Ochiqlikni ta'minlashda hamkorlikni kuchaytirish – davr talabi

Ochiqlikni ta'minlashda hamkorlikni kuchaytirish – davr talabi

Joriy yilning 13 may kuni Toshkent shahrida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli” mavzusidagi seminar bo'lib o'tdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo'mitasi hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, axborot sohasi ekspertlari va mutaxassislari, jurnalistlar, Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo'yicha Jamoatchilik kengashi a'zolari ishtirok etishdi.

Ma'lumot sifatida aytish mumkinki, Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo'yicha Jamoatchilik kengashi a'zolari tarkibiga "O'zarxiv" agentligining Bosh direktori A.X.Abdullaev ham kiritilgan.

Tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlashda fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish, aholi va keng jamoatchilikka ishonchli va tezkor axborotlar etkazishda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini amaliyotga tadbiq etish bo'yicha zarur uslubiy tavsiyalar berish, shuningdek, ochiqlikni ta'minlashda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik qilayotgan etakchi davlat organlari tajribasini o'rganishdan iborat bo'ldi.

Ma'lumki, O'zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati institutlari tizimida alohida o'ringa ega bo'lib, davlat va jamiyat qurilishi sohasida olib borilayotgan demokratik yangilanishlar va islohotlarning ochiqligi va shaffofligini ta'minlashda muhim o'rin tutadi. Istiqlol yillarida fuqarolik jamiyati institutlari hamda milliy ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga solish va qo'llab-quvvatlash borasida ilg'or demokratik standartlarga mos mustahkam qonunchilik bazasi yaratildi. “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi, “Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish to'g'risida”gi, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to'g'risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risida”gi, “O'zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to'g'risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to'g'risida”gi qonunlar bilan bir qatorda so'nggi yillarda fuqarolarning axborot va so'z erkinligi, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash borasida yangi qonun hujjatlari qabul qilindi.

Ana shunday muhim hujjatlaridan biri Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faolyatining ochiqligi to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi bo'ldi. Davlat idoralarining fuqarolar oldidagi hisobdorligi bo'yicha konstitutsiyaviy qoidaning amaliy mexanizmini o'zida aks ettirgan ushbu qonun fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatining samaradorligini oshirish, jamiyatdagi muhim ijtimoiy-siyosiy masalalar yuzasidan jamoatchilik fikrini shakllantirish, aholini ishonchli va tezkor axborotlar bilan ta'minlashning yangi imkoniyatlarini ochib berdi.

Ta'kidlash joizki, bugungi kunda mamlakatimizda 1400dan ortiq ommaviy axborot vositalari faoliyat ko'rsatmoqda. Ularning qariyb 60 foizi nodavlat ommaviy axborot voistalarini tashkil etadi. Internet tarmog'ida ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tib faoliyat yuritayotgan veb-saytlar so'nggi besh yilda 2 barobar oshib, o'tgan yil yakunida 324 tani tashkil etdi. Shuningdek, ayni paytda yurtimizda faoliyat ko'rsatayotgan 8100dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari ham davlat hokimiyati va bogshqaruvi organlari faoliyat haqidagi axborotlardan foydalanish bilan birga uni tarqatish bilan ham faol shug'ullanmoqdalar.

So'zga chiqqanlarning ta'kidlashicha, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatida ochiqlikni ta'minlashda fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari alohida ahamiyatga ega. O'z o'rnida bu boradagi ishlarning istiqboldagi samaradorligini oshirish tegishli qonunosti hujjatlarni ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etish bilan bevosita bog'liqdir. Bunda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 6 noyabrdagi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarini amalga oshirishga yo'naltirilgan kompleks chora-tadbirlar ko'rish to'g'risida”gi qarori va u asosida tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar alohida o'ringa ega.

Seminar ishtirokchilari hukumatning mazkur Qarori ijrosi yuzasidan tasdiqlangan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi monitoringini olib borish va uni baholash Metodikasi bilan tanishdilar. Tadbirda ayniqsa, “ochiqlik indeksi” bo'yicha reyting baholashda davlat organlarining ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligining samarasi alohida o'ringa egaligi ta'kidlandi.

Seminar davomida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ochqilikni ta'minlashning huquqiy asoslari, mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar haqida aholining xabardorligini oshirishda OAVning o'rniga doir masalalar bo'yicha ma'ruzalar tinglandi.

Tadbir ishtirokchilari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati bilan aholini tanishtirib borishda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi uslublar bilan tanishish barobarida etakchi nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining davlat idoralari bilan hamkorligi bo'yicha o'zaro tajriba almashdilar.

Seminar yakuni bo'yicha nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarining davlat idoralari bilan o'zaro hamkorligini kuchaytirishga doir takliflar ishlab chiqilib, aholini ishonchli va tezkor axborotlar bilan ta'minlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatida ochiqlikni ta'minlashning samarasini oshirishga doir taklif va tavsiyalar qabul qilindi.

Agentlik Axborot xizmati