Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasining 1991 yil 18 noyabrdagi 407­XII­sonli «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i — bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy rang, oq rang  va  yashil  rangli  enlarning  kengligi  bir  xil.  Har  bir  en  40  santimetrga  tengdir.  O‘zbekiston  Respublikasi  Davlat bayrog‘ining o‘rtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar o‘tkazilgan.
     O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o‘n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan. Oq  rangli  yangi  oy  va  o‘n  ikkita  oq  rangli  besh  qirrali  yulduzning  tasviri  moviy  rangli  yuqori enning  o‘rtasidan  70x30 santimetrga teng to‘g‘ri to‘rtburchakka sig‘adigan qilib joylashtirilgan. Oq  rangli  yangi oy  vertikal  holatda  do‘ng  tomoni  dastaga  qaratilgan,  dastadan  20  santimetr  masofada  joylashtirilgan bo‘lib, diametri 30 santimetrli doiraga sig‘adi.
O‘n  ikkita  oq  rangli  besh  qirrali  yulduz  diametri  6  santimetrli  doiraga  sig‘adi.  Doiralar  orasidagi masofa  6  santimetr. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, o‘rta qatorda to‘rtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi.

    Oldi tomon

    Orqa tomoni

Sxematik rasmi