O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi va Fanlar akademiyasi Tarix instituti o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi KELIShUV

2020 yil 7 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi va Fanlar akademiyasi Tarix instituti tomonidan ikki tashkilot o‘rtasida o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

 

 

Moddiy-madaniy merosni o‘rganish, har bir avlodga maqsadga muvofiq ravishda yetkazib borish davlat va jamiyat, ijimoiy-siyosiy fanlar oldida turgan muhim vazifa sanaladi. Ma’naviy turumush asoslaridan biri bo‘lmish tarixning o‘zlikni anglash, ta’lim-tarbiyadagi ahamiyati borgan sari kuchayib bormoqda. Ushbu sharoitda, o‘tmishda yuz bergan turli voqealar, masalalar, davlatchilik va jamiyatga u yoki bu darajada ta’sir ko‘rsatgan shaxslar faoliyatiniga bo‘lgan talab va ehtiyoj yanada oshadi.
Bugungi kun O‘zbekiston tarix fanining o‘zga xos jihatlaridan biri, birlamchi arxiv manbalari asosida ilgari soxtalashtirilgan yoki atayin e’tibordan chetlashtirilgan mavzularni o‘rganish, ayniqsa, mustamlaka zamon manfaatlari nuqtai nazaridan “maxfiylashtirilgan” arxiv hujjatlarini ochish va ilmiy muommalaga kiritish dolzarbdir. Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2020 yil 16 mayda o‘tkazilgan majlisining 1-bayoni 13-bandiga ko‘ra tayyorlangan “Fanlar akademiyasi Tarix instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi” hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 72-son qarorida qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqqan holda ikki muassasa quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldilar:

 

1. “O‘zarxiv” agentligi tizimidagi davlat arxivlari fondlarida saqlanayotgan arxiv hujjatlarini aniqlash va ulardan ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishlarda unumli foydalanish;

 

2. Arxiv hujjatlaridan keng foydalanishga qaratilgan birgalikdagi fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy loyihalar dasturlarini ishlab chiqish va bajarish;

 

3. Arxivshunoslik va manbashunoslik yo‘nalishlarida ilmiy darajali (tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va tarix fanlari doktori (DcS) mutaxassislarni tayyorlashda hamkorlik qilish;

 

4. Hamkorlikda arxiv manbashunosligi va arxeografiya yo‘nalishlari bo‘yicha arxiv hujjatlari to‘plamlari, ilmiy nashrlar, yo‘lko‘rsatkichlari, hujjatli filmlar, videoroliklarni tayyorlash;

 

5.  “O‘zbek arxivshunosligi: yutuqlar, muammolar, yechimlar” umummilliy yig‘inini o‘tkazib borish;

 

6. Xalqaro va respublika ilmiy-amaliy anjumanlarini tashkil etish va o‘tkazish;

 

7. “O‘zbekiston tarixi” jurnalining “Hujjatlar tilga kirganda” maxsus ruknida noyob arxiv hujjatlarini muntazam ravishda yoritib borish;
8. Hamkorlikda media-rejalar ishlab chiqish hamda muntazam ravishda teleradio dasturlariga ruknlar tayyorlash, matbuot anjumanlari, matbuot gurunglarini tashkil etish;
9. Aniq reja va fuqarolar murojaatlari asosida shaxslar, oilalar to‘g‘risida shajaraviy izlanishlar olib borish.
10. Davlat arxivlari ilmiy ma’lumotnoma apparatini takomillashtirish, arxiv kutubxonalarini tarixiy davriy nashrlar bilan boyitish borasida hamkorlik qilish va h.q.

 

Kelajakda mazkur xamkorlik O‘zbekiston tarixi fanini rivojlantirish, yangi manbalarni ilmiy muommalaga kiritish, idoralararo ilmiy aloqalarni yanada mustaxkamlash yo‘lida xizmat qiladi. 


Manba : "Ўзархив" агентлиги Ахборот хизмати