O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI

HUZURIDAGI "O`ZARXIV" AGENTLIGI


Xalqaro Arxivlar Kengashining kongressi bo‘lib o‘tdi

Joriy yil 5-10 sentyabr kunlari Koreya Respublikasining Seul shahrida Xalqaro Arxivlar Kengashining kongressi hamda “Arxivlar va fondlarni boshqarish” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Mazkur Kongressda O'zbekiston arxivlari nomidan "O'zarxiv" agentligi Bosh direktori o'rinbosari D.Kucharova rahbarligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Mazkur Kongress har 4 yilda bir marotaba o‘tkazilib, Xalqaro Arxivlar Kengashining barcha a’zolari ishtirokida arxiv sohasidagi dolzarb masalalardan kelib chiqqan holda tashkil etiladi. Kongress 3 kun davomida Seul shahrining COEX xalqaro biznes markazida, “Arxivlar va fondlarni boshqarish” mavzusidagi seminar –trening 3 kun davomida Koreya Milliy arxivida tashkil etilib, arxiv sohasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha mavzularda o‘z ishini olib bordi.

Kongressda jami 60 ta davlatdan 2000 dan ortiq arxiv vakillari ishtirok etdilar. Ma’ruzalar 21 ta seksiyalarda o‘tkazildi.

Ma’ruzalar hozirgi davrda arxivlarni elektron hujjatlar bilan jamlash, shu jumladan arxivlardagi mavjud tarixiy hujjatlarni raqamlashtirish orqali elektron nusxalarini yaratish hamda ulardan foydalanish kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlanib, bu boradagi dunyo arxivlari tajribasi o‘rganildi va ma’ruzalar yakunida muhokamalar o‘tkazildi.

Shuningdek, Kongress doirasida Koreyaning Milliy arxivi faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Agentlik Axborot xizmati