O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI

HUZURIDAGI "O`ZARXIV" AGENTLIGI


Assalomu alaykum, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, xurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

 

Bugungi matbuot anjumanimizda O‘zbekiston milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi”ga asosan “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “Madaniy merosni saqlashda arxiv, muzey va kutubxonalarning o‘zaro aloqadorligi masalalari” mavzusidagi bugunning ustuvor masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan muhofaza etiladigan tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan madaniy yodgorliklar tarkibiga kiruvchi kartografiya, fotografiya materiallari, kinofilmlar, audio, video yozuvlar, arxiv, qo‘lyozma va chizma hujjatlarni arxiv muassalarida tizimli asosda jamlash, hisobini olib borish, saqlash hamda foydalanishni tashkil etish masalalari va bu borada arxiv, muzey va kutubxonalarning o‘zaro hamkorligi muhokama etildi.

O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunining 8-moddasiga asosan “O‘zarxiv” agentligi O‘zbekiston Respublikasining Milliy arxiv fondi (MAF)da turgan madaniy meros hujjatli ob’ektlarini o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida hisobga olinishi, muhofaza qilinishi va ulardan foydalanilishini amalga oshiradi.

Madaniy meros ob’ektlari tarkibiga O‘zbekiston xalqining moddiy va ma’naviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan arxiv hujjatlarining tarixan tarkib topgan va doimo boyitib boriladigan majmui hisoblanuvchi Milliy arxiv fondlarim ham kiritilgan. Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari O‘zbekiston xalqi madaniy merosining ajralmas qismi hisoblanib, ularni muhofaza qilish bo‘yicha “O‘zarxiv” agentligi tomonidan quyidagi ishlar tizimli amalga oshirilib kelinmoqda:

- MAF hujjatlarini ilmiy-texnik jihatdan ishlash va ularning saqlanishini ta’minlash;

- MAF alohida qimmatli va noyob hujjatlarining ehtiyot nusxalari yaratilishini tashkil etish;

- arxiv hujjatlari MAF tarkibiga kiritilgan arxiv fondlarining tarkibi, hajmi, ularning to‘ldirib borilishi, harakati va arxivlarga doimiy saqlashga berilishining tizimli va markazlashtirilgan hisobini, nazoratini olib borish;

- MAF tarkibiga kiritilgan arxiv fondlari mulkdorlari uchun o‘z arxiv fondlarining hajmi va tarkibi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish, shuningdek hujjatlarni arxiv saqloviga topshirish bosqichida hujjatlarni to‘g‘ri tartibga keltirishni tashkil etish;

- Milliy arxiv fondiga tegishli bo‘lgan axborot resurslarini saqlashni ta’minlaydigan elektron arxivlarni tashkil etishni va faoliyat ko‘rsatishini tartibga solish hamda muvofiqlashtirish;

- MAFning axborot resurslari va elektron hujjatlari himoya qilinishini ta’minlanish.

Mazkur ishlarni amalga oshirishda bugungi kunda “O‘zarxiv” agentligi tasarrufida respublikada 103 ta davlat arxivlarida 37 700 dan ortiq fond mavjud bo‘lib, ularning tarkibida 12,6 mln. saqlov birligida arxiv hujjatlari jamlangan. Shundan 8,6 mln. saqlov birligini Milliy arxiv fondi hujjatlari tashkil etadi.

10 000 dan ortiq idoraviy arxivlarda 1,2 mln. saqlov birligida Milliy arxiv fondi hujjatlari saqlanmoqda.

Arxiv muassalaridagi 5 886 ta shaxsiy fondda 374 907 saqlov birligidagi hujjatlar mavjud.

Madaniy merosni saqlash va ulardan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida bugungi kunga qadar respublikamizning barcha hududida 22 ta yangi davlat arxivi binolari qurib, foydalanishga topshirilgan. Bundan tashqari, 5 ta davlat arxivi binosi to‘liq rekonstruksiyadan chiqarildi. Eng muhimi, ular zamonaviyligi, eng ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangani jihatidan ajralib turadi. Amaliyotga izchillik bilan tatbiq etilayotgan shu kabi sa’y-harakatlar tufayli davlat arxivlarining sig‘imdorligi 2,5 million saqlov birligiga ortib, yildan yilga madaniy merosimiz boyitilib borilmoqda..

2008 yildan boshlab barcha davlat arxivlarida hujjatlarning “umri”ni uzaytirish maqsadida alohida qimmatli hujjatlarning elektron nusxalarini yaratish ishlariga kirishildi. Hozirga qadar 417 ming saqlov birligidan ortiq, shu jumladan 3,6 million qog‘oz asosdagi, 205 ming foto, 1600 kino, 2400 fono arxiv hujjatlarining elektron nusxalari yaratilib, jami davlat arxivlarida saqlanayotgan alohida qimmatli hujjatlarning 35 foizi elektron formatga o‘tkazildi.

Arxiv muassasalari tomonidan kutubxona va muzeylar bilan o‘zaro hamkorlik tizimli ravishda amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi muzeylarida saqlanayotgan shisha asosdagi fotoplastinkalarni raqamlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Kinofotofono hujjatlari markaziy davlat arxivi keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. 2014 yildan buyon shu kunga qadar 14 000 saqlov birligidagi shisha asosdagi fotoplastinkalar raqamlashtirildi. Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi tomonidan tashkil etiladigan “Central Asia” xalqaro konferensiyasida arxiv xodimlari sohaga oid dolzarb masalalarga bag‘ishlangan ma’ruzalari bilan ishtirok etib kelmoqdalar.

Keyingi yillarda xorijiy mamlakatlardan 9 ta kino va 2,5 mingdan ortiq tarixiy, ilmiy, siyosiy, madaniy hujjatlarning nusxalari olib kelindi. Qolaversa, Agentlikning maxsus buyrug‘i asosida har bir xorijga xizmat safarida bo‘lgan xodim borgan shahardagi davalat arxivini o‘rganib, ularning tajribasi bilan tanishib kelishi amaliyotga kiritildi.

Alohida e’tirof etish joizki, “O‘zarxiv” agentligi tomonidan joriy yilda YuNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi saqlovida bo‘lgan Xiva xoni devonxonasi (Kanselyariya Xivinskogo xana) fondining 1200 dan ortiq alohida qimmatli hujjatlarini kiritish jarayoni amalga oshirilmoqda.

Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “O‘zarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiramiz.

 

E’tiboringiz uchun rahmat!

19.08.2016 y.

Soat 11:00

Milliy matbuot markazi

Yuklab olish (*.pdf 162 kb)