Jahonshumul tarixiy g‘alaba.

#G‘alaba75 #Pobeda75

Jahonshumul tarixiy g‘alaba.
Osmonimiz musaffo bo‘lishi va shu yorug‘ kunlarga yetib kelishimiz uchun ko‘ksini qalqon, aziz jonini fido qilganlar yodi xalq xotirasida abadiydir.
Fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 75 yilligiga Vatanimiz tarixida ulug‘ ahamiyatga ega bir sanadir. U g‘urur hissidan ko‘ngillarimizni yorishtiradi, ayni vaqtda mahzun etadi.
O‘zbekistonda biron xonadon yo‘qqi, mash'um urush jabrini ko‘rmagan bo‘lsin. Shu urush tufayli qanchadan-qancha norasida go‘daklar yetim, mushtipar onalar beva, suluv kelinchaklar befarzand qolishdi. Oradan yarim asrdan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsada, bu urushning asorati jabrdiyda ko‘ngillarda hamon sezilib turadi. Biz g‘alabaga shonli hissa qo‘shib, insoniyatni fashizm balosidan halos etish yo‘lida jonini qurbon qilgan ota-bobolarimizning muqaddas xotiralari oldida bosh egib ta'zim qilamiz. Ularning urushda ko‘rsatgan qahramonliklari tillarda doston bo‘lgan. Jangchi yurtdoshlarimizning o‘lmas jasorati, shubhasiz, o‘sib kelayotgan yosh avlodni mustaqil O‘zbekistonning munosib farzandlari, istiqlolimizning shavkatli himoyachilari qilib tarbiyalashda ulug‘ maktab, vatanparvarlikning haqiqiy namunasi bo‘lg‘usidir. Janglarda jon olib, jon bergan otalarimiz, front ortida zahmat chekkan yurtdoshlarimiz, urush yillari qoraxat olgan xonadon bekalari, bedarak ketgan farzandlari yo‘liga ilhaq ko‘z tikib o‘tirgan munis onaxonlarimiz el-yurt osoyishtaligi nima ekanligini hammadan ko‘ra yaxshiroq biladilar. Ozodlikni, ayni kunlarda mutlaqo yangicha mazmun kasb etgan buyuk Vatan tushunchasini g‘oyat teran his etadilar.
Pirmatov Bektursun 1926 yil 15 noyabrda Mirzacho‘l rayonida ishchi oilasida dunyoga kelgan. Mirzacho‘l rayonida 7-sinfni tamomladi. U yosh bo‘lishiga qaramay 1944 yilda Ikkinchi jahon urushiga Xitoy Respublikasi Bajuriya viloyatida nemis-fashist bosqinchlariga qarshi kurash olib bordi. Bajuriya viloyatini dushmandan tozalashda uzluksiz aloqani ta'minlagani uchun starshina unvoni berildi. 1952 yilda 26 yoshli yosh navqiron yigit Pirmatov Mirzacho‘l rayoniga buyuk g‘alaba bilan kirib keldi.
Jangda ko‘rsatgan jasorati uchun starshina Pirmatov Bektursun yuksak unvon bilan taqdirlandi. Bundan tashqari uning ko‘ksini turli darajadagi ordenlar bezadi.
Pirmatov Bektursun birinchi ish faoliyatini posyolka Krest'yanskaya xozirgi Guliston tumanida Partkom lavozimida ishni boshlagan, 62 yil ish stajiga ega bo‘lgan yurtdoshimiz faqatgina rahbarlik lavozimlarida ishlab kelgan.
Pirmatov Bektursun hozirda 94 yoshda, Guliston shahri, Ulug‘ yo‘l mahallasi, Rudakiy ko‘chasi 84 uyda istiqomat qilib kelmoqda.
Maqola Sirdaryo viloyat davlat arxivi tomonidan taqdim etilgan materiallar asosida tayyorlandi.
 
"O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati