BAYRAM MUBORAK BO‘LSIN USTOZ!!!

Xalqimizda “Ustoz otangdek ulug‘” — degan hikmat bejiz aytilmaydi.  O‘tgan ulug‘larimiz, ota-bobolarimiz ustoz va muallimlarning haqqini yaxshi bilganlar, ularning qadri nechog‘li baland ekanini teran anglaganlar va shunga ko‘ra muomala qilganlar.
Katta hayot ostonasida biror bir hunar boshini tutishga chog‘lanayotgan, turmush chorrahasida ikkilanib turgan har qanday kishi tajribali, o‘z sohasini yaxshi biladigan kishilar ko‘magiga zarurat sezadi. Bunday beminnat ko‘makchi esa ustozdir.
Ustoz bor bilim, tajribasini ishga soladi, yosh, hali g‘o‘r shogirdlariga kasb sir-asrorlarini, turmushda duch kelishi mumkin bo‘lgan past-balandliklarni yengib o‘tish yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatadi. Shogird aynan ustoz ko‘magida oyoqqa turadi, o‘ziga ishonch paydo bo‘ladi...
Abdushukur Xamidovich Abdullayev arxiv ishi sohasidagi ko‘plab hamkasblarimizning USTOZI!
Fursatdan foydalanib, 1 oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuni bayrami munosabati bilan barcha Ustoz va murabbiylarimizni chin dildan qutlaymiz.
Hamisha shogirdlar e’zozida bo‘ling, aziz USTOZLAR!
"O‘zarxiv" agentligi jamoasi


Manba : "Ўзархив" агентлиги Ахборот хизмати