“Xiva xonligi devonxona hujjatlari” fondi YuNESKOning 2016-2017 yillardagi nominatsiyasi bo‘yicha “Jahon xotirasi” dasturining Xalqaro ro‘yxatiga kiritildi

2018 yilning 22 mayida “Poytaxt” Biznes-markazida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan “Xiva xonligi devonxona hujjatlari” fondi YuNESKOning 2016-2017 yillardagi nominatsiyasi bo‘yicha “Jahon xotirasi” dasturining Xalqaro ro‘yxatiga kiritilganligi munosabati bilan maxsus sertifikat bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.



Taqdirlash marosimida “O‘zarxiv” agentligi rahbariyati, YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasidagi vakil, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xorazm Ma’mun akademiyasi, Xalqaro Islom Akademiyasi, Imom al-Buxoriy nomidagi xalqaro markaz, Ichan Qal’a qo‘riqxona muzeyi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti hamda Sharqshunoslik instituti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, va boshqa oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, yosh ilmiy-tadqiqotchilar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.



Ma’lumki, YuNESKOning butun jahon hujjatli merosini muhofaza qilish “Jahon xotirasi” (Memory of the World) Dasturi 1992 yilda ta’sis etilgan bo‘lib, 1997 yildan hujjatli merosni xalqaro, mintaqaviy va hududiy reyestrlari yuritiladi. 2016-2017 yilda “Jahon xotirasi” dasturiga kiritish maqsadida turli mamlakatlardan 130 ta arizalar kelib tushgan bo‘lib, ulardan 78 ta nomzodnomalar tanlab olingan. Ular orasida O‘zbekistonda saqlanayotgan Xiva xonligi arxiv hujjatlari Xalqaro ro‘yxatda 3 o‘rinda e’tirof etilib dunyo ahamiyatiga molik bo‘lgan bebaho hujjatli meros sifatida qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida 3000dan ziyod arxiv fondlari saqlanib, jami 1 mln. 700 mingdan ortiq Milliy arxiv fondiga tegishli yig‘majildlarning 170 mingdan ortig‘i alohida kimmatli arxiv hujjatlari hisoblanadi. XVII asr oxiri – XX asr boshlarida Xiva xonligidagi davlat boshqaruvi, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy hayotni aks ettiruvchi arxiv hujjatlari nafaqat Markaziy Osiyo, balki bir qator xorijiy davlatlarning ham tarixiga aloqadordir. Jumladan, xonning yorliqlari, xalqaro diplomatik aloqalar, xodimlarni mansabga tayinlash, oddiy fuqarolarning xonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaati, yer hosilining hisob-kitobi, soliqlar va zakot daftarlari, fuqarolarni ro‘yxatga olish va boshqa ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy-ma’rifiy va diniy masalalarni qamrab olgan. Xususan, Xiva xonligining ma’muriy-hududiy joylashishi, qo‘shni va boshqa xorijiy davlatlar rahbarlari bilan yozishmalar, davlat boshqaruvi, qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik, savdo aloqalari, xalqning turmush tarzi va madaniyatiga oid keng qamrovli ma’lumotlar mavjud.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan ushbu hujjatlar 1268 ta yig‘majilddan iborat bo‘lib, 20 ming varaq hujjatni tashkil etadi.

Bugungi kunda ushbu arxiv fondi hujjatlaridan foydalanuvchi tadqiqotchilarning soni kengayib bormoqda. Taqdirlash marosimida Xiva xonligi tarixini aynan birlamchi manbalar asosida o‘rganuvchi bir qator nufuzli olimlar bilan birga yosh tadqiqotchilar ham o‘z ma’ruzalari bilan qatnashib, ishtirok etuvchilarga xonlik tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan yangi ma’lumotlarni taqdim etdilar.



Shuningdek, tadbirda Xiva xonligi devonxonasi asl arxiv hujjatlaridan tarixiy-hujjatli ko‘rgazma ham tashkil etildi. Unda Xiva xonligi tarixiga doir Xiva xonining Angliya konsuli bilan diplomatik yozishmalari (1263 hijriy - 1846 milodiy yil), Afg‘oniston amiri Abduraxmonxonning Xiva xoni Muhammad Raximxonga yozgan do‘stlik maktubi, oddiy fuqarolarning Xiva xoniga yuborgan murojaatlari, Xiva xonligi fuqarolarining xorijga chiqish uchun olingan pasporti kabi hujjatlar namoyish etildi.

Taqdimot yakunida Xiva xonligi devonxonasi arxiv hujjatlarini yanada chuqurroq o‘rganish, ularni keng ommaga taqdim etish, arxiv hujjatlarini but saqlanishini ta’minlash va zamonaviy axborot texnologiyalarini arxiv ishiga samarali joriy etishga yo‘naltirilgan ilmiy amaliy loyihalar ishlab chiqish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.