SAMARQANDDA YoSh ARXIVChILAR BILAN UChRAShUV

SAMARQANDDA YoSh ARXIVChILAR BILAN UChRAShUV
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2019 yil 27 dekabr' kuni mamlakat yoshlari bilan uchrashganida ularni madaniyat va san'at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, aholi va yoshlar o‘rtasida komp'yuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish, yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, hududlarda tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va xotin-qizlar bandligini ta'minlashdek 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi.
Shundan kelib chiqib har bir vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari hamda hokimlarga yoshlar bilan ishlash bo‘yicha alohida vazifalarni bergan edi. Ushbu vazifaning ijrosini ta'minlash maqsadida joriy yilning 18 fevral' kuni Samarqand viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i A.Mamanazarov tomonidan arxiv tizimidagi yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda OAV vakillari hamda arxivlarda faoliyat olib borayotgan yoshlar ishtirok etdi.
Ma'lumot o‘rnida qayd etish joizki, bugungi kunda boshqarma va uning tizimida 200 ga yaqin xodim mehnat qilmoqda. Ulardan 30 nafarini yoki 15 foizi yoshlar tashkil etadi.
Tadbirda boshqarma tizimidagi yoshlar bilan alohida ishlashning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish lozimligi ta'kidlandi. Ularni yetuk mutaxassis va yuksak ma'naviyatli shaxslar sifatida tarbiyalash, nafaqat boshqarma balki, butun mamlakatning haqiqiy tayanchi, kuchi va iftixoriga aylantirish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanligi aytildi.
Yoshlar bilan ko‘proq uchrashuvlar tashkil etish, o‘quv seminarlarda ular ishtirokini ta'minlash va xorijiy mamlakatlarda malakasini oshirish orqali katta natijalarga erishish mumkinligi haqida so‘z bordi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, yoshlarning erkin ishlashi, samarali hordiq chiqarishi, faol ma'naviy hayoti uchun 25 banddan iborat chora-tadbirlar rejasi tayyorlangan bo‘lib, ushbu maqsadlarga zarur mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilmoqda.
Ma'lumot o‘rnida bugun 30 yoshgacha bo‘lganlar orasidan 2 nafari boshqarma tizimida rahbarlik lavozimlarida mehnat qilmoqda.
Uchrashuv muloqot tarzida bo‘lgani uchun boshqarma yoshlari o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalalar, qiziqtirayotgan savollarni o‘rtaga tashlab, yetarlicha javob olishdi.


"O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati