2019 yilning 6 may kuni soat 11:00 da Toshkent foto uyi binosida “9 may – Xotira va Qadrlash kuni”ga bag‘ishlangan “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat” shiori ostida “Xotirasi muqaddas” mavzusida tarixiy-hujjatli ko‘rgazma ochilishi bo‘lib o‘tdi. Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rahbar va xodimlari ishtirok etdilar.

Ko‘rgazmada 70 dan ziyod arxiv fotohujjatlari hamda 40 dan ortiq alohida qimmatli arxiv hujjatlari, gazetalar va kitoblar namoyish etildi.

Mazkur ko‘rgazma ekspozitsiyasini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, O‘zbekiston Respublikasi kinofotofono hujjatlar Markaziy davlat arxivi hamda Toshkent shahar arxivlarining Ikkinchi jahon urushi yillarda O‘zbekiston mamlakati va xalqining hayoti aks etgan fotohujjatlar, gazetalar hamda fahriy medallar tashkil etadi.

Shu qatorda, alohida qimmatli arxiv hujjatlarida urush yillarini o‘zida aks ettiruvchi front orti o‘zbek xalqining jangchilarga yo‘llagan manaviy qo‘llab quvvatlovchi hamda ruhlantiruvchi maktublari, urush nogironlari hamda evakuatsiya qilingan bolalarga yordam ko‘rsatish to‘g‘risida qarorlar, buyruqlar va boshqa qiziqarli hujjatlar ekspozitsiyaga qo‘yilgan.

Arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi bilan bir qatorda monitorlarda O‘zbekiston Respublikasi kinofotofono hujjatlar Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan Ikkinchi jahon urushi haqidagi hujjatli filmlar namoyish etildi hamda 1941-1945 yillardagi davlat va jamoat arboblarining ovozli yozuvlari yangradi.

Shuningdek, ko‘rgazmada Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar instalyatsiyasi, ya’ni 1941-1945 yillarining qo‘shiq va kuylari, ro‘zg‘or buyumlari, dasturxonlari namoyish etildi.

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’lim vazirligi, Ikkinchi jahon urushi va mehnat veteranlari, O‘zbekiston veteranlarini ijtimoiy qo‘llab-quvatlash “Nuroniy” fondi vakillari, fan va madaniyat arboblari ishtirokida o‘quvchi va talaba yoshlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.