Rahim Avazmurodov Shuhrat ordeni kavaleri

#G‘alaba75 #Pobeda75
Rahim Avazmurodov
Shuhrat ordenlari Kavaleri
1924 yil Xorazm viloyati Shovot tumani Bo‘yrachi qishlog‘ida tug‘ilgan, millati o‘zbek, 7 sinfni tamomlagan, armiyaga qadar kolxozda ishlagan.
1942 yilda Shovot tumani harbiy komiteti tomonidan armiyaga chaqirilgan, kichik komandir-pulemetchik maktabini tugatgan. 1943 yildan Armiyada 77-gvardiya jangchilar diviziyasining 215-gvardiya miltiq polkining pulemyot bo‘limi komandiri sifatida Berlingacha bo‘lgan janglarda qatnashgan. Jang maydonlarida ajoyib qahramonlik, mardlik ko‘rsatdi. Bu qahramonlik evaziga ko‘kragiga soldat jasoratining butun ulug‘vorligini o‘zida mujassamlantirgan uchta Shuhrat ordenini taqib qaytdi.
Rahim Avazmurodov – gitlerchi bosqinchilarga qarshi kurashda ko‘rsatgan qahramonligi uchun Sovet Ittifoqida ana shu yuksak mukofot bilan taqdirlangan oz sonli soldat va kichik komandirlardan biri. U uchinchi daraja Shuhrat ordenini 1945 yil fevralida Visla daryosini kechib o‘tish vaqtidagi operatsiyalarda zo‘r mahorat ko‘rsatgani uchun oldi. Janglar bevosita gitlerchi bosqinchilarning o‘z tuprog‘ida – Germaniyada borayotgan edi. Mana shu vaqtda Rahim Oder daryosining chap qirg‘og‘ida jangchilarimizning olg‘a harakat qilib borishiga halaqit berib turgan nemis fel'dfebeli va yana bir snayperni aniq mo‘ljalga olib otib o‘ldirdi. Buning uchun u ikkinchi daraja Shuhrat ordeni bilan mukofotlandi.
1945 yil aprel oyida Frankfurt-na-Oder shahrini bosib olish va Berlin shturmi paytida harbiy harakatlardagi jasurligi va jasorati uchun oltindan ishlangan, eng yuqori birinchi daraja Shuhrat ordeni bilan mukofotlangan.
Gvardiya starshinasi, Shuhrat ordeni, "Jasorat uchun" medallari va boshqa ko‘plab mukofotlarning to‘liq egasi Rahim Avazmurodov 1945 yilda safdan chiqarilgan va Ona yurtiga qaytib kelgan. Traktorchilik kurslarini tamomlab, Chkalov nomidagi kolxozda ishladi. 1983 yil 16 dekabrda vafot qilgan.
Rozbek Karimov shaxsiy fondidan. Asos: fond №716, ro‘yxat №1, hujjat №17

"O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati