Oq uyda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tantanali kutib olindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan rafiqasi bilan 2018-yil 15-may kuni ilk rasmiy tashrif bilan Vashingtonga keldi. 



Tashrifning asosiy tadbirlari 16-may kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentining rasmiy qarorgohida bo‘lib o‘tdi. 

Oq uyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp kutib oldi. 

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil bo‘ldi. O‘tgan davrda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida aloqalar turli sohalarda jadal rivojlanib, so‘ng yillarda Prezidentlar ikki marta - 2017-yil may oyida Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tgan arab-musulmon mamlakatlari va AQSH sammiti va 2017-yilning sentyabr oyida BMT Bosh assambleiyasining 72-sessiyasi doirasida uchrashib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mavjud aloqalar va istiqboldagi rejalar xususida suhbatlashgan edi. Shuningdek, 2017-yilda O‘zbekiston va AQSH rahbarlarining telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. 

Muloqotlarda davlat rahbarlari dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashdilar. Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

AQSH Prezidenti O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini rivojlantirish va kooperatsiyani faollashtirishga qaratilgan, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan ochiq va konstruktiv tashqi siyosati va faol sa’y-harakatlarini har doim qo‘llab-quvvatlab kelgan. 

O‘zbekiston bilan Amerikaning strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, ayniqsa, mintaqaviy va xalqaro tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha ikki davlat rahbarlarining yondashuvlari mushtarakligi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli munosabatlarni izchil rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. 

O‘tgan vaqt davomida O‘zbekiston va AQSH davlatlari o‘zaro anglashuv, hurmat va ikki tomonlama manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik ruhidagi munosabatlarni rivojlantirish yo‘lida muhim qadamlarni qo‘ydi. 

Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning istiqbolli rejalarini birgalikda ko‘rib chiqish maqsadida Prezident Donald Tramp O‘zbekiston rahbariga AQSHga rasmiy tashrif bilan kelishni taklif qildi. 

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan qabul qilingan bu taklif oliy darajadagi muloqotlarning yangi davrini boshlab berdi. 

Tashrifning birinchi kuni ikki davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvlari bilan boshlandi. 

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga AQSHga kelish taklifini qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy gumanitar sohalarda aloqalarni yanada rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik sohasidagi umumiy maqsadlarni amalga oshirishda birgalikda ishlashdan mamnun ekanligini qayd etdi. 

- Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston Respublikasi va uning qo‘shni davlatlari suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini, shuningdek, Sizning Markaziy Osiyoni yanada taraqqiy ettirish va o‘zaro hamjihatligini mustahkamlashga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlaringizni qo‘llab-quvvatlaydi, -dedi Donald Tramp. 

Donald Tramp O‘zbekiston Prezidentining mintaqaviy yondashuvga doir tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi, iqtisodiyot, jumladan, Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini rivojlantirishini qayd etdi. 

O‘z navbatida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom uchun minnatdorlik bildirdi. 

- O‘tgan davrda o‘zaro do‘stlik va sheriklik munosabatlarida mustahkam poydevor yaratildi. 2017-yilda bo‘lgan uchrashuv va telefon muloqotida muhokama etilgan masalalarni bugun maromiga yetkazishva yangi,ko‘p qirrali hamkorligimizni jadal rivojlantirishda yangi qadam bo‘ladideb o‘ylayman, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - O‘zbekiston va AQSHdagi Prezident saylovlaridan keyin mamlakatlarimiz munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugun qabul qilinadigan “O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi” nomli Qo‘shma bayonot o‘z nomi va mohiyati bilan ko‘p narsani anglatadi. Tomonlarning uzoq kelajakka mo‘ljallangan intilishlaridan dalolat beradi. 

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz tashqi siyosatining fundamental prinsip va konseptual asoslari o‘zgarmasdan qolishini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan an’anaviy munosabatlarni saqlash, har tomonlama hamkorlikni izchil mustahkamlash va rivojlantirishning qat’iy tarafdoridir. 

Prezidentimizning AQSHga rasmiy tashrifi tafsilotlari jahonning eng nufuzliommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda. 
 


Manba : UzA.uz