Farg‘ona viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan 9 may “Xotira va Qadrlash kuni” munosabati bilan G‘alabaga bag‘ishlangan, suratlar va posterlarga muhrlangan, urush davridan so‘zlovchi qimmatli hujjatlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.


Mazkur ko‘rgazmaning ochilish marosimi Marg‘ilon shahar davlat arxivi binosi oldida uyushtirildi. Bino bayram marosimiga xos va mos tarzda bezatildi.
Tadbirda Farg‘ona viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi hamda uning tizimidagi arxiv muassasalari rahbar va xodimlari, hokimiyat vakillari, Farg‘ona viloyat halq deputatlari kengashi deputatlari, “Nuroniy” hayriya jamg‘armasi vakillari, maktab va kollej o‘quvchilari, Oliy o‘quv yurtlari talabalari, “Mahalla” hayriya jamg‘armalari vakillari ishtirok etdilar.


Tadbirnining ochilish qismida so‘zga chiqqanlar, Prezidentimizning qarorlari bilan Ikkinchi Jahon urushi ishtirokchilariga munosib e’tibor qaratilayotgani, moddiy rag‘batlantirishdan tashqari, ota-bobolarimiz o‘zlari qatnashgan janglar bo‘lib o‘tgan Rossiya, Germaniya, Polsha kabi mamlakatlarga borish va o‘z ko‘zlari bilan o‘sha joylarni ko‘rish imkoniyati yaratib berilganini e’tirof etdilar.


Shuningdek, 2016 yilda ularning soni 3000 dan oshiq bo‘lgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib ularning soni 1700 ga tushib ketganini, ularning qadriga yetish kerakligini, tadbirni tashkil etgan, urush davri to‘g‘risida ozgina bo‘lsa tushunchaga ega bo‘lish, bugungi tinch va osuda kunlar qadriga yetish imkoniyatini yaratib bergan Farg‘ona viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasiga o‘z minnatdorchiligini bildirdilar. 
Ko‘rgazmada 1941-1945 yillardagi Ikkinchi Jahon urushini aks etgan fotolavhalar, Leningrad qamali suratlari, O‘zbekistonlik qahramonlar, birinchi o‘zbek generali Sobir Rahimov, o‘zbek snayper ayoli Zebo G‘aniyeva, sobiq SSSR qahramoni Mamadali Topvoldiyev, To‘ychi Eryigitov va ko‘pgina boshqa urush qahramonlarining portretlari namoyish etildi.


Bundan tashqari, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti o‘z ko‘rgazmali qurollari bilan, “Tarix” muzeyi o‘z eksponatlari bilan, shuningdek, Farg‘ona viloyat davlat arxivi qimmatli hujjatlari bilan ishtirok etishdi.
Ko‘rgazma barcha uchun ochiq bo‘lganligi sababli dastlabki soatlardayoq 300 dan ortiq inson ushbu ko‘rgazmani tomosha qildi. 
Tadbirni ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tashkil etildi. Albatta, urush davri shukuhini yaratish maqsadida o‘sha davr harbiy kiyimlarini kiygan “askarlar” va urush davri musiqalari va kuylari tadbirga ajoyib ko‘tarinkilik bag‘ishlab turdi. Ayniqsa, o‘sha mashhur “Katyusha” qo‘shig‘ini tadbirda ishtirok etgan maktab o‘quvchilari jonli ijro etib berishgani barchada unutilmas ta’surot qoldirdi. “G‘alaba” qo‘shig‘i esa bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi, beixtiyor o‘sha suronli damlarni yodga soldi.
Kechgacha davom etgan ko‘rgazmani qariyb 500 dan ziyod insonlar tomosha qilishdi.
Zero, inson hayoti aziz – xotirasi muqaddasdir.