Sog‘lom xalq, sog‘lom millat buyuk ishlarga qodir bo‘ladi

Prezidentimiz Islom Karimov raisligida 11-fevral kuni Oqsaroyda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Davlatimiz rahbari Jamg‘arma tashkil etilganidan buyon, xususan, 2015-yilda amalga oshirilgan ishlar va ularning ahamiyati to‘g‘risida atroflicha fikr yuritdi.

– Biz katta orzu-niyatlar bilan 2002-yilda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etgan edik, – dedi Yurtboshimiz. –Mana, oradan 14-yil o‘tdi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugun biz nafaqat 2015-yilda, balki ana shu o‘tgan davr mobaynida amalga oshirgan ishlarimizga ham to‘xtalsak o‘rinli bo‘ladi. Bolalar sportini rivojlantirish, uni davlat siyosati darajasiga ko‘tarish maqsadida maxsus Jamg‘arma tashkil qilib, o‘z oldimizga qo‘ygan vazifalarni ado etishda biz nimalarga erishganimiz haqida, qanday xulosalar chiqarishimiz zarurligi haqida gaplashib olsak, ayni muddao bo‘lar edi.

Birinchidan, farzandlarimiz, yosh avlodimizni bolaligidan boshlab sport bilan oshno qilish, ularning qalbida sportga havas va mehr uyg‘otish, ularni jismoniy va ma’naviy jihatdan barkamol etib tarbiyalashni mazkur Jamg‘armaning asosiy vazifasi sifatida tasdiqlab olganimiz hammamizga yaxshi ma’lum. Farzandlarimizni bolalikdan – asosan maktab yoshidan boshlab sportni o‘zining hayotdagi doimiy hamrohi deb bilishi, ular umrbod sport bilan do‘st bo‘lib qolishini, buning uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni barpo etishni o‘zimizga maqsad qilib qo‘ygan edik.

Majlisda shu borada mamlakatimizda erishilayotgan natijalar aniq raqam va misollar asosida ko‘rsatib o‘tildi.

2005-yilda yurtimizda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning 30 foizi, jumladan, qishloq joylarda 29 foizi sport bilan shug‘ullangan bo‘lsa, 2015-yilda bu raqamlar tegishli ravishda 57,2 foiz va 56 foizni tashkil etgani qayd etildi. Bunday misollar mamlakatimiz bu borada katta o‘sish va o‘zgarishga erishganidan yaqqol dalolat beradi.

Ikkinchidan, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilgan aniq maqsadli ishlarimiz natijasida o‘g‘il-qizlarimiz muntazam shug‘ullanadigan sport turlarining soni keskin ravishda oshib bormoqda. Masalan, ayni shu yoshdagi bolalar 2005-yilda 43 turdagi mashg‘ulotlarga qatnagan bo‘lsa, bugungi kunda ular 59 sport turi bilan shug‘ullanayotgani bu sohadagi yutuqlarimiz nafaqat son jihatidan, balki sifat jihatidan ham o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.

Ayniqsa, farzandlarimiz biz uchun mutlaqo yangi bo‘lgan badiiy gimnastika, suzish, sinxron suzish, tennis, taekvondo, dzyudo, karate, vaterpol, eshkak eshish kabi sport turlari bo‘yicha muntazam shug‘ullanayotgani, qit’a va jahon miqyosidagi nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, yuqori shohsupalarga ko‘tarilayotgani har qanday odamni hayratda qoldiradi, dedi Prezidentimiz.

Ilgari bugungiday zamonaviy suzish havzalari, tennis kortlari yoki gimnastika zallari yetti uxlab tushimizga ham kirmas edi. Misol uchun, suzish deganda, ariq yoki kanallarda, oddiy sanitariya talablariga ham javob bermaydigan loyqa suv va hovuzlarda cho‘milishni tasavvur qilar edik. Buning oqibatida respublikamiz aholisi, eng yomoni, bolalar o‘rtasida og‘ir kasalliklar nihoyatda ko‘payib ketgani, onalar va bolalar o‘limi bo‘yicha O‘zbekiston sobiq ittifoqda eng oldingi o‘rinlarda turgani ham kechagi tariximizdan yaxshi ma’lum.

Mustabid tuzumdan meros bo‘lib qolgan ana shunday og‘ir vaziyat tufayli 2000-yilda har 100 ming bolaning 6 mingga yaqini o‘tkir respiratorli virusli infeksiyalarga, 576 tasi pnevmoniya, 449 tasi bronxit, 310 tasi skolioz kasalligiga chalingan edi.

Keyingi yillarda keng ko‘lamdagi iqtisodiy, ijtimoiy, maishiy, tibbiy va boshqa chora-tadbirlarni izchil joriy etish, bolalar sportini tizimli asosda rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirgan ishlarimiz natijasida bugungi kunga kelib sport bilan shug‘ullanadigan 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarimiz o‘rtasida o‘tkir respiratorli virusli infeksiyalar bilan kasallanish 47,3 foizga, pnevmoniya bo‘yicha 55,6, bronxit bo‘yicha 61,7, skolioz bo‘yicha 45,5 foizga kamaygani biz erishgan eng muhim natija sifatida albatta barchamizni quvontiradi, deb qayd etdi Islom Karimov. Bunday ijobiy o‘zgarishlarni har qaysi ota-ona o‘z oilasi, o‘z farzandlari misolida ko‘rib, sportning bu boradagi ta’siri va ahamiyatini tobora chuqur anglab yetmoqda.

Uchinchidan, qiz bolalarni ommaviy sportga jalb etish borasidagi amaliy ishlarimiz haqida ham alohida to‘xtalib o‘tishimiz zarur. Bu ko‘rsatkichlar 2005-yilda 24 foizni, jumladan, qishloq joylarda 22 foizni tashkil etgan, xolos. Bugungi kunda qiz bolalarning 47 foizi, qishloq joylarda esa 44,7 foizi sport bilan muntazam shug‘ullanib kelayotgani barchamizga mamnuniyat yetkazadi.

Viloyatlar miqyosida olib qaraganda, 2015-yilda qiz bolalarning sport bilan shug‘ullanishi Farg‘ona viloyatida 47,6 foizni, Namangan viloyatida 47,5, Samarqand va Xorazm viloyatlarida 47,4 foizni tashkil etgani e’tiborga loyiq, albatta.

Bu ishlarni yanada izchil davom ettirishimiz kerak, dedi Prezidentimiz. Chunki qizlarimiz timsolida biz avvalambor bo‘lg‘usi onalarni, xalqimiz, millatimizning umidi va tayanchi hisoblangan kelajak avlodni dunyoga keltirib, voyaga yetkazadigan naslimiz davomchilarini ko‘ramiz. Qiz bola sog‘lom va baxtli bo‘lsa, u quradigan oila ham, uning mevasi bo‘lmish bola ham sog‘lom va baxtli bo‘ladi. Oila sog‘lom va baxtli bo‘lsa, butun jamiyat baxtli va farovon bo‘ladi. Buni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz zarur.

Qizlarimizni sportga qiziqtirish, ular o‘rtasida sportni ommalashtirish maqsadida ayol murabbiyalar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratib, bu borada maxsus qarorlar qabul qilganimiz o‘z samarasini bermoqda, dedi davlatimiz rahbari. Ilgari sport sohasida ayol murabbiyalarni topish qiyin edi. Qishloq joylarda bunday mutaxassislar deyarli yo‘q edi.

Ana shularning barchasini inobatga olib, yuksak malakali sport murabbiylari, jumladan, xotin-qiz murabbiyalar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha yurtimizda yangi, samarali tizim joriy etilgani bugungi kunda o‘z natijasini bermoqda. Buning tasdig‘ini 2015-yilda sport bo‘yicha murabbiy va o‘qituvchilar 2005-yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘payganida, jumladan, ayol sport ustozlari 3,8 barobar oshganida ko‘rish mumkin.

To‘rtinchidan, bolalarimiz kelajagini o‘ylab olib borayotgan mana shunday ishlarimiz farzandlarimizning jismoniy kamolotida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda, deb ta’kidladi Yurtboshimiz. Masalan, O‘zbekistonda bo‘y ko‘rsatkichlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga mos keladigan 14 yoshli o‘g‘il bolalarning ulushi bugungi kunda Toshkent shahri bo‘yicha 97,9 foizni, Namangan viloyati bo‘yicha 97,6, Qashqadaryo viloyati bo‘yicha 97,1, Buxoro viloyati bo‘yicha 96,8 foizni, mamlakatimiz bo‘yicha 94,2 foizni tashkil etmoqda. Boshqacha qilib aytganda, 14 yoshdagi o‘g‘il-qizlarimizning bo‘yi keyingi o‘n yilda o‘rtacha 2,8 santimetrga o‘sganini alohida ta’kidlash lozim.

Ayni shu yo‘lda amalga oshirgan ishlarimizning yana bir muhim natijasini harbiy xizmatga yaroqli deb topilayotgan yigitlar soni 2000-yildagi 63,4 foizdan 2015-yilda 86,3 foizga yetgani, ularning bo‘yi shu davrda 5,9 santimetrga o‘sib, o‘rtacha 171,7 santimetrni, vazni esa 6,2 kilogrammga ortib, 67,8 kilogrammni tashkil etayotgani misolida ko‘rishimiz mumkin.

Beshinchidan, barchamizga ayonki, sport bilan muntazam shug‘ullanish bolalarimiz, yoshlarimizning sog‘lom qarashlarini shakllantiradi va irodasini toblaydi, ularning mard va jasur insonlar bo‘lib kamol topishi, turli-tuman sinov va qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tishga qodir bo‘lishi uchun mustahkam zamin yaratadi. Eng muhimi, sport bilan do‘st bo‘lgan bolalar biz uchun mutlaqo begona va zararli oqimlarga qo‘shilib ketmaydi, dedi Islom Karimov.

Bugungi kunda shahar va qishloqlarimizda yangidan barpo etilgan zamonaviy futbol maydonlarida yoshlarimiz o‘zlarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazmoqda. Bunday ishlar o‘z samarasini bermoqda. Hayotimiz o‘zgarmoqda, ongimiz, dunyoqarashimiz o‘zgarmoqda, o‘zimizga, o‘z sog‘lig‘imizga, kelajagimizga munosabatimiz o‘zgarmoqda va bu jarayonda boshqa ko‘pgina ijobiy omillar qatori avvalo sport katta ta’sir ko‘rsatmoqda.

Oltinchidan, hech kimga sir emas, sport salomatlikni mustahkamlash bilan birga, har qaysi mamlakat, har qaysi davlatni olamga mashhur qiladigan beqiyos vositadir. Xalqaro maydonlarda sportchilarimiz erishayotgan yutuqlar qalblarimizda g‘urur-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi, ona Vatanimizga bo‘lgan muhabbat hissini yanada yuksaltiradi.

Bizning qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz taraqqiyotida har tomonlama faxrlanishga arziydigan buyuk allomalar, noyob obidalar, yengilmas sarkardalar, pahlavon va bahodirlar juda ko‘p bo‘lgan. Bugun yoshlarimiz ana shunday ulug‘ ajdodlarimizning vorislari sifatida barcha jabhalarda, jumladan, sportda ham dunyo miqyosida eng yuksak shohsupalarga ko‘tarilib, xalqimizning g‘urur va iftixorini oshirmoqda.

O‘zingiz ayting, eski tuzum davrida jahon miqyosida o‘tadigan bironta musobaqada “o‘zbek”, “O‘zbekiston” degan nomlar bugungidek jaranglab, millionlab insonlar qalbida aks-sado berganini birov eshitganmi, Vatanimiz bayrog‘i shunchalar baland ko‘tarilganini ilgari birov ko‘rganmi, deb alohida ta’kidladi Yurtboshimiz.

Barchamizga mamnuniyat yetkazadigan tomoni shundaki, iste’dodli o‘g‘il-qizlarimiz xalqaro maydonlarda qo‘lga kiritayotgan katta g‘alabalari bilan O‘zbekiston yoshlarining hech kimdan kam emasligini takror va takror namoyon qilmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, birgina o‘tgan yili 1 ming 668 nafar sportchimiz, jumladan, 567 nafar qizimiz 165 ta xalqaro musobaqada ishtirok etib, 983 ta medalni qo‘lga kiritganini, yosh iqtidorli musiqachi va ijrochilarimiz nufuzli xalqaro tanlovlarda 137 ta sovrinli o‘ringa sazovor bo‘lganini va ularning 76 tasi Gran-pri va birinchi o‘rin ekanini aytish joiz.

Men mana shunday yuksak marralarni qo‘lga kiritayotgan bolalarimizni millionlab O‘zbekiston yoshlarining munosib vakillari, deb bilaman. Aynan ana shunday azmu shijoatli o‘g‘il-qizlarimiz o‘z yutuqlari bilan ming-minglab tengdoshlariga ibrat bo‘lmoqda, ularni ham katta maqsadlar yo‘lida ruhlantirmoqda, dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz sport jihozlari va kiyimlari ishlab chiqarishda ularning sifatli, qulay, xalqaro standartlarga mos bo‘lishi zarurligiga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, sport anjomlarini ishlab chiqarish uchun litsenziya berishni yo‘lga qo‘yish, bu borada ham raqobat muhitini rivojlantirish kerakligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari qizlarni jismoniy tarbiya va sportga yanada keng jalb etish, suzish havzalarida ular uchun qulay sharoit yaratish, buning uchun xotin-qizlar qo‘mitalarining faolligini oshirish zarurligini alohida ta’kidladi.

Yettinchidan, farzandlarimizni sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazishda jismoniy tarbiya va sport bilan bir qatorda san’at tarbiyasi, musiqiy tarbiya ham beqiyos ahamiyatga egadir. Chunki jismoniy tarbiya va sport odamning irodasini tarbiyalab, sog‘lig‘ini mustahkamlashga hissa qo‘shsa, musiqa san’ati uning ruhiga oziq beradi, qalbini, eng nozik tuyg‘ularini kamolga yetkazadi.

Musiqa eshitadigan, musiqa bilan shug‘ullanadigan odam yomonlikdan albatta uzoq bo‘ladi. Shuning uchun ham biz bolalar sporti obyektlarini qurish bilan birga, bolalar musiqa va san’at maktablarini barpo etish masalasiga ham ustuvor vazifa sifatida alohida ahamiyat qaratib kelmoqdamiz.

Bu boradagi ishlarimizning dastlabki natijalarini mamlakatimizning qishloq tumanlari misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, e’tiborga molik katta ishlarni amalga oshirganimiz ayon bo‘ladi, dedi Islom Karimov.

Bugungi kunda yurtimizdagi 157 qishloq tumanida 191 bolalar musiqa va san’at maktablari barpo etildi.Ba’zi hududlarda, misol uchun, Andijon viloyatining 14 tumanida 20 ta, Samarqand viloyatining 14 tumanida 19 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasining 14 tumanida 16 ta, Farg‘ona viloyatining 15 tumanida 16 ta musiqa va san’at maktablari qurilib, zamonaviy musiqa asboblari, yuksak malakali pedagoglar bilan ta’minlangani, boshqa viloyatlarimizda ham shunday ishlar olib borilayotgani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga loyiqdir.

Mutlaqo yangicha asosda bunyod etilgan aynan ana shunday ta’lim-tarbiya, sport va madaniyat maskanlarida zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan, mustaqil fikrlaydigan, O‘zbekistonning buyuk kelajagini o‘z kuch-quvvati, o‘z aql-zakovati bilan quradigan yosh avlodimiz kamol topayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi.

Ana shunday yoshlarga ega bo‘lgan, o‘z oldiga yuksak va ulug‘ maqsadlar qo‘yib yashayotgan xalqni o‘z yo‘lidan aslo to‘xtatib bo‘lmaydi, u o‘z maqsad-muddaolariga albatta erishadi, dedi Prezidentimiz.

Majlisda mamlakatimizda 2016-yilga Sog‘lom ona va bola yili deb nom berilgani xalqimiz tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlanayotgani bu qaror el-yurtimizning ayni ko‘nglidagi muddao bo‘lganidan dalolat berishi ta’kidlab o‘tildi.

Shu ma’noda, joriy yil o‘zining maqsad va vazifalari bilan Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatida yangi bir bosqich bo‘lishi muqarrar, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Sport mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalashning eng muhim va kuchli omili bo‘lib kelmoqda va kelgusida ham shunday bo‘lib qolishi shubhasiz. Chunki, sport – bu avvalo sog‘lom avlod, sog‘lom kelajak degani. Binobarin, faqat sog‘lom xalq, sog‘lom millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi, dedi Islom Karimov.

Sog‘lom avlodni voyaga yetkazishda jismoniy tarbiya va sportning rolini oshirish, bu boradagi mavjud moddiy-texnik baza va kadrlar salohiyatini jahon standartlari asosida yanada mustahkamlash, eng muhimi, sportga mehr har bir bola, har qaysi oila hayotiga chuqur kirib borishiga erishish eng muhim, doimiy vazifamiz bo‘lib qoladi, dedi o‘z so‘zining yakunida Prezidentimiz.

Yig‘ilishda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi va kelgusi 5-yil uchun mo‘ljallangan rejalar, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, Toshkent shahrida Oliy mahorat sport maktablari barpo etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Muhokama etilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri R.Azimov, Bosh vazir o‘rinbosari B.Zokirov, xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori E.Iskandarov, qator vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat hokimlarining axboroti tinglandi.

Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Manba: O'zA