O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI

HUZURIDAGI "O`ZARXIV" AGENTLIGI

Savol :

Arxivlardan ma'lumotnomalarni olish uchun shaxsan borish kerakmi yoki boshqa yo'li ham bormi?


Javob :

 Arxivlardan ma'lumotnomalarni olish uchun shaxsan borishi, bundan tashqari elektron tarzda rasmiy veb saytlar yoki Yagona interaktiv xizmatlar davlat portali orqali, an'anaviy pochta orqali ham murojaat qilish mumkin.

Savol :

Firma hujjatlarini firmada saqlashga joy yoki xona bo'lmasa ularni arxivga topshirish mumkinmi ?


Javob :

Mumkin arxivlar depozitar tarzda sharnoma asosida vaqtincha saqlovga korxona, tashkilot, muassasalar (jumladan firmalar) hujjatlarini qabul qilishi va saqlab berishi mumkin.

Savol :

Arxivlardan ish xaqqi yoki ish staji xaqidagi ma'lumotnomalarni olish pullikmi yoki bepulmi?


Javob :

 Arxivlardan ish xaqqi yoki ish staji xaqidagi ma'lumotnomalarni berish bepul amalga oshiriladi.

Savol :

Davlat arxivlariga fuqarolarga arxiv hujjatlarini topshirishda imtiyozlar bormi?


Javob :

Agar fuqaroning arxiv hujjati O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilishiga loyiq deb baholansa, uning mulkdoriga O'zbekiston Respublikasi Vazirdar Mahkamasi tomonidan 1999 yil 30 oktyabrdagi №482 qarori bilan tasdiqlangan maxsus guvohnoma beriladi. Agar arxiv hujjati fuqaroning o'zida saqlanayotgan bo'lsa unga arxiv xodimlari tomonidan bepul uslubiy yordam ko'rsatiladi. Davlat arxivlariga qabul qilingan Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan fuqarolarning shaxsiy arxiv hujjatlariga davlat arxivlari tomonidan bepul ilmiy texnikaviy ishlov beriladi, ta'mirlash va qayta tiklash (restavratsiya) ishlari o'z vaqtida amalga oshiriladi, hujjatlarga arxiv ro'xati tuzilib, har bir hujjat davlat ro'yxatidan o'tkaziladi.

Umuman olganda, O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga kiritilgan jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari to'g'risidagi ma'lumotlar Milliy arxiv fondining davlat katalogiga muntazam ravishda kiritilib boradi.

Savol :

Davlat arxivlari jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini sotib olishlari ham mumkinmi?


Javob :

O'zbekiston Respublikasi “Arxiv ishi to'g'risida”gi Qonunning 20-moddasiga asosan fuqaroning davlat va jamiyat uchun ahamiyatga ega bo'lgan arxiv hujjatlari sotilayotganda davlat arxivlari imtiyozli sotib olish huquqiga ega bo'ladi.

Savol :

Agar fuqaroni shaxsiy arhiv hujjatlari Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilmagan bo'lsa, uning o'zi davlat saqloviga shaxsiy tashabbus bilan topshirishi mumkinmi?


Javob :

O'zbekiston Respublikasi “Arxiv ishi to'g'risida”gi Qonunning 23-moddasiga ko'ra jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari arxivlar, muzeylar va kutubxonalarga depozitar saqlash uchun topshirilishi mumkin. Bunda tegishli muassasa bilan fuqaro o'rtasida shartnoma imzolanib, uning hujjatlarini saqlash tomonlar kelishgan to'lov asosida ma'lum bir vaqt davomida saqlab beriladi.

Savol :

O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibiga fuqaroning hujjatlarini kiritish to'g'risidagi qaror kim tomonidan qabul qilinadi?


Javob :

O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibiga kiruvchi hujjatlarni aniqlash bilan bog'liq masalalarni ko'rib chiqish O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O'zarxiv” agentligi qoshida faoliyat yuritayotgan Markaziy ekspert tekshiruv komissiyasi (METK) yoki tegishli davlat arxivlari foshidagi Ekspert tekshiruv komissiyasi (ETK) yoki Ekspert tekshiruv uslubiy komissiyasi (ETUK) tomonidan amalga oshiriladi.

Savol :

Davlat arxivlarida saqlanayotgan jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini kirib ko'rishda qanday cheklanishlar mavjud?


Javob :

O'zbekiston Respublikasi “Arxiv ishi to'g'risida”gi Qonunning 27-moddasiga asosan hujjatlarning but saqlanishini ta'minlash maqsadida kirib ko'rish cheklanishi mumkin. Shuningdek, fuqarolarning shaxsiy hayoti to'g'risidagi yoki ularning hayoti va xavfsizligiga tahdid tug'diruvchi ma'lumotlarni o'z ichiga olgan arxiv hujjatlarini kirib ko'rishga doir cheklovlar arxiv hujjatlari tayyorlangan vaqtdan e'tiboran etmish besh yil muddatga belgilanadi. Ushbu muddatdan oldin mazkur hujjatlarni kirib ko'rishga fuqaroning o'zi tomonidan, uning vafotidan so'ng esa shu fuqaroning merosxo'rlari tomonidan ruxsat berilishi mumkin.

Savol :

Fuqaroning shaxsiy arxiv hujjatlari davlat arxiviga topshirilgandan so'ng mulk shakli o'zgaradimi?


Javob :

2010 yil 15 iyunda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi “Arxiv ishi to'g'risida”gi Qonunning 14-moddasiga asosan jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga kiritiladi va 4-moddaga ko'ra ular fuqaroning xususiy mulki bo'lib saqlanib qoladi. Vafot etgan fuqarolarning Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo'lmagan qismi tarkibiga kiritilgan shaxsiy arxiv hujjatlari, vasiyatnoma yoki qonun bo'yicha merosxo'rlar bo'lmaganda, shuningdek arxiv hujjatlarining mulkdorini aniqlash imkoniyati bo'lmagan taqdirda, davlat mulkiga o'tadi.

Savol :

Qanday fuqarolarning shaxsiy arxiv hujjatlari davlat arxivlariga qabul qilinadi?


Javob :

Buning uchun ma'lum mezonlar belgilanganmi? Ha albatta. Ma'lum bir fuqaroni arxiv hujjatlarini davlat saqloviga begaraz qabul qilish uchun eng avvalo O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012 yil 29 martda ro'yxatdan o'tkazilgan (ro'yxat raqami №2347) “Hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasini o'tkazish tartibi to'g'risidagi Nizom”ning 9-12 bandlariga asosan hujjatlarning kelib chiqishi, mazmuni va tashqi o'ziga xosliklarining tegishli mezonlarini kompleks qo'llash yo'li bilan tarixiylik, tizimlilik va butlilik tamoyillari asosida amalga oshiriladi. Bunda hujjat muallifi davlat va jamiyat rivojlanishi uchun qo'shgan xissasi inobatga olinadi. Boshqacha qilib aytganda davlat arxivlariga asosan taniqli davlat arboblari, fan va madaniyat nomoyondalari, ma'lum bir sohada xizmat ko'rsatgan fuqarolarning hujjatlari qabul qilinadi. Shuningdek, agar ma'lum bir fuqaroga meros bo'lib qolgan hujjatlarda saqlanayotgan axborotning qimmatliligi; hujjatning turi va ko'rinishi; tashqi o'ziga xosligi (hujjatning tashqi ko'rinishi, ko'rsatma, qayd yozuvi va belgilarning mavjudliligi); hujjatlardagi badiiy, paleografik, tilga oid va boshqa xususiyatlari bo'yicha tegishli mutaxassislar bergan xulosaga ko'ra ham saqlovga qabul qilinishi mumkin. Umuman olganda, mazkur mezonlar asosida jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritiladi va ular davlat arxivlariga qabul qilinganda muddasiz (doimiy) salovga bepul qabul qilinadi.

Savol :

Agar tugatilgan tashkilot, korxonalar o'z hujjatlarini arxivlarga topshirmasa qanday javobgarlikka tortiladi?


Javob :

Eng avvalo tugatilgan tashkilot o'z hujjatlarini arxivga saqlash uchun topshirmasa ma'naviy javobgarlikdan tortib, ma'muriy va jinoiy javobgarliklar nazarda tutilgan. Masalan, har qanday tashkilotda ishlagan xodimlarda vaqt o'tishi bilan o'z ijtimoiy-huquqiy manfaatlarini ximoya qilish ehtiyoji tugiladi. Bunday hollarda albatta tashkilotning boshqaruv hujjatlaridan tortib, shaxsiy tarkib hujjatlariga murojaat etish zarur bo'ladi. Vaholanki, 2014 yil 3 dekabrda qabul qilingan “Yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari to'g'risida”gi konunga asosan fuqarolar o'z mehnat faoliyati bilan bog'liq bo'lgan ma'lumotlarni bepul olish huquqlariga ega ekanligi ko'rsatib o'tilgan. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi “Arxiv ishi to'g'risida”gi qonunning bir nechta moddalarida ham yuridik shaxslar o'z hujjatlarini but saqlanishini ta'minlashi shartligi belgilab qo'yilgan. Umuman olganda, qonunchilikda arxiv ishi va hujjat yuritish tartibi to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi ham nazarda tutilgan.

Savol :

Ixtiyoriy tugatilgan tadbirkorlik sub'ektlari o'z hujjatlarini davlat saqloviga topshirmasa ham davlat ro'yxatidan chikarilishi mumkinmi?


Javob :

Yo'q albatta, chunki O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 27 apreldagi PQ-630-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik sub'ektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to'xtatish tartibi to'g'risida Nizom”ning 49-bandiga asosan Nizomda ko'rsatilgan hujjatlar to'liq taqdim etilmasa Ro'yxatdan o'tkazgan organ korxona tugatilganligi to'g'risidagi yozuvlarni davlat reestriga kiritishni rad etishi ko'rsatib o'tilgan.

Savol :

Arxivlarda hujjatlarni depozitar saqlash narhlarini kim belgilaydi?


Javob :

Yuqorida qayd etib o'tgan “Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlar to'g'risidagi Nizom”ga asosan davlat arxivlari “O'zarxiv” agentligi tomonidan tasdiqlangan xizmatlar nomenklaturasi va narhnoma (preyskurant) asosida pullik xizmatlarni amalga oshiradi. Narhlar belgilanayotganda arxivlar tomonidan topshirilayotgan hujjatlar talab darajasida tartibga keltirilganligi, hujjatlarning arxiv ro'yxatlari tuzilganligi, yig'majildlar miqdori va saqlash muddati davriyligi hisobga olinadi. Ya'ni agar tugatilgan tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar belgilangan tartibga javob bermasa, bularning hammasi qo'shimcha ish sifatida shartnomada ko'rsatib o'tiladi va ular yuzasidan tegishli narhlar belgilanadi. Tabiiyki, faqat depozitar saqlov shartnomasi bo'yicha ko'rsatiladigan xizmatlar narhi, hujjatlarni tartibga keltirish, arxiv ro'yxatlari va hujjatlarni topshirish-qabul qilish dalolatnomalarni tuzish kabi qo'shimcha ishlarni talab etuvchi shartnomada belgilangan narhlardan ancha arzon turadi.

Savol :

Ixtiyoriy tugatilgan tadbirkorlik sub'ektlarining hujjatlari davlat saqloviga pullik shartnoma asosida qabul qilinishi qonuniymi?


Javob :

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 5apreldagi 101-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlar to'g'risidagi Nizom”ning 3-bo'limi, 4-bandining d-qismiga asosan davlat arxivlari o'z jamlash manbalaridan O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan, idoraviy saqlov muddati tugagan va tartibga keltirilgan hujjatlarni bepul saqlovga qabul qilishi ko'rsatib o'tilgan. Davlat arxivlarining jamlash manbaiga kiritilgan yuridik shaxslarga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 30 oktyabr 482-sonli qarorining 2-ilovasida tasdiqlangan shaklda maxsus guvohnoma beriladi. Demak, agar ixtiyoriy tugatilgan tadbirkorlik sub'ektlari davlat arxivlarini jamlash manbaiga kiritilmagan bo'lsa, hujjatlarini saqlash pullik shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Savol :

Tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan davlat arxivlariga asosan qanday hujjatlar topshiriladi?


Javob :

Amaldagi qonun hujjatlari talablari doirasida, ya'ni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 5 apreldagi 101-sonli qarorining 1 ilovasi bilan tasdiqlangan “Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va foydalanish tartibi to'g'risidagi Nizom”ning 5-paragrafiga asosan tugatilayotgan yuridik shaxslar arxivlarga saqlov muddati tugamagan barcha boshqaruv hujjatlari va o'z korxonasida ishlagan xodimlar faoliyatiga doir shaxsiy tarkib hujjatlarini tartibga keltirilgan holda arxiv va tugatish komissiyasi o'rtasida imzolangan shartnoma asosida topshirishlari shartligi belgilangan. Zarur hollarda tadbirkorlik sub'ektlarini tugatish jarayonida hujjatlarni tartibga keltirish ishlari tugatish komissiyasi (tugatuvchi) tomonidan amalga oshiriladi.

Savol :

Ixtiyoriy tugatilgan tadbirkorlik sub'ektlari davlat arxivlariga o'z hujjatlarini topshirishga majburmi?


Javob :

Ha, albatta. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 27 apreldagi PQ-630-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik sub'ektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to'xtatish tartibi to'g'risida Nizom”ning 33-bandiga asosan tugatuvchi asosiy hisob raqami yopilgandan keyin uch ish kuni mobaynida davlat arxiviga korxonaning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha buxgalteriya va boshqa hujjatlarini topshirishi shartligi belgilangan. Ushbu qarorning 46-bandida esa tugatuvchi korxonani davlat reestridan chiqarish uchun ro'yxatdan o'tkazgan organga ixtiyoriy tugatish to'g'risidagi e'lon chiqqan sanadan keyin bir oydan erta bo'lmagan muddatda korxona hujjatlari davlat arxiviga topshirilganligini tasdiqlovchi ma'lumotnomani taqdim etish kerakligi ham ko'rsatib o'tilgan.
Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi “Arxiv ishi to'g'risida”gi qonunning 5-moddasi 2-xatboshisiga ko'ra “korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tugatilayotganda ularning arxiv hujjatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli davlat arxivlariga topshiriladi” – deb belgilangan. Demak, o'z faoliyatini ixtiyoriy ravishda to'xtatayotgan yuridik shaxslar davlat arxivlariga hujjatlarini topshirishlari tegishli me'yoriy hujjatlarda o'z aksini topgan.