Oʻzbekiston arxiv sohasi vakillari Janubiy Koreyada

Koreya Milliy arxivining taklif xatiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi arxiv sohasi vakillari 2019-yil 18-avgustdan 25-avgustgacha Koreya Respublikasining Seul shahrida boʻlib oʻtayotgan Yozuvlar va arxivlarni boshqarish taʼlim Dasturi (RAMP) boʻyicha malaka oshirish seminar-treningida ishtirok etmoqdalar.
“Yozuvlar va arxivlarni boshqarish” dasturi (Records and Archives Management Program) zamonaviy arxivlar yaratish, hujjatlar va arxivlarni boshqarish, elektron arxivlar, raqamlashtirish va raqamlashtirilgan hujjalarni saqlash, qogʻoz hujjatlarini saqlash va restavratsiya qilishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan.

Oʻquv dasturi davomida Koreya milliy arxivi rahbariyati va xodimlari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtmoqda, ochilish marosimi paytida Oʻzbekiston arxiv sohasi vakillari Koreyalik hamkasblarga esdalik sovgʻalarini taqdim etdilar. Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshligʻi S.Bekova Oʻzbekistondagi arxiv sohasining rivojlanishi tendensiyalari mavzusida taqdimot oʻtkazdi. Taqdim davomida Oʻzbekistondagi turizm salohiyati va arxivlardagi yaratilgan shart-sharoitlar bilan xorijiy xamkasblar tanishtirildi.
Koreya Respublikasida davlat boshqaruvi elektron hukumat asosida amalga oshiriladi. 2007-yildan hujjat aylanishini elektron boshqarish tizimi qogʻozsiz asosga oʻtkazildi. Uch bosqich mavjud: elektron yozuvlarni ishlab chiqarish tizimi, yozuvlarni boshqarish tizimi (Records Management System – RMS),, soʻngra Markaziy arxivlarni boshqarish tizimi (Central Archives Management System – CAMS), hujjatlarni tanlash va doimiy saqlash.