Islom Karimov tavalludi kuni mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar – Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavalludi kuni munosabati bilan Samarqandga tashrif buyurdi. 

 

Davlatimiz rahbari Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi. 

Samarqand dunyoga mashhur, ko‘pchilik bir ko‘rishni orzu qiladigan Registon, Bibixonim, Shohi Zinda, Hazrati Xizr ziyoratgohlari qatorida bugun O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, mustaqilligimiz asoschisi Islom Karimov mangu qo‘nim topgan maskan sifatida ham e’tirof etilmoqda. 

Ziyoratchilar qadami uzilmaydigan bu joy bugun tabarruk maskanga aylangan. Mamlakatimizning turli hududlaridan kelayotgan yurtdoshlarimiz Islom Karimov xotirasini yod etib, u kishining Vatan, xalq oldidagi ezgu ishlarini  esga olmoqda. 

Birinchi Prezidentimizning tashabbusi bilan mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Samarqand viloyati har tomonlama obod qilinib, butun jahondan keladigan mehmon va sayyohlarning havasini tortmoqda. Imom Buxoriy majmuasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, bunday muqaddas qadamjolarning yanada obod bo‘lgani ko‘pgina musulmon mamlakatlari davlat arboblari va jamoatchiligi, minglab ziyoratchilarning yuksak e’tibori va hurmatiga sazovor bo‘lmoqda. 

Bu xayrli ishlar bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida tizimli ravishda davom etirilmoqda. 

Shu ma’noda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 25-yanvardagi "O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida"gi qarori xalqimiz ko‘nglidagi niyatning yorqin ifodasi bo‘ldi. Qarorda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomini abadiylashtirish maqsadida yurtimizning bir qancha diqqatga sazovor joylariga Buyuk Yo‘lboshchimizning nomini berish, Toshkent, Samarqand, Qarshi shaharlarida u kishining haykalini o‘rnatish belgilab qo‘yilgan. 30-yanvar Islom Karimov tavalludi kuni munosabati bilan mamlakatimizdagi ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari o‘tkazilayotir. 

Bu tadbirlarda Islom Karimovning serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida o‘chmas iz qoldirgani, nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanilgani e’tirof etilmoqda. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavalludi sanasi – 30-yanvar kuni poytaxtimiz Toshkentda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda ehson berildi. Samarqand va Toshkentdagi marosimlarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. 


Manba : Gov.uz