Bugun O'zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Jumhuriyati prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g'an ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o'tkazishdi.

«Biz Turkiya Respublikasiga ulkan siyosiy, iqtisodiy va harbiy salohiyatga ega bo'lgan, xalqaro maydonda obro'-e`tibori tobora ortib borayotgan yirik davlat sifatida qaraymiz. Ota yurtingiz — O'zbekistonning eshiklari sizlar kabi yaqin qardoshlarimiz uchun doimo ochiq», — deya O'zbekiston prezidentining so'zlarini keltirmoqda prezidentning rasmiy sayti.

«Anado'lu» agentligining xabar berishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonning turkiy tilli davlatlar hamkorligi Kengashiga qo'shilishi haqida ham qaror qabul qilganini aytib o'tgan.

«Biz bu masalani prezident Erdo'g'an bilan uzoq muhokama qildik. O'zbekiston bayrog'i mazkur tashkilotning boshqa ishtirokchi davlatlari bayroqlari qatoridan o'z joyini egallaydi. O'zbekiston Bishkekda o'tadigan keyingi yig'ilishda ishtirok etadi. Bu o'ta muhim va buyuk qaror», — degan Mirziyoyev.


Manba : Kun.uz