ARXIVLAR XALQ XIZMATIDA

ARXIVLAR XALQ XIZMATIDA


 Arxivlar – fuqarolar davlat va jamiyat uchun alohida axamiyatli bo‘lgan va saqlanishi lozim bo‘lgan davlat o‘z faoliyatini amalga oshirishi natijasida vujudga kelgan qonun hujjatlari, boshqaruv loyixa konstruktorlik, maxsus xujjatlar, kino, foto va fono xujjatlari ilmiy, badiiy san'at va musiqiy qo‘lyozmalarni o‘z ichiga oladigan, arxiv hujjatlarni jamlash, saqlash va ulardan foydalanishni tashkil etuvchi muassasa xisoblanadi.
 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003 yil 9 dekabrdagi "Davlat boshqaruvi respublika organlari tizimini takomillashtirish to‘grisida"gi farmoniga muvofiq hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 3 fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini boshqarishni yanada takomillashtirish to‘grisida"gi qarori bilan Toshkent shahar Arxiv ishi hududiy boshqarmasi tashkil etilgan. Mazkur hududiy boshqarma o‘z faoliyati asosida "O‘zarxiv" agentligi va Toshkent shahar hokimligiga bo‘ysunadi.
"O‘zarxiv" agentligi tomonidan 2008 yil 25 sentyabrda tasdiqlangan "Toshkent shahar Arxiv ishi boshqarmasi to‘grisida Nizom"ga binoan Boshqarma - Toshkent shahrida arxiv ishi bo‘yicha davlat boshqaruvining maxsus vakolatli organi hisoblanadi. Boshqarma tizimida Toshkent shahar Markaziy davlat arxivi hamda Toshkent shahar (Idoralararo) shaxsiy tarkib markaziy arxivi faoliyat yuritadi.
Toshkent shahar Markaziy davlat arxivi 1973 yil 21 noyabrda Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi ijroiya komitetining 519-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan. Unda 1917 yildan hozirgi kungacha bo‘lgan davrdagi hujjatlar, jumladan, 400 mingga yaqin saqlov birligidagi, doimiy saqlanuvchi Milliy arxiv fondi (MAF) hujjatlari, 1,5 million saqlov birligidagi 75 yil saqlanuvchi Shaxsiy tarkib hujjatlari saqlab kelinmoqda.
Toshkent shahar Markaziy davlat arxivida - ko‘p yillik tarixga ega bo‘lgan O‘zbekiston tarixi aks ettirilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar hujjatlari, poytaxt tarixi, madaniyati, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy hayoti hamda turmushiga oid qimmatli hujjatlar saqlanadi. Shuningdek, ijtimoiy-huquqiy mazmundagi mehnat staji, ish haqi, taqdirlanganligi, o‘qish davrini tasdiqlash, kabi so‘rovlar arxiv tomonidan bepul bajariladi, Bundan tashqari, arxiv hujjatlaridan foydalanuvchi tadqiqotchilarga ham arxiv xizmatlari ko‘rsatiladi, buning uchun o‘quv xonasida tadqiqotchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishga yetarli shart-sharoit yaratilgan.
Mavzuli (hozirgi vaqtda bir kunda 10 dan ortiq) so‘rovlarga esa pullik xizmat ko‘rsatilib, bularga oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya shartnomalari, vorislik haqidagi guvohnomalar, qurilish va ijara shartnomalari, yer ajratish haqidagi hokimlik qarorlari, farmoyishlari kabi so‘rovlar kiradi.
Toshkent shahar (Idoralararo) shaxsiy tarkib Markaziy arxivi 1981 yil 25 avgustda Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi ijroiya qo‘mitasining 686-son qaroriga asosan tashkil etilgan. Unda mustaqillik davriga oid hujjatlar, jumladan, 8068 tadan ortiq fond mavjud bo‘lib, faoliyati tugatilgan muassasa, tadbirkorlik sub'ektlari va tashkilotlarining 100 mingdan ortiq saqlov birligidagi 75 yil saqlanuvchi Shaxsiy tarkib hujjatlari saqlanmoqda. Ayni paytda bu arxiv tomonidan (hozirgi vaqtda bir kunda 120 dan ortiq) ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlarga bepul xizmat qilib kelinmokda, asosan bularga mehnat staji, ish haqi va ishchi- xodimlarning shaxsiy varaqalari to‘g‘risidagi ma'lumot kabi xizmatlar kiradi.
O‘zbekistonda arxiv tizimi faoliyatining 100 yilligi (1919-2019) munosabati bilan Respublikamiz arxivlari kabi Toshkent shahar Markaziy davlat arxivida ham qator tadbirlar amalga oshirilmoqsa. Jumladan, arxivchilar ruhiyati va ish faoliyatiga ijobiy ta'sir etadigan fleshmoblar tayyorlash, arxiv sohasida uzoq yillar ishlagan arxivchi xodimlarni munosib taqdirlash, arxiv muassasasi joylashgan mahalla hududi nuroniylaridan 100 yoshga to‘lgan faxriylarning holidan xabar olish va sovgalar ulashish, arxiv faoliyati tarixiga bagishlangan kitob chop etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunga qadar Arxiv ishi va ish yuritish sohasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi, arxiv hujjatlarini jamlash, ularni hisobga olish, hujjatlarni saqlash va ulardan foydalanishda ijobiy natijalarga erishildi. Milliy arxiv fondi (MAF) O‘zbekiston xalqining moddiy va ma'naviy hayotini aks ettiradigan, tarixiy, ilmiy, madaniy va ma'rifiy ahamiyatga ega bo‘lgan qimmatli xujjatlar bilan boyitilib borilmoqda. Ana shunday uzviy jarayonni yanada faollashtirish hamda qimmatli xujjatlardan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida, arxivlar faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solib turuvchi qonun va qonunosti xujjatlar takomillashtirib borilmoqda. Jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va manfaatlariga dahldor bo‘lgan arxiv xujjatlarni taqdim etib kelmoqdalar. Arxiv xujjatlarni bugungi kunda bosqichma-bosqich raqamlashtirilib, fuqarolarga tez va sifatli xizmat ko‘rsatish uchun, eletkron arxiv hujjatlari bo‘limi tomonidan ushbu arxiv xujjatlarimiz, elektron nusxalari yaratib, raqamlashtirib borilmoqda. 
Bugungi kunda arxiv sohasiga davlatimiz tomonidan alohida e'tibor berilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 

2019 yil 20 sentyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-5834-sonli Farmoni hamda "O‘zbekiston Respublikasi "O‘zarxiv" agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘grisida"gi PQ-4463-sonli Qarorining qabul qilinishi buning yorqin ifodasidir.
Prezidentimizning 2019 yil 20 sentyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-5834-sonli farmonining qabul qilinishi, O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat boshqaruvi va nazoratini takomillashtirish, qogoz shaklidagi hamda, kino, foto va fono hujjatlarini raqamlashtirishni yanada jadallashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mazkur xujjatda 2020 yil 1 yanvardan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek mulkchilik shakllaridan qat'iy nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyatida shakllanadigan boshqaruv (ish yuritish)ga oid, ilmiy-texnikaviy va boshqa hujjatlarning arxiv saqloviga topshirilishida hamda o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinishida ularning elektron va Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi hujjatlarining sug‘urta nusxalari talab etiladi.
Shuningdek, 2020 yil 1 iyungacha Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenta huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda quyidagi davlat xizmatlarini Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishini joriy qilinadi:
o‘qiganlikni tasdiqlash haqidagi arxiv ma'lumotnomasini berish; ish stajini tasdiqlash haqidagi arxiv ma'lumotnomasini berish; ish haqini tasdiqlash haqidagi arxiv ma'lumotnomasini berish; arab alifbosida yaratilgan turkiy, forsiy va arabcha hujjatlardagi axborotlar bo‘yicha annotasiya ma'lumotlarini tayyorlab berish; arxiv hujjatlari, kitoblar va qo‘lyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish).
Bu kabi sa'y-harakatlar va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar orqali aholining arxiv ishiga oid murojaatlari o‘z vaqtida qondiriladi. Arxiv ishi va ish yuritish sohasi takomillashtirilib, ishlash samaradorligi yanada ortib boradi.
Arxivlarda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan har bir hodimning arxivlar xalq xizmatida degan shior ularning bosh maqsadiga aylanmoqda.
 
Jo‘raev G‘ani Xo‘jamshukurovich
Toshkent shahar Markaziy davlat
 arxivi yetakchi arxivchisi