Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabada O‘zbekiston tibbiyot sohasining tarixiy hissasi. Arxiv hujjatlari asosida.

Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabada O‘zbekiston tibbiyot sohasining tarixiy hissasi.
Arxiv hujjatlari asosida.

O‘zbekiston Ilmiy texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi
“Hujjatlardan foydalanish va ilmiy axborot apparati” bo‘limi mudiri
Mo‘minov Turg‘un Tursunovich

Ikkinchi jahon urushi butun insoniyat boshiga misli ko‘rilmagan darajada dahshatli va og‘ir kulfatlarni solgan urush sifatida jahon tarixida qoldi. 1939 yil 1 sentyabr kuni fashistlar Germaniyasi qo‘shinlarining Polshaga bostirib kirishi bilan boshlangan bu urush jahonning 61 mamlakatini, yer shari aholisining 80 foizini ya’ni 1,7 mlrd. kishini o‘z girdobiga tortdi. Ikkinchi jahon urushini yirik davlatlar o‘rtasidagi siyosiy ixtiloflar, gegemon davlatlarning dunyoga hukmron bo‘lish uchun intilishlari keltirib chiqardi. Urushni asosiy agressiv davlatlar - Germaniya, Italiya hamda militaristik Yaponiya boshladi. Ular orasida Germaniya uyushtiruvchi, yetakchi rol o‘ynadi. Ikkinchi jahon urushi to‘g‘risidagi ba’zi manbaalarda ushbu urush jami 50 milliondan ortiq inson hayotiga zomin bo‘lgan. Sobiq sovet davlati tarkibida bo‘lgan barcha respublikalar, muxtor okruglar, shu jumladan, O‘zbekiston xalqi ham urush girdobiga tortildi. Ushbu daxshatli urush front va front ortida O‘zbekiston xalqining boshiga og‘ir sinovlarni olib keldi. Insoniyat tarixidagi eng dahshatli bu urushda 1,5 milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qatnashgan. Ularning yarim milliondan ziyodi halok bo‘lgan, 133 ming nafarga yaqini bedarak yo‘qolgan. 60 mingdan ortiq vatandoshimiz esa urushdan nogiron bo‘lib qaytgan .
Urush olovi ichida qolgan hududlardan yurtimizga 1 milliondan ortiq kishi ko‘chribi keltirildi. Ularning 200 ming nafari bolalar edi. Xalqimiz ularga boshpana berib, so‘ngi burda nonini ham baham ko‘rib, ota-onasidan ajralgan bolalarni o‘z farzandlari qatori tarbiyasiga olib, butun dunyoga haqiqiy insonparvarlik fazilatlarini namoyish etdi.
Urushning dastlabki oyidayoq yuz minglab vatandoshlarimiz, ishchilar, xizmatchilar, dehqonlar, ziyolilar, talaba yoshlar o‘z Vatanlarini himoya qilishga, g‘alabani ta’minlash uchun front va front orqasida fidokorona mehnat qilishga tayyor ekanliklarini bildirib, qo‘lga qurol olib frontga jo‘nab ketdilar.
Urushga ko‘p millatli O‘zbekistonning mardonavor mehnatlarida tibbiyot sohasi vakillarining alohida o‘rni bor. Ikkinchi jahon urushidagi Front hamda front ortida mexnat qilayotgan harbiylar va ishchilarni sog‘liklarini tiklash, ularni qayta urushga tayyorlash maqsadida O‘zbekiston tibbiyot sohasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan taniqli tibbiyot olimlari ham jalb qilingan. Jumladan radiologiya sohasidagi birinchi tibbiyot fanlari doktori Maksumov Djalol Nosirovich, tibbiyot fanlari doktori professor Miraxmedov Usmon Miraxmedovich, 4064-evakogospital boshlig‘i vrach okulist Vaynber Arkadiy Yakovlevich, O‘zbekistonda bolalar ortopediyasi maktabi asoschisi, tibbiyot fanlari doktori, professor, xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Shamatov Nasretdin Miraxmedovich urush maydonlarida jasorat ko‘rsatganlar . Mazkur olimlarning shaxsiy fondlari bugungi kunda O‘zbekiston Ilmiy texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivida saqlanmoqda.
Shuningdek 1941 yilda Toshkent tibbiyot institutining (hozirgi Toshkent tibbiyot Akademiyasi) bitiruvchilari xususida ma’lumot arxiv hujjatlarida mavjud bo‘lib, Axmedov Karim, Kadirova Asolat, Gumarova Xamida, Yusupov Ergash, Nurmuxamedov Jalil kabi bir qator taniqli tibbiyot olimlari tibbiyot oliygohini tugatib urushga safarbar etilib urush maydonlaridagi yarador hamda bemorlarlarni davolash va urushga qayta tiklashda mardonavor mehnat qilishgan .
Urush davrida respublikada tibbiyot xodimlari o‘z ish tartiblarini tubdan o‘zgartirdilar. Ko‘pgina tibbiyot muassasalarda yangi mehnat rejimi joriy qilindi, ish kuni uzaytirildi, ishdan keyin qolib ishlash joriy etildi, mehnat ta’tillari, dam olish kunlari bekor qilindi. Qisqa qilib aytganda tibbiyot xodimlari “hamma narsa front uchun” degan g‘oya asosida ish yuritar edilar. Qiyin damlarda Respublikamiz hududidagi bir qator sanoat korxonalari front uchun xizmat qilar edilar.
Urush davrlarida “Gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot instituti” qon va zardob yetkazib berishda ulkan ishlarni amalga oshirgan. Institutning fidokorona mexnati tufayli ko‘plab vatan ximoyachilarining xayoti saqlab qolingan. Butun urush davomida institut tomonidan jami 1.600 tonna konservalangan qon yetkazib berilgan. Samalyotlar yordamida qon quyish stansiyalaridan milionlab shisha qutilarda qon va zardoblar frontning tibbiy muassasalariga yetkazilgan.
Shuningdek urushda ishtirok etib yaralanganlarni davolash va frontga qaytarish maqsadida Respublikamiz hududi, jumladan Toshkentning turli manzillarida evakogospitallar tashkil etildi. Ana shundan evakogospitallardan biri Toshkent shahridagi 400 o‘rindan iborat 3663-sonli evakogospitaldir. Mazkur gospitalning 270 o‘rin ortopedik travmatologiya bo‘limiga ajratilgan.
Tibbiyot xodimlari urushga jalb qilinganidan so‘ng Respublikada tibbiyot xodimlarining yetishmovchiligi yuz bergan. Masalan: urush borayotgan 1943 yilda O‘zbekistonda Respublika byudjetidan hududlarda 5857 ta vrachlik lavozimlari ko‘zda tutilgan bo‘lib, 4827 vrach 1,2 lavozimga to‘g‘ri kelishi arxiv hujjatlarida qayd etilgan.
O‘zbekistondan ushbu daxshatli urushga safarbar etilganlardan 263005 kishi halok bo‘ldi, 132670 kishi bedarak yo‘qoldi, 60452 kishi nogiron bo‘lib qaytdi. Bu ma’shum urush tufayli eng kamida to‘rt yuz ming oila bevosita ayriliq azobiga duchor bo‘lgan. Yuz minglab vatandoshlarimiz mehnat frontida zahmat chekdilar, o‘zi yemasdan, o‘zi kiymasdan topgan nasibasini frontga jo‘natib azob-uqubatlar tortdi. O‘zbekistonliklarning urushda ko‘rsatgan mardligi va jasorati yuqori baholanib, 120 ming o‘zbekistonlik jangchilar, jumladan, 70 ming o‘zbek yigit va qizlari orden va medallar bilan mukofotlandi. 280 nafar Sovet Ittifoqi Qaxramoni, 82 nafar uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor bo‘lgan .
Ming-minglab jasur ota-bobolarimiz dunyodagi ko‘plab xalqlar qatorida bu mudhish urushda chinakam qahramonlik ko‘rsatdilar.
Bugungi ozod va erkin hayot uchun, farzandlarimizning baxti va kamoli uchun biz ularning oldida cheksiz qarzdormiz. Bu aziz insonlarni asrab-avaylash, ularning sog‘-salomat va mazmunli umr kechirishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berish – hammamizning muqaddas insoniy burchimizdir .
Mana shuncha yildurki ushbu qaxramonliklar biz avlodlar uchun g‘urur-iftixor bag‘ishlab kelmoqda. Ishonchimiz komilki o‘zining katta talofatlari bilan jaxon xalqlari tarixida nom qoldirgan Ikkinchi jahon urushidagi o‘zbek xalqining jasorati kelgusi avlod uchun ham mardlik va jasorat maktabi bo‘lajak.