O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI

HUZURIDAGI "O`ZARXIV" AGENTLIGI


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni Janubiy Qozog‘iston viloyatiga tashrif buyurdi va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan amaliy uchrashuv o‘tkazdi. 

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik yaxshi qo‘shnichilik, qardoshlik va o‘zaro hurmat ruhida izchil rivojlanmoqda. O‘zaro aloqalar barcha sohalarda faollashmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 22-23-mart kunlari Qozog‘istonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifalar ochdi. Ushbu tashrif chog‘ida imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda. 

Janubiy Qozog‘iston viloyatidagi uchrashuvda Prezidentimizning shu yil mart oyida Qozog‘istonga davlat tashrifi davomida mamlakatlarimiz o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zaro uchrashuvlar muntazamlik kasb etgani davlatlararo munosabatlar samaradorligini yanada oshirishda muhim omil bo'layotganini ta’kidladi. 

– Joriy yil mart oyidagi Qozog‘istonga tashrifimizdan so‘ng o‘zaro hamkorligimizning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqdik. Vazirlar va hududlar rahbarlarining uchrashuvlari faollashdi, – dedi davlatimiz rahbari. 

Prezident Nursulton Nazarboyev oldingi uchrashuvdan keyin mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar yanada faollashganini qayd etdi. 

– Shu yilning birinchi choragida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy aloqalar sezilarli darajada oshdi. Transport-logistika, avtosanoat sohalaridagi va hududlararo hamkorlikni alohida ta’kidlash joiz. 2017-yilning dastlabki uch oyida o‘zaro tovar ayirboshlash 37 foizga ko‘paydi, – dedi Qozog‘iston Prezidenti.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Nursulton Nazarboyevga bugungi uchrashuv uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. 

Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligidagi ijobiy sur’atlar barqaror saqlanishi va yanada rivojlanishiga ishonch bildirdilar. 


Manba : Gov.uz