Joriy yilning 20-iyul kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “2023-yil 1-yarim yilligi davomida “O‘zarxiv” agentligi tizimida amalga oshirilgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.












Mavzu:
“2023-yil 1-yarim yilligi davomida “O‘zarxiv” agentligi tizimida amalga oshirilgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani

O‘tkazish vaqti: 2023-yil 20-iyul soat 15:00 da

O‘tkazilish joyi: O‘zbekiston Milliy matbuot markazi binosi. Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 16-uy.

Tadbir tashkilotchisi: “O‘zarxiv” agentligi

Joriy yil 20-iyul kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “2023-yil 1-yarim yilligi davomida “O‘zarxiv” agentligi tizimida amalga oshirilgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Jumladan Matbuot anjumanida quyidagilar haqida axborot berildi: O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini rivojlantirishning 2023-yil 1-yarim yilligiga mo‘ljallangan rejasi 18 ta korsatkichlar bo‘yicha bajarilib, shundan 16 ta korsatkich bo‘yicha oshirib bajarildi.

Xususan, O‘zbekiston milliy arxivlari va respublika davlat arxivlari tomonidan jami 957,2 ming saqlov birligidagi 61,0 mln. kadr raqamlashtirildi. Tasdiqlangan rejaga muvofiq, 2023-yil boshidan 73,5 ming saqlov birligidagi qariyb 7,4 mln. kadr raqamlashtirildi va reja 107 foizga bajarildi. “Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarni yagona saqlovini taʼminlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimida 2023-yil 1-iyul holatiga koʻra Oʻzbekiston milliy arxivlari va davlat arxivlari tomonidan jami 48 436 ta fond, 46 380 ta roʻyxat va 524 349 saqlov birligi va 198 799 ta hujjat yaratilgan.

Joriy yilning iyun oyida Surxondaryo viloyatida hususiy tadbirkor tomonidan 3 qavatlik, zamonaviy talablar asosida qurilgan Denov tumani davlat arxivi foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda  mazkur davlat arxivi binosi 150 ming saqlov birligiga ega boʻlgan yangi zamonaviy arxivlardan hisoblanadi.

Agentlikka 2023-yil 1-yarim yilligida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 490 ta murojaatlar kelib tushdi. 2023-yil 1-yarim yillikda Respublika arxivlariga mavzuli va ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar jami 323 700 ta  kelib tushgan boʻlib, ijrosi ta’minlandi.

Tizimni rivojlantirishda qonunchilik va ichki normativ hujjatlarga eʼtibor kuchaytirildi. Jumladan, respublikamizda arxiv ishini tartibga solish va uni rivojlantirishga qaratilgan jami 24 ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan boʻlsa, joriy yil 6 oyda 2 ta qonun hujjati ishlab chiqildi. Jumladan, zamon talablaridan kelib chiqqan holda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy maqsadi tadbirkorlik subyektlari nodavlat arxivlarni davlat reestriga kiritish hamda hujjatlarni elektron arxivlash (saqlash) xizmatlarini koʻrsatuvchi nodavlat arxivlarning maʼlumotlar uzatish tarmoqlari xizmatlarini koʻrsatish uchun litsenziya olish talabini xabardor qilish tartibiga oʻzgartirishdan iborat. Endilikda nodavlat elektron arxivlarni tashkil etish bilan bogʻliq tartib-taomillar soddalashtiriladi. Bu esa nodavlat arxivlarini tadbirkorlik subyekti sifatida tashkiliy jihatlarining ancha soddalashtirilgan tizimi yaratilishiga asos boʻladi. Bugungi kunda loyiha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan boʻlib, kelishish jarayonida.

Shuningdek, кorxona va tashkilotlarda arxiv ishi va ish yuritish boʻyicha uslubiy hamda amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha 555 ta yalpi oʻrganish, 285 ta mavzuli oʻrganish ishlari olib borildi. 158 ta vazirlik va idoralar hamda boshqa tashkilotlarda arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazorati oʻtkazildi. Davlat nazorati natijalari boʻyicha 126 ta tashkilotlarga koʻrib chiqishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar berildi.  Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etgan 25 nafar masʼul rahbar va xodimlarga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirilib, oʻrnatilgan tartibda tegishli sudlarga taqdim etildi.

Arxiv ishi va ish yuritish sohasida faoliyat samaradorligini aniqlash, baholash hamda faoliyatni xalqaro talablar darajasiga olib chiqish natijasida joriy yil 6 oyligida “Oʻzarxiv” agentligining arxiv ishi sohasi boshqaruvida xalqaro standartlar talablariga muvofiq deb topildi. Hususan, xalqaro talablarga muvofiqlik darajasi oʻrganib chiqilib, ISO 9001:2015 sifat koʻrsatkichi standarti boʻyicha va korrupsiyaga qarshi ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatlariga ega boʻldi.

2023-yil 10-24-mayda Parijda boʻlib oʻtgan YUNESKO ijroiy kengashining 216 yigʻilishida Oʻzbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan “Buxoro amiri qoʻshbegisi mahkamasi” deb nomlangan I-126 raqamli arxiv fondi YUNESKOning roʻyxatiga kiritildi. Bugungi kunda mazkur fondda jami 9441 yigʻmajild 2 ta arxiv roʻyxatiga kiritilgan. Hujjatlarning davriy chegarasi 1718-1920-yillarni qamrab oladi. Fondning asosiy mazmuni Buxoro amirligi davlat siyosati, kommunikatsiya va logistika, harbiy ish, pasport tizimi, fuqarolarni huquqlarini muhofaza qilish, maʼmuriy-hududiy tuzilishi, sogʻliqni saqlash, tibbiyot va sanʼatga oid. Oʻzbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan “Buxoro amirligi qushbegi devonxonasi” arxiv fondi hujjatlari toʻplami Oʻrta Osiyo hukmdorlarining osiyo tillarida (arab, fors, chigʻatoy, rus va turkiy) to‘plangan hujjatli merosi saqlanadigan yirik arxivlardan biri hisoblanadi. Ushbu arxiv hujjatlari to‘plami Oʻrta Osiyo xalqlarining oʻziga xos merosi boʻlib, musulmon Sharqiga oid saqlanib qolingan eng katta hujjatlar toʻplami hisoblanadi.

Shuningdek, joriy yil birinchi yarim yilligida Oʻzbekiston Milliy arxivi 2 nafar xodimi Turkiya davlatining «Usmonlilar arxivi»da tadqiqot olib borib,  Oʻzbekiston tarixiga oid 5 000 dan ortiq (kadr) hujjatlar aniqlandi va nusxalari olib kelindi. Aniqlangan arxiv hujjatlari oʻzbek davlatchiligining XIV asrdan boshlab to XX asr boshlaridagi (1923-yil) siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy tarixini tadqiq etishda, uni yangi maʼlumotlar bilan boyitishga xizmat qiladi. Mazkur hujjatlar Fanlar akademiyasi Tarix instituti olimlari bilan hamkorlikda oʻrganilib, ilmiy muomalaga kiritiladi. Bugungi kunda Agentlik tomonidan  Usmonlilar arxivi va Oʻzbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan hujjatlar asosida “Turkiy xalqlar tarixiga oid noyob arxiv hujjatlari” nomli kitob nashr etish rejalashtirilmoqda.

Bu yil MDH mamlakatlari-davlat arxiv idoralari rahbarlari Maslahat Kengashining 19-yigʻilishi ilk bor Oʻzbekistonda, Samarqand shahrida sentabr oyida oʻtkazilishi rejalashtirildi. Bugungi kunda mazkur xalqaro anjumanni koʻtarinki ruhda oʻtkazishga “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan hamda Adliya vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Mazkur tadbir doirasida elektron arxiv hujjatlarini rivojlantirish, arxiv hujjatlarini raqamlashtirish borasida “Raqamlashtirish va elektron hujjatlar saqlovi muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman oʻtkaziladi.

Oʻtgan davr mobaynida aholiga arxiv xizmatlari koʻrsatish, tadqiqotchilar uchun  elektron arxiv tizimlarini joriy etish va qulayliklar yaratish maqsadida bir nechta elektron tizimlar yaratilgan boʻlsa, bu yilda 2 ta tizim yaratildi. Shulardan biri Raqamli arxivni rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, “Oʻzbekiston Milliy arxivi fondlarining onlayn yoʻlkoʻrsatkichini” deb nomlandi. Mazkur tizim amaliy tadqiqot doirasida sovet davrining Turkiston ASSR, BXSR, XXSR va Oʻzbekiston SSRning 1924-1945-yillarga tegishli arxiv fondlariga oid oʻzbek, rus, ingliz tilidagi respublika arxivlari faoliyati tizimida dastlabki raqamlashtirilgan yoʻlkoʻrsatkich yartildi. 

Shuningdek, davlat organlari va ularning quyi tuzilmalarida, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlarda Elektron hujjatlarni saqlash uchun topshirishga mo‘ljallangan “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimini ishlab chiqish va 2023-yil 1-yarim yilligida loyihalarini ishlab chiqish, dekabr oyiga qadar amaliyotga joriy etish ko‘zda tutilgan.

Tadbirda “O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekiston milliy arxivlari rahbarlari hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar ishtirok etdilar.

Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “O‘zarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati