O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi bayrami munosabati bilan Buxoro viloyatida “Konstitutsiya-bosh qomusimiz” mavzusida davra suhbati o’tkazildi

Tadbirda Buxoro viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig’i G’.Umarov so’zga chiqib, avvalo barcha arxiv muassasalari rahbar va xodimlarini O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi bayrami munosabati bilan tabriklab, “Konstitutsiya-bosh qomusimiz” mavzusi yuzasidan quyidagilarni bayon etdi.

To’la ishonch bilan aytish mumkinki, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo’lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo’lib kelmoqda. Bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida mustahkam poydevor bo’lib xizmat qilmoqda.

Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko’lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib,  fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o’sibbormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.

Konstitutsiyani ro’yobga chiqarish uni hayotga tatbiq etish borasida minglab qonun va qonun osti hujjatlari qabul qilindi. Shular qatorida respublikamizda arxiv ishini rivojlantirish va takomillashtirish borasida ham qonun va qonun osti hujjatlari qabul qilingan bo’lib, ulardan eng asosiysi 2010 yilda yangi tahrirda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining “Arxiv ishi to’g’risida”gi qonunidir.

Buxoro viloyat davlat arxivi direktori S.Abbosova, Qorako’l tuman davlat arxivi direktori Z.Ro’ziev, viloyat davlat arxivi yetakchi arxivchisi, Buxoro tumani hokimligi huzuridagi IXHSHT arxivi direktori N.Toyirova va boshqalar so’zga chiqib, “Konstitutsiya-bosh qomusimiz” mavzusida o’z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Arxiv ishini rivojlantirishda va aholiga sifatli arxiv xizmatlarini ko’rsatishda samarali mehnat qilib kelayotgan arxiv rahbar va xodimlari Buxoro viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasining “Faxriy yorlig’i” bilan taqdirlandi.