Mustaqil tadqiqotchilar arxiv hujjatlaridan qanday foydalanadi?

Bizga yo‘llangan murojaatning ma’nosi shunday: “Mustaqil tadqiqotchiman arxiv hujjatlaridan foydalanishni istayman. Internet tizimi orqali bo‘lsa ham hujjatlardan foydalana olamanmi? Ulardan nusxalarni qanday olsam bo‘ladi?
– Albatta, buning imkoni bor, – deydi “O‘zarxiv” agentligi axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev. – Arxiv hujjatlaridan foydalanish hamda ulardan nusxa olishning talablariga ko‘ra, shaxsning bizdagi o‘quvxonalaridan foydalanishi uchun bir martalik, yoki aniq muddat ko‘rsatilgan ruxsatnomalar tayyorlanadi. Shunga ko‘ra hujjatlardan foydalanish, ulardan nusxa olish, masofadan kerakli ariza va navbatga yozilish mumkin.
Bevosita hujjatdan foydalanish uchun esa arxivga kelish lozim bo‘ladi. Hujjatlarning faqatgina elektron kataloglarini masofadan turib tanishish imkoniyatini yaratish istiqboldagi rejalarimizdan hisoblanadi. Shu o‘rinda hujjatlardan foydalanish istagini bildirgan fuqarolarimizga hozirda karantin choralari yumshatilganini inobatga olib, bemalol arxivga tashrif buyurishlari mumkinligini ma’lum qilamiz. Arxiv muassasalarida hujjatlardan foydalanish uchun karantin talablaridan kelib chiqib zarur sharoitlar yaratilgan.
Shu o‘rinda “O‘zarxiv” agentligi pensiyaga chiqadiganlarga kerak bo‘ladigan arxiv ma’lumotnomasini elektron manbalar orqali yuborishni yo‘lga qo‘yganini ham eslatib o‘tamiz.
Endi agentlikka yo‘llangan ijtimoiy-huquqiy so‘rovlar http://my.archive.uz/portali orqali qabul qilinmoqda. 
Prezidentimizning tegishli farmoniga asosan ijtimoiy-huquqiy so‘rovlar davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari orqali qabul qilinishi belgilangan. Shu asosda Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bilan yagona integrallashgan tizim orqali elektron hujjat almashinuvi ustida ishlar olib borilmoqda.
Yil yakunida ishga tushishi kutilayotgan bu tizimda fuqaroga nafaqaga chiqish uchun faqatgina shaxsni tasdiqlovchi hujjat so‘raladi xolos. Ungacha esa davlat arxivlari taqdim qilgan va muhr bilan tasdiqlangan ma’lumotnomalarning elektron nusxalarini pensiya jamg‘armasi bo‘limlari qabul qiladi.


Manba : "Ўзархив" агентлиги Ахборот хизмати