O‘zbekiston milliy arxivi yosh mutaxassisi Rossiya Perm shahridagi konferensiya ishtirokichisi bo‘ldi.

2019 yil 7-8 noyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Perm shahrida “Ulug‘ Vatan urushi. 1941-1945 yillar. G‘alabaning 75 yilligiga” nomli Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiya Perm Davlat ijtimoiy-siyosiy tarixi arxivi (Perm GASPI) tomonidan har yili o‘tkaziladigan “Perm partarxividagi noyabr tarixiy va arxiv o‘qishlari” doirasida tashkil etildi. Ushbu tadbir 1941-1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushi tarixiga bag‘ishlangan: iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning holati, Ulug‘ Vatan urushida frontlardagi harbiy harakatlar, partizan harakati va boshqalar.
Ushbu ilmiy forumda O‘zbekiston Milliy arxividan “Rejalashtirish va tashkiliy-metodik ishlar” bo‘limi ilmiy xodimi Muxamedjanova Madina ishtirok etdi va “O‘zbekiston Milliy arxivining Ikkinchi Jahon urushi tarixiga oid fondlari sharhi” mavzusida ma’ruza qildi. Shuningdek, konferensiyada Qozog‘iston, Belorusiya, Qirg‘iziston va Rossiya Federatsiyasining 20 ta viloyatlaridan kelgan 80 dan ortiq tarixchilar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Bevosita anjuman ishida 471 kishi ishtirok etdi: olimlar, arxivchilar, universitet va maktab o‘qituvchilari, o‘lkashunoslar va talabalar.