dala mehnatkashlariga fidokorona mehnatlari uchun o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirishni ham qarz, ham farz, deb bilaman, dedi Prezidentimiz.

Bunday yutuqlarda keyingi besh yil davomida 52 milliard 300 million so‘m hisobidan qariyb 88 ming gektar maydonning meliorativ holati yaxshilangani, hech shubhasiz, eng muhim omillardan biri bo‘ldi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida erishilayotgan bunday ijobiy natijalarni e’tirof etar ekanmiz, bu borada bir qator jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi, deb fikrini davom ettirdi Yurtboshimiz. Mahalliy hokimliklar, Fermerlar kengashlari tomonidan fermerlar bilan ishlash, ularga yer maydonlarini optimal miqdorda ajratib berish, yerdan samarali foydalanish ishlari talab darajasida tashkil etilmagan.

Bugungi kunda paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi 300 dan ortiq fermer xo‘jaligining yer maydonlari 70-80 gektardan ko‘p, ya’ni, optimal darajadan yuqori bo‘lib, buning natijasida ana shu fermerlar ishni eplolmasdan, shartnoma majburiyatlarini bajara olmasdan kelmoqda. Misol uchun, joriy yilda paxtachilikda 272 ta, g‘allachilikda 153 ta fermer xo‘jaligi shartnoma majburiyatlarini bajarmagan.

Shuning uchun hozirgi kunda viloyatda yerdan samarasiz foydalangan, shartnoma majburiyatlarini bajarmagan 400 dan ortiq fermer xo‘jaligining yer maydonlari optimallashtirilib, ularning negizida 800 dan ortiq yangi fermer xo‘jaliklari tashkil etilmoqda. Paxta va g‘allachilikda o‘rtacha yer maydoni 49,5 gektardan iborat bo‘lmoqda. Bunday ishlar bog‘dorchilik va sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida ham olib borilmoqda. Buning natijasida viloyatda 20 mingdan ortiq qo‘shimcha ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Namangan zaminida g‘o‘za va g‘alla navlarini har bir hududning tabiiy va iqlim sharoitini hisobga olmasdan, noto‘g‘ri joylashtirish holatlari kuzatilmoqda. Yangi va istiqbolli navlarni sinash va rayonlashtirish, qishloq xo‘jaligi mashina va traktor parkini yangilashga yetarlicha e’tibor berilmayapti. Shu bilan birga, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash masalasi ham qoniqarli emas. Buni meva va sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash darajasi viloyat bo‘yicha 17 foizni tashkil etayotgani ham isbotlab turibdi.

Viloyatda chorvachilik va parrandachilik tarmoqlarining mahsuldorlik ko‘rsatkichi mamlakatimiz bo‘yicha eng oxirgi o‘ringa tushib qolgani barchamizni, birinchi navbatda, mahalliy rahbarlar, deputat va faollarni tashvishga solishi kerak.

Bugungi kunda Namangan viloyatining aholisi qariyb 2 million 600 ming kishini tashkil etmoqda. Keyingi 5-yilda viloyat aholisining soni 10 foizga o‘sdi. Tabiiyki, hayot o‘zgarishi bilan ana shu insonlarning talab va ehtiyojlari, orzu-niyatlari, kerak bo‘lsa, tashvish-muammolari ham ortib boradi. Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, viloyatda aholining real daromadlari 2009-yilga nisbatan jon boshiga ikki barobar ko‘paygani, shu davrda o‘rtacha oylik ish haqi qariyb ikki yarim marta, pensiya va ijtimoiy nafaqalar salkam uch marta ortganini alohida ta’kidlash lozim.

Ayni paytda aholiga xizmat ko‘rsatadigan ijtimoiy infratuzilmalar tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha ham e’tiborga loyiq ishlar qilinmoqda. Masalan, joriy yilda viloyatda 89 ta ijtimoiy soha va infratuzilma obyekti foydalanishga topshirildi, ko‘plab maktablar, bolalar sporti inshootlari, litseylar, kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, viloyatning 34 ta qishloq aholi punktini ichimlik suvi bilan ta’minlash yaxshilandi. Ana shu ishlarni izchil davom ettirish maqsadida Namangan shahrida kelgusi yilda 40 kilometr uzunlikdagi ikkinchi suv tarmog‘ini qurish va ichimlik suvi tarmoqlarini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilmoqda.

Keyingi yillarda viloyatning qishloq massivlarida namunaviy loyihalar asosida 4 mingdan ortiq uy-joy qurib foydalanishga topshirildi. Mazkur massivlarda 216 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, qariyb 100 kilometr elektr, 186 kilometr gaz tarmoqlari va 78 kilometr yo‘l hamda 114 ta infratuzilma obyekti barpo etilgani bu uylarda yashayotgan odamlar uchun qulay hayot sharoitlarini tug‘dirmoqda.

Kelgusi yilda viloyatda yana 911 ta ana shunday zamonaviy uy-joylarni tegishli muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlari bilan birga barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, bu qishloq aholisining turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Biz uchun bebaho boylik bo‘lgan odamlarimizning salomatligini asrash haqida gapiradigan bo‘lsak, oxirgi yillarda viloyat shoshilinch tibbiy yordam markazi va uning tuman bo‘limlari, bir qator yangi shifoxona va poliklinikalar bunyod qilinganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Shular qatorida 15 milliard so‘m byudjet mablag‘lari hisobidan ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va onkologiya dispanseri binosi, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

Yana bir muhim loyiha, ya’ni Namangan shahrida barcha qulayliklarga ega, Farg‘ona vodiysida yagona bo‘lgan Kardioxirurgiya markazi tashkil etilib, qiymati 1 million dollarlik zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanganini alohida qayd etish zarur. Bu esa avvallari Toshkent shahrida yoki xorijda amalga oshirilgan murakkab tibbiy operatsiyalarni shu yerning o‘zida bajarish imkonini bermoqda.

Namangan viloyatida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, yangi-yangi sport obyektlarini qurish borasida ham katta ishlar qilinmoqda.

Yaratilgan ana shunday qulay sharoitlar namanganlik yoshlar uchun parvoz maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda. Jumladan, so‘nggi paytda ularning 36 nafari xalqaro miqyosdagi sport musobaqalarida faol ishtirok etgani, 26 nafari jahon va Osiyo chempionatlarining g‘olib va sovrindorlari bo‘lgani, hech shubhasiz, barchamizni quvontiradi.

Biz uchun katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan bandlik masalasi haqida gapiradigan bo‘lsak, viloyatda har yili minglab yangi ish o‘rinlari tashkil etilayotganini albatta ijobiy baholash kerak, dedi davlatimiz rahbari. Ammo shunga qaramasdan, bugungi kunda Namanganda 52 mingdan ortiq kishi doimiy ish bilan ta’minlanmagani barchamizni, avvalo viloyat, tuman va shahar hokimlarini jiddiy tashvishga solishi lozim. Aholini, ayniqsa, yoshlarimizni ish bilan ta’minlash, bu borada kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamon dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Misol uchun, 2015-yilda kasb-hunar kollejlarini bitirib chiqqan o‘g‘il-qizlarimizning 17 foizdan ziyodi kollej va korxona hamkorlik tizimi bo‘yicha haligacha ish bilan ta’minlanmagan.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz yurtimizdagi barcha viloyat, tuman va shahar hokimlariga qarata quyidagilarni ta’kidladi: bilib qo‘yinglar, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlarini bitirib, hayotga yo‘llanma olgan yoshlarimizni zamonaviy ish bilan ta’minlamasdan, o‘z holiga tashlab qo‘yish – bu kechirib bo‘lmaydigan xato, yosh avlodimizga nisbatan xiyonatdir. Har qaysi hokimning faoliyatiga, birinchi navbatda, u boshqarayotgan hududda bu boradagi ishlar qanday yo‘lga qo‘yilganiga qarab baho berilishini yana bir bor ta’kidlash o‘rinlidir.

Hammamiz yaxshi tushunamiz, dedi davlatimiz rahbari, bugungi kunda Namangan ahli oldida turgan ulkan vazifalarni bajarishda ko‘p narsa viloyat boshqaruvida rahbarlik vazifasida o‘tirgan shaxslarga, eng avvalo, ishni to‘g‘ri tashkil etib, el-yurtni katta maqsadlar sari o‘z ortidan ergashtira oladigan birinchi rahbarning mas’uliyatiga bog‘liq. Ana shu nuqtai nazardan qarab, viloyat hokimi Bahodir Yusupovning faoliyatiga baho beradigan bo‘lsak, afsuski, oxirgi paytlarda uning ishida o‘zibo‘larchilik, beparvolik va loqaydlik, sustkashlik kayfiyati kuchayib borayotganini ko‘rish mumkin, dedi Islom Karimov.

Ma’lumki, B.Yusupov 7-yil davomida viloyatda birinchi rahbar bo‘lib ishladi. Namangandek katta bir viloyatga yetakchi bo‘lish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan bu shaxsning avvalambor keng miqyosda fikrlashga, aholining tashvish va muammolari, dardi bilan yashashga, eng muhimi, viloyatda turli soha va tarmoqlarni boshqaradigan, o‘zining qo‘l ostida ishlaydigan rahbar va mutaxassislarni yagona bir maqsad uchun birlashtirishga qurbi yetmadi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. B.Yusupov Namangan viloyati hokimi vazifasidan ozod qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tavsiyasiga ko‘ra, viloyatning Mingbuloq tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Xayrullo Bozorov Namangan viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Prezidentimiz rahbarning bugungi kundagi o‘rni va mas’uliyati, kadrlarni rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish masalasi haqida atroflicha to‘xtalib, jumladan, quyidagilarni bayon etdi.

Men ko‘p marta aytgan bir fikrni bugun yana bir bor takrorlashni o‘rinli deb bilaman. Mening mamlakat rahbari sifatida zimmamga yuklangan eng katta, eng og‘ir, shu bilan birga, o‘ta mas’uliyatli vazifa haqida gapirganda, bu avvalo kadrlarni rahbarlik lavozimlariga – bu vazirlik yoki tarmoq yetakchisi bo‘ladimi, viloyat yoki tuman rahbarlari bo‘ladimi – tanlash va tavsiya qilishdan iborat. Bu safar ham ana shunday og‘ir mas’uliyatli ishni bajarishga to‘g‘ri kelganini o‘zim uchun yana bir sinov deb bilaman. Lekin bu sinov, ochiq aytadigan bo‘lsam, barchamizning zimmamizga tushadigan sinovdir. Nega deganda, hozirgina sizlar bilan saylab-tasdiqlab olgan rahbarni barchangiz yaxshi taniysiz, uning qanday oilada, qanday muhitda tarbiya topgani, yetakchilik xususiyatlari haqida u bilan birga ishlagan odamlar sifatida mendan ham chuqurroq bilasiz.

Shuning uchun, aziz do‘stlarim, qadrdonlarim, bugun barchamiz katta bir mas’uliyatni zimmamizga olishimiz tabiiydir. Bugun hayotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan ulkan vazifalarni hal etishda sizlar yangi rahbar atrofida birlashib, unga tayanch va suyanch bo‘lasiz, Namangan vohasining obro‘-e’tiborini yangi bosqichga ko‘tarasiz, deb ishonaman. Mehnatkash, ishning negizini biladigan, dinu diyonatli Namangan ahli shu borada o‘zini ko‘rsatib, ko‘pchilikka o‘rnak va namuna bo‘ladi va ezgu maqsadlariga albatta yetadi, dedi Prezidentimiz o‘z nutqining yakunida.

Sessiyada so‘zga chiqqan Namangan davlat universiteti professori Tursunboy Fayzullayev, “Afro‘z-Kamol-Nabi” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Sobitxon No‘monov, Chust tumanidagi “Baymoq” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Mavluda Imomova va boshqalar Prezidentimizning nutqida Namangan viloyatida keyingi yillarda erishilgan yutuq va natijalar bilan birga, keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish borasida jiddiy kamchilik va muammolar borligi, ularni hal qilish yo‘llari chuqur tahlil etilib, viloyatni rivojlantirishning istiqbol rejalari, shu yo‘lda Namangan ahli oldida turgan dolzarb vazifalar aniq-ravshan ko‘rsatib berilgani, ularni amalga oshirish uchun butun viloyat aholisi bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlik bilan mehnat qilishi zarurligini alohida ta’kidladilar.

 

Manba: O'zA