Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi

#korrupsiya
Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi
Samarqand viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda davlat xavfsizlik xizmati, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi mas'ul xodimlari va sohaga aloqador boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta'minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, turli jinoyat va huquqbuzarlikning oldini olish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur qonun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishda muhim huquqiy asos yaratdi. Bu davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning namoyon bo‘lishiga chek qo‘yilib, fuqarolar huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaning barcha shakllariga nisbatan murosasiz munosabat qaror topadi.
– Tadbir davomida korrupsiya va uning jamiyatimiz taraqqiyotiga zarari haqida yanada ko‘proq ma'lumotlarga ega bo‘ldim, – deydi Samarqand tuman davlat arxivi direktori D.Kadirov. – Masalan, arxiv idoralari xodimlari arxivga kelgan jismoniy va yuridik shaxslar bilan muloqotda bo‘ladi, xalq orasida yuradi. Kimdaki ushbu illatga moyillik bo‘lsa, bu haqda tegishli tashkilotlarni ogohlantirish lozim. Bu orqali biz avvalo, o‘sha insonni jinoyatdan asrab qolgan bo‘lamiz. Qonunda davlat organlari xodimlari ularni korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etishga ko‘ndirish maqsadida biror-bir shaxs o‘ziga murojaat etganiga oid barcha holatlar to‘g‘risida, shuningdek, davlat organlarining boshqa xodimlari tomonidan sodir etilgan shunga o‘xshash huquqbuzarliklarning o‘ziga ma'lum bo‘lib qolgan har qanday fakti haqida rahbarini yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor etishi shartligi belgilab qo‘yilgan. Ushbu majburiyatning davlat organlari xodimlari tomonidan bajarilmasligi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Tadbirda “Korrupsiya – taraqqiyotga g‘ov”, “Jinoyatga jazo muqarrar”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish – barchamizning umumiy ishimiz” kabi mavzularda ma'ruzalar tinglandi. Jamiyat rivojiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan masalalar muhokama qilindi. Xususan, arxiv idoralari xodimlari bevosita xalq bilan muloqotda bo‘lishi, ularni qiziqtirayotgan muammolar haqida doimiy xabardor bo‘lishi, muammolarni yechishda hamkor tashkilotlar bilan aloqani mustahkamlash zarurligi ta'kidlandi.
Tadbir davomida viloyat arxiv muassasalarida ikki yuzga yaqin xodimlar faoliyat ko‘rsatishi va ularning yaxshi va vijdonan ishlashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilganligi hamda arxiv muassasalarining jismoniy va yuridik shaxslarning qabul qilish xonalarida video kuzatuv moslamalari o‘rnatilganligi, viloyat arxiv ishi boshqarmasi va xuquqni muxofaza qiluvchi organlarning “Ishonch telefoni” raqamlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar, arxiv muassasalarining xizmat darajasini baholash anketalari shu bilan birga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bannerlar bilan jixozlab qo‘yilganligi aytib o‘tildi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.

"O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati