Turkmaniston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot

 

O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasida 2016-yil 6-dekabr kuni telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. 

Turkmaniston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan samimiy tabrikladi. 

Suhbat chog‘ida o‘zbek va turkman xalqlarining tarixi mushtarakligi, ma’naviy va madaniy qadriyatlari yaqinligi ta’kidlandi. 

Mamlakat rahbarlari O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi serqirra hamkorlikning bugungi holati va istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama etib, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdilar. 

Davlat rahbarlari do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik prinsiplariga asoslangan yuksak darajadagi davlatlararo munosabatlarni mamnuniyat bilan qayd etib, bundan buyon ham siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda amaliy va ochiq muloqotlarni faol davom ettirishga qat’iy ishonch bildirdilar. 

Tomonlar mamlakatlarimiz xo‘jalik subyektlari va yetakchi kompaniyalari o‘rtasida amaliy aloqalar hamda yaqin hamkorlik sezilarli ravishda faollashayotgani, shuningdek, hamkorlikdagi ishlarda amaliy natijalarga erishilganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar. 

Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevga o‘zi uchun qulay bo‘lgan vaqtda Turkmanistonga rasmiy tashrif bilan kelishini taklif etdi. Taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi. 

Suhbat samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi. 


Manba : UzA.uz