"O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati rasmiy munosabati

“Xotira haqida — «bosmachilar» kim bo‘lgan? Arxiv qachon ochiladi?” maqolasiga
MUNOSABAT

Kuni kecha xabar.uz saytida “Xotira haqida — «bosmachilar» kim bo‘lgan? Arxiv qachon ochiladi?” sarlavxasi ostida maqola e’lon qilindi. Bir qarashda maqoladagi e’tirozlar bevosita davlat arxivlariga emas, balki tadqiqotchilarga qaratilgan bo‘lsada, “Oshkor qilinmagan tarixiy arxivlar qachon ochiladi?” savolining o‘zi maqolani o‘quvchisida turli talqinda tushunilishiga sabab bo‘ladi.
Avvalambor “arxiv” atamasiga keladigan bo‘lsak O‘zbekiston Respublikasi “Arxiv ishi to‘g‘risida” gi Qonun 3-moddasida bu atama tushuncha sifatida quyidagicha yoritilgan. Arxiv — arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi muassasa. Davlat arxivlari muassasa sifatida ish kunlari, ish soatlarida doimo ochiq.
“O‘zbekiston Respublikasi davlat arxivlari o‘quv zallarida foydalanuvchilarning ishlash qoidalari” (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2001 yil 20 iyulda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1053)ning 1-bob 1,2-bandlarida Barcha foydalanuvchilar arxiv hujjatlarini kirib ko‘rishda teng huquqli. O‘quv zallariga tashrif va arxiv hujjatlaridan foydalanish uchun haq olinmaydi degan qoidalar belgilangan.
“O‘zarxiv” agentligi tizimidagi 103 ta davlat arxivlarida
1920-1930 yillarda O‘zbekiston tarixiga oid arxiv hujjatlari ham saqlanib kelinmoqda hamda foydalanish uchun o‘quv zallarida barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Davlat arxivlarida maqolada aks ettirilgan mavzudagi arxiv hujjatlaridan aksariyati “maxfiy” grifi qo‘yilmagan va foydalanish uchun ochiq hisoblanadi. Bu masalada istiqlol yillarida ilmiy tadqiqotlar ko‘p bo‘lmaganligini kuzatish mumkin.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 sentyabrdagi PF5834-son Farmoni 3 bandiga muvofiq 2020 yil 1 iyungacha davlat arxivlarida saqlanayotgan tarixiy davr (1917 yilgacha) arxiv hujjatlarini o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish bo‘yicha choralar ko‘rish ishlari boshlanganligini ma’lum qilamiz.

“O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati