Joriy yilning 25-yanvar kuni AOKA binosida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan amalga oshirilgan muhim vazifalar. Davlat dasturlari ijrosi” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

















Joriy yilning 25-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiya huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan amalga oshirilgan muhim vazifalar. Davlat dasturlari ijrosi” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Jumladan “O‘zarxiv” agentligi direktori o‘rinbosari Sherzod Sodiqov quyidagilar haqida axborot berdi:

O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini rivojlantirishning 2023-yilga mo‘ljallangan rejasi 18 ta ko‘rsatkichlar bo‘yicha bajarilib, shundan 17 ta ko‘rsatkich bo‘yicha oshirib bajarildi.

O‘zbekiston milliy arxivlari va respublika davlat arxivlari tomonidan (2023-yil 28-dekabr holatiga) jami 1 016,4 ming saqlov birligidagi 68,2 mln. kadr hujjatlar raqamlashtirildi. Tasdiqlangan rejaga muvofiq, 2023 yil boshidan 148,7 ming saqlov birligidagi qariyb 14,7 mln. kadr raqamlashtirildi va reja 106,5 %ga bajarildi.

“Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarni yagona saqlovini ta’minlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimida jami 48 486 ta fond, 50 709 ta ro‘yxat, 704 796  saqlov birligi va 358 269  hujjat bazasi yaratildi. Tadqiqotchilar va boshqa foydalanuvchilar hozirda ushbu tizimdagi ma’lumotlar bilan doc.archive.uz orqali kirib tanishish imkoniyatiga ega.

Rivojlangan davlatlar tajribasi o‘rgangan holda “O‘zarxiv” agentligi va Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiyasi huzuridagi "Axborot texnologiyalari va axborot resurslarini rivojlantirish markazi" MChJ hamkorligida "Idoraviy elektron arxiv" axborot tizimi ishlab chiqildi. Elektron hujjatlarni saqlash uchun topshirishga mo‘ljallangan “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimi 2023 yilning 15 dekabrida amaliyotga joriy etildi. 2024-yilda ushbu axborot tizimiga Davlat arxivlari manbai hisoblangan 8 mingga yaqin davlat idoralari va tashkilotlarida joriy etilishi va 100 ming nafardan ziyod foydalanuvchilar ulanishi rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PQ-162-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, hozirda bir nechta axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda:

1. Arxiv ishi bo‘yicha davlat nazoratini onlayn ro‘yxatga olishni tashkil etish maqsadida “Davlat nazorati” axborot tizimi nazorat.archive.uz ishlab chiqilib test-sinov tariqasida joriy qilindi.

2. O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan davlat arxivlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamlaydigan “O‘zbekiston arxivlari” portali portal.archive.uz joriy etildi.

3. Kinofotofono arxiv hujjatlaridan pullik asosda onlayn foydalanish imkoniyatini beruvchi videoportal tizimini ishlab chiqish ishlar olib borilmoqda.

Arxivlar tomonidan tashkilot va korxonalar uchun sohaga oid ichki normativ hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha jami 932 ta idoraviy hujjatlar, ya’ni shundan 458 ta yig‘majildlar nomenklaturasi, 125 ta ish yuritish yo‘riqnomasi, 174 ta Markaziy ekspert komissiyasi  va Ekspert komissiyasi nizomlari, 175 ta idoraviy arxiv nizomlari ishlab chiqildi.

“O‘zarxiv” agentligi, Arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan tashkilotlar hamda korxonalarda arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha 2023 yil davomida 317 ta tashkilotda nazorat tekshiruvlari o‘tkazilib, arxivlar tomonidan tashkilot va korxonalarga qo‘llanilgan chora sifatida 284 ta taqdimnomalar kiritilgan, 38 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 3 ta materiallar yuborilgan.

Respublika arxivlariga mavzuli va ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar jami 569 912 ta kelib tushgan.

2023-yil mobaynida AQSh, Polsha, Germaniya, Chexiya, Shvetsiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi xorijiy mamlakatlardan jami 64 ta xorijiy foydalanuvchilar davlat arxivlari o‘quv zallariga tashrif buyurgan, shulardan 43 tasiga arxiv materiallaridan o‘rnatilgan tartibda foydalanishga 1 yilga amal qiluvchi ruxsatnoma berilgan bo‘lib, 36711 saqlov birligidagi hujjatlar tadqiqotchilarga foydalanish uchun taqdim etilgan.

2023-yil 19-22 sentabr kunlari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning arxiv xizmatlari rahbarlari Maslahat kengashining 19-yig‘ilishi hamda uning doirasida “Elektron hujjatlarni saqlash: texnologiyalar va usullar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. 2023-yil 21-sentabrda Samarqand shahrida “O‘zarxiv” agentligi va Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Arxiv bosh boshqarmasi o‘rtasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

2023-yil 6-dekabrda Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida “Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligining Arxivlar, hujjatlashtirish va kitob ishi qo‘mitasi hamda “O‘zarxiv” agentligi o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish to‘g‘risidagi kelishuvlarning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha 2023-2026 yillar uchun amaliy harakatlar rejasi” imzolandi. Hozirda ushbu reja asosida qo‘shma nashr ustida ish olib borilmoqda va bu yil Qozog‘istonda O‘zbekistondagi arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.Halqaro hamkorlik bo‘yicha yana bir loyiha ustida ish olib borilmoqda. Ya’ni O‘zbekiston va Ozarbayjonning hamkorligiga oid arxiv hujjatlaridan iborat to‘plam tayyorlanmoqda va 2024-yilda nashrdan chiqarish hamda uning taqdimotini o‘tkazilish rejalashtirilmoqda.

Tadbirda “O‘zarxiv” agentligi, “Axborot texnologiyalari va axborot resurslarini rivojlantirish markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyat va “Unicon Soft” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbariyati, Arxiv muassasalari rahbarlari hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar ishtirok etdilar.

Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati