O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI

HUZURIDAGI "O`ZARXIV" AGENTLIGI


O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

"O'zarxiv" agentligi  to'g'risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

II. "O'zarxiv" agentligining asosiy vazifalari va funktsiyalari

III. "O'zarxiv" agentligining huquqlari va javobgarligi

IV. "O'zarxiv" agentligi faoliyatini tashkil etish

I. UMUMIY QOIDALAR

1. Ushbu Nizom O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "O'zarxiv" agentligining (keyingi o'rinlarda "O'zarxiv" agentligi deb yuritiladi) maqomi, vazifalari, funktsiyalari, vakolatlari va faoliyatining tashkiliy asoslarini "Arxivlar to'g'risida", "Madaniy meros ob'ektlarini qo'riqlash va ulardan foydalanish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonunlariga hamda "O'zarxiv" agentligi faoliyatiga taalluqli O'zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlariga muvofiq belgilaydi.

2. Qoraqalpog'iston Respublikasi va Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmalari, O'zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar davlat arxivlari va ularning filiallari, Toshkent shahar Davlat arxivi "O'zarxiv" agentligi tizimiga kiradi.

3. "O'zarxiv" agentligi respublikada arxiv ishi sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi va bevosita O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo'ysunadi.

4. "O'zarxiv" agentligi o'z faoliyatida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O'zbekiston Respublikasi qonunlariga, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa qonun hujjatlariga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga va ushbu Nizomga amal qiladi.

5. "O'zarxiv" agentligi xalqaro tashkilotlarda arxiv ishi va uni yuritish sohasida O'zbekiston Respublikasi nomidan vakillik qiluvchi vakolatli organ hisoblanadi.

6. "O'zarxiv" agentligi o'ziga yuklangan vazifalarni bevosita, shuningdek o'z faoliyatini Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishgan holda "O'zarxiv" agentligi tomonidan tasdiqlangan ular to'g'risidagi nizomlar asosida amalga oshiruvchi, o'ziga bo'ysunadigan hududiy organlar orqali hal qiladi.

II. "O'ZARXIV" AGENTLIGINING ASOSIY VAZIFALARI VA FUNKTSIYALARI

7. Quyidagilar "O'zarxiv" agentligining asosiy vazifalari hisoblanadi: arxiv ishi va uni yuritish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
arxiv ishi sohasidagi qonun hujjatlarining amalda bajarilishini va ularga rioya etilishi ustidan ta'sirchan nazoratni ta'minlash;
O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini shakllantirish, ularning saqlanishini, davlat hisobini ta'minlash va ulardan foydalanish; arxiv ishining holatini tahlil qilish, tendentsiyalari va qonuniyatlarini o'rganish, uni rivojlantirish yo'nalishlarini belgilash; respublika davlat arxivlarini boshqarish, ularning faoliyat ko'rsatishini ta'minlash;
 respublikada arxiv ishini yanada rivojlantirish va takomillashtirish bo'yicha takliflar ishlab chiqish; arxivshunoslik va arxeografiya sohasida ilmiy va metodik ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini va ilmiy-texnika yutuqlarini respublika arxiv muassasalari ishlari amaliyotiga joriy etish;
arxiv ishi sohasidagi mamlakatimiz va chet el ilg'or ish tajribasini o'rganish va ommalashtirish.
8. "O'zarxiv" agentligi o'ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funktsiyalarni bajaradi: respublika arxiv ishi va uni yuritishning milliy dasturlarini va kontseptsiyalarini ishlab chiqadi hamda amalga oshirilishini tashkil qiladi;
O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondini hujjatlar bilan to'ldirish, saqlash va ulardan foydalanish masalalari bo'yicha qonun hujjatlari va normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi hamda ularning amalga oshirilishini ta'minlaydi;
davlat arxivlari shoxobchalarini rivojlantirish va ularning tuzilmalarini takomillashtirish bo'yicha ishlarni belgilangan tartibda tashkil qiladi va amalga oshiradi, O'zbekiston Respublikasi davlat arxivlari faoliyatiga rahbarlik qiladi;
davlat arxivlarining arxivshunoslik, hujjatshunoslik, arxeografiya sohasidagi ilmiy-metodik ishlarini tashkil qiladi va muvofiqlashtiradi, ilmiy tadqiqotlar natijalarini va ilmiy-texnika yutuqlarini arxiv ishi amaliyotiga joriy qiladi;
davlat arxivlarida hujjatlardan foydalanish tartibini belgilaydi; arxiv ishi sohasida yuridik va jismoniy shaxslar o'rtasidagi o'zaro munosabatlarni ularning respublika va mahalliy darajalardagi faoliyati uchun teng shart-sharoitlar yaratish yo'li bilan muvofiqlashtirib boradi, foydalanuvchilarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi;
hujjatlarning ilmiy va amaliy qimmatini ekspertizadan o'tkazishni hamda ularni doimiy saqlash uchun davlat arxivlariga tanlab olishni tashkil qiladi;
O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining davlat arxivlaridagi hujjatlarini to'ldirish, saqlash va hisobga olishni tashkil qiladi, hujjatlarning saqlanishi, ularning ko'rsatib o'tilgan arxivlarga berilishi hamda ushbu hujjatlardan foydalanilishi bo'yicha belgilangan tartibga rioya etilishini nazorat qiladi;
davlat tomonidan saqlanishi uchun berilishi kerak bo'lgan, shu jumladan saqlash muddati ko'rsatilgan hujjatlarning namunaviy ro'yxatini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, respublika boshqaruv organlari tomonidan ishlab chiqilgan hujjatlarning idoraviy ro'yxatlarini kelishadi;
hujjatlari O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilishi kerak bo'lgan davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari toifasini belgilaydi;
hujjatlarni respublika ahamiyatiga va mahalliy ahamiyatga ega bo'lgan arxiv fondlari tarkibiga kiritish masalalarini hal qiladi, respublika ahamiyatiga ega bo'lgan fondlarni O'zbekiston Respublikasi Davlat arxivlarida to'plash, shuningdek O'zbekiston doirasida hujjatlarni O'zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri davlat arxivlaridan viloyatlarning davlat arxivlariga va aksincha, bir viloyatning davlat arxividan boshqa viloyatning davlat arxiviga berish tadbirlarini amalga oshiradi;
O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy ravishda saqlaydigan arxiv muassasalariga guvohnomalar beradi;
O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarining respublika davlat arxivlarida ro'yxatga olinishini tashkil qiladi; arxiv muassasalari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga faoliyat sohasi bo'yicha ko'rsatiladigan pulli xizmatlar ro'yxatini va preyskurantlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarining markazlashtirilgan davlat hisobini yuritadi; yuridik va jismoniy shaxslarga O'zbekiston hududida qadimiy hujjatli yodgorliklarni to'plashga va O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini respublikadan tashqariga vaqtincha olib ketishga belgilangan tartibda maxsus ruxsatnomalar beradi;
davlatga qarashli bo'lmagan arxiv fondi hujjatlarini sotib olish yuzasidan davlatning imtiyozli huquqini amalga oshiradi, bu borada "O'zarxiv" agentligi tizimi organlari va muassasalariga ko'maklashadi;
arxiv xizmatlari va idoraviy arxivlar ishiga tarmoqlararo tashkiliy-metodik rahbarlikni va nazoratni, davlat hokimiyati va boshqaruvi respublika organlari ishlarini yuritishda hujjatlarning tashkil etilishini nazorat qiladi;
 idoraviy arxivlar shoxobchalarini rivojlantirish va ularning ishlarini tashkil etish bo'yicha tadbirlarda qatnashadi; arxiv hujjatlarini, O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarining tarkibi va mazmuni to'g'risidagi ma'lumotnoma-axborot adabiyotlarini nashr etishni tashkil qiladi, retrospektiv axborotlarga bo'lgan ijtimoiy ehtiyojlarni va hujjatlardan foydalanish samaradorligini o'rganishga doir ishlarni muvofiqlashtiradi;
respublika tashqarisidagi arxiv hujjatlarini qaytarish to'g'risidagi takliflarni ko'rib chiqadi va belgilangan tartibda kiritadi, chet eldagi O'zbekiston tarixiga oid arxiv hujjatlarini aniqlashni va ularni yoki ularning nusxalarini sotib olishni tashkil etadi;
davlatga qarashli bo'lmagan arxivlar egalariga ushbu arxivlarning hujjatlarini to'ldirish, saqlash va ulardan foydalanishda ko'maklashadi;
respublika byudjeti loyihasiga "O'zarxiv" agentligiga bevosita bo'ysungan arxiv muassasalari ta'minotiga xarajatlar to'g'risidagi takliflarni ishlab chiqadi, ularning moliyalashtirilishini va sarflanishi nazorat qilinishini ta'minlaydi;
O'zbekiston Respublikasining arxiv ishi va uni yuritish sohasidagi xalqaro faoliyatini amalga oshiruvchi vakolatli ma'muriy organi sifatida ish ko'radi. Xalqaro tashkilotlarning arxiv ishi va uni yuritish sohasidagi kongresslarida, s'ezdlarida, konferentsiyalarida O'zbekiston Respublikasi nomidan qatnashadi, arxiv ishi va uni yuritish sohasida xalqaro idoralararo bitimlar va shartnomalarni belgilangan tartibda tuzadi;
arxiv ishi va uni yuritish sohasidagi xalqaro, hukumatlararo bitimlar va shartnomalar loyihalarini tayyorlaydi; arxiv ishi va uni yuritish uchun xalqaro moliya institutlari, xorijiy mamlakatlar hukumatlari tomonidan ajratiladigan grantlardan foydalanishning ustuvor yo'nalishlarini belgilaydi;
arxiv ishi va uni yuritish sohasini rivojlantirishga investitsiyalarni, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo'yicha tenderlar, tanlovlar va savdolarni tashkil qiladi va ularni o'tkazishda qatnashadi;
arxiv muassasalari, idoraviy arxivlar hamda respublika korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining ishlarni yuritish xizmatlari xodimlarini qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil qiladi; arxiv ishi sohasidagi kadrlarni sifatli tayyorlashda oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar o'quv yurtlariga ko'maklashadi;
fuqarolarning takliflari, arizalari va shikoyatlarining o'z vaqtida ko'rib chiqilishini tashkil qiladi; konsullik so'rovlari bajarilishini ta'minlaydi. "O'zarxiv" agentligi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funktsiyalarni ham bajaradi.

III. "O'ZARXIV" AGENTLIGINING HUQUQLARI VA JAVOBGARLIGI

9. "O'zarxiv" agentligi quyidagi huquqlarga ega: o'z vakolatlari doirasida, O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq, arxiv ishi va uni yuritish sohasida yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy bo'lgan normativ hujjatlarni nashr etish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakillari, tarmoq davlat fondlari, respublika muzeylari va kutubxonalarining qo'lyozmalar bo'limlarining idoraviy saqlash bosqichidagi arxiv hujjatlari saqlanishining holati va ish yuritish tashkil etilishi to'g'risidagi hisobotlarni eshitish, "O'zarxiv" agentligi vakolatiga tegishli masalalar bo'yicha axborotni ulardan belgilangan tartibda so'rab olish;
O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlovchi respublika davlat arxivlari, tarmoq davlat fondlari, vazirliklar, davlat qo'mitalari, idoralar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, kutubxonalar va muzeylarning qo'lyozmalar bo'limlari, siyosiy, jamoat, diniy tashkilotlar va birlashmalar, qo'shma korxonalar va boshqa yuridik shaxslardan, shuningdek fuqarolardan "O'zarxiv" agentligi respublika fond katalogi uchun tegishli ma'lumotlarni olish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi respublika organlaridan hamda idoraviy bo'ysunishidan va mulkchilik shakllaridan qat'i nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan arxivning ishi va ish yuritish hujjatlarini tashkil etish to'g'risida zarur materiallarni olish;
mansabdor shaxslarning O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarining o'g'irlanishi, yaroqsiz holga keltirilishi, yashirilishi yoki noqonuniy yo'q qilinishiga olib kelgan sharoitlar yaratganligi hollari to'g'risida tergov organlariga xabar qilish;
 arxiv ishi va uni yuritish masalalarini ko'rib chiqish uchun doimiy va vaqtinchalik idoralararo komissiyalar, kengashlar tuzish; respublika vazirliklari va idoralari tomonidan ishlab chiqiladigan arxiv ishi va ish yuritish hujjatlarini tashkil etish masalalari bo'yicha qoidalar, nizomlar, yo'riqnomalar, o'quv dasturlari va boshqa normativ hujjatlarni kelishib olish;
 o'z vakolatlari doirasida xalqaro tashkilotlar, shuningdek xorijiy mansabdor va xususiy shaxslar bilan aloqalarni amalga oshirish, arxiv ishi bo'yicha belgilangan tartibda xalqaro, idoralararo shartnomalar tuzish;
arxivshunoslik, hujjatshunoslik va arxeografiya sohasidagi ishlarni bajarish yuzasidan tanlovlar e'lon qilish. "O'zarxiv" agentligi o'ziga yuklangan vazifalardan kelib chiqadigan o'z vakolatlari doirasidagi boshqa huquqlarga ham egadir. "O'zarxiv" agentligining mansabdor shaxslari o'z xizmat majburiyatlarini bajarish uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, respublika korxonalari,muassasalari, tashkilotlari va birlashmalarining arxivlari va ish yuritish xizmatlariga belgilangan tartibda kirish huquqiga egadirlar.
10. "O'zarxiv" agentligi: O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondini shakllantirish; arxiv hujjatlarining davlat hisobini yuritish; respublika davlat arxivlarida saqlanayotgan hujjatlarning saqlanishini ta'minlash; arxiv hujjatlaridan fuqarolar, jamiyat va davlat manfaatlari uchun foydalanish; arxiv ishi hududiy boshqarmalari faoliyatini tashkil etish uchun javob beradi.

IV. "O'ZARXIV" AGENTLIGI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH

11. "O'zarxiv" agentligiga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan Bosh direktor rahbarlik qiladi. Bosh direktorning O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan bir nafar o'rinbosari bo'ladi.
Bosh direktor lavozimiga ko'ra vazirning birinchi o'rinbosariga, Bosh direktor o'rinbosari vazir o'rinbosariga tenglashtiriladi. "O'zarxiv" agentligining Bosh direktori: "O'zarxiv" agentligiga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi hamda o'rinbosarning va tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlarining javobgarligi darajasini belgilaydi; "O'zarxiv" agentligi apparati xodimlarini, O'zbekiston Respublikasi markaziy davlat arxivlari direktorlarini va ularning o'rinbosarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi; zarur hollarda respublika vazirliklari, davlat qo'mitalari va idoralari rahbarlari bilan birgalikda arxiv ishi va ish yuritishda hujjatlarni tashkil etish masalalari bo'yicha buyruqlar, ko'rsatmalar, yo'riqnomalar va boshqa normativ hujjatlar chiqaradi;
"O'zarxiv" agentligi apparatining tarkibiy bo'linmalari va O'zbekiston Respublikasining Agentlikka bevosita bo'ysunuvchi markaziy davlat arxivlari to'g'risidagi nizomni tasdiqlaydi; qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga egadir.
12. Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmalari boshliqlari Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishuv bo'yicha "O'zarxiv" agentligi Bosh direktori tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.
13. "O'zarxiv" agentligida tarkibiga "O'zarxiv" agentligining Bosh direktori (hay'at raisi), lavozimiga ko'ra Bosh direktorning o'rinbosari, "O'zarxiv" agentligi tizimining rahbar xodimlari kiradigan 5 kishidan iborat hay'at tashkil etiladi. Hay'atning shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Hay'at o'z majlislarida arxiv ishini rivojlantirish, fan-texnika yutuqlaridan keng ko'lamda foydalanish, idoralararo va davlatlararo aloqalarni rivojlantirishning asosiy masalalarini hamda faoliyatning boshqa masalalarini ko'rib chiqadi, qonun hujjatlari va normativ hujjatlar loyihalarini muhokama qiladi. Hay'at qarorlari, qoidaga ko'ra, "O'zarxiv" agentligi buyruqlari bilan hayotga tatbiq etiladi. Bosh direktor va hay'at o'rtasida kelishmovchilik paydo bo'lganda Bosh direktor paydo bo'lgan kelishmovchiliklar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda o'z qarorini hayotga tatbiq etadi. Hay'at a'zolari, o'z navbatida, o'z fikrini Vazirlar Mahkamasiga ma'lum qilishlari mumkin.
14. "O'zarxiv" agentligi huzurida: respublikada arxiv ishining ilmiy muammolarini ko'rib chiqish bo'yicha ilmiy kengash; O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibini belgilash va hujjatlarning qimmatini ekspertizadan o'tkazish bilan bog'liq masalalarni ko'rib chiqish uchun markaziy ekspert-tekshirish komissiyasi faoliyat ko'rsatadi. Ko'rsatib o'tilgan kengash va komissiya to'g'risidagi nizom hamda ularning shaxsiy tarkiblari "O'zarxiv" agentligi Bosh direktori tomonidan tasdiqlanadi.
15. "O'zarxiv" agentligi va uning hududiy boshqarmalari faoliyatini moliyalashtirish davlat byudjeti mablag'lari, shuningdek amaldagi qonun hujjatlariga zid bo'lmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
16. "O'zarxiv" agentligi yuridik shaxs hisoblanadi, O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda o'z nomi yozilgan muhrga, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa hisob raqamlariga ega bo'ladi.
17. "O'zarxiv" agentligini qayta tashkil etish va tugatish O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Yuklab olish (pdf 114 kb)