Joriy yilning 27-oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan 2023-yil 9 oyligi davomida amalga oshirilgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Mavzu: “O‘zarxiv” agentligi tomonidan 2023-yil 9 oyligi davomida amalga oshirilgan ishlar”

O‘tkazish vaqti: 2023-yil 27-oktabr soat 12:00 da

O‘tkazilish joyi: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosi. Toshkent shahri, Navoiy shoh ko‘chasi, 30-uy.

Tadbir tashkilotchisi: “O‘zarxiv” agentligi

Joriy yil 20-oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “2023-yil 9 oyligi davomida “O‘zarxiv” agentligi tizimida amalga oshirilgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Jumladan Matbuot anjumanida quyidagilar haqida axborot berildi: O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini rivojlantirishning 2023-yil 9 oyligiga mo‘ljallangan rejasi 18 ta ko‘rsatkichlar bo‘yicha bajarilib, shundan 16 ta ko‘rsatkich bo‘yicha oshirib bajarildi.

Xususan, O‘zbekiston milliy arxivlari va respublika davlat arxivlari tomonidan jami 972,4 ming saqlov birligidagi 64,7 mln. kadr raqamlashtirildi. Tasdiqlangan rejaga muvofiq, 2023-yil boshidan 110,4 ming saqlov birligidagi qariyb 11,2 mln. kadr raqamlashtirildi va reja 107,3 foizga bajarildi. “Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarni yagona saqlovini taʼminlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimida O‘zbekiston milliy arxivlari va davlat arxivlari tomonidan jami 48 434 ta fond, 47 625 ta ro‘yxat va 614 556 saqlov birligi va 259 107 ta hujjat yaratilgan.

Arxiv sohasida aholi va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari soni yana 2 taga oshdi, jumladan Arab alifbosida yaratilgan turk, fors va arab tilidagi hujjatlardagi axborotlar to‘g‘risida annotatsiya maʼlumotlarini olish bo‘yicha hamda Arxiv hujjatlari, kitoblar va qo‘lyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish) bo‘yicha davlat xizmati onlayn ko‘rinishga o‘tkazildi.

Agentlikka 2023-yil 9 oylik davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 725 ta murojaatlar kelib tushdi. 2023-yil 9 oylik davomida Respublika arxivlariga mavzuli va ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar jami 447 361 ta  kelib tushgan bo‘lib, ijrosi taʼminlandi.

“O‘zarxiv” agentligi, Arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan tashkilotlar hamda korxonalarda arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha 2023-yil 9 oyligi davomida 233 ta tashkilotda nazorat tekshiruvlari o‘tkazilib, arxivlar tomonidan tashkilot va korxonalarga qo‘llanilgan chora sifatida 185 ta taqdimnomalar kiritilgan, 32 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 1 ta materiallar yuborilgan. Shuningdek, korxona va tashkilotlarda arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha uslubiy hamda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 854 ta yalpi o‘rganish, 433 ta mavzuli o‘rganish ishlari olib borildi.

2023-yil 9 oyligida Agentlik huzuridagi Arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazida jami 552 nafar tinglovchi malaka oshirdi.

19-21-sentabr kunlari MDH mamlakatlari-davlat arxiv idoralari rahbarlari Maslahat Kengashining 19-yig‘ilishi ilk bor O‘zbekistonda, Samarqand shahrida o‘tkazildi. Mazkur tadbir doirasida elektron arxiv hujjatlarini rivojlantirish, arxiv hujjatlarini raqamlashtirish borasida “Raqamlashtirish va elektron hujjatlar saqlovi muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi. Tadbirda Ozarbayjon, Armeniya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Vengriya, Turkiya va AQSH davlatlari arxiv xizmatlari, rahbarlari, mutaxassislari ishtirok etdilar.

Bundan tashqari ushbu tadbirlar davomida O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari Milliy arxivning 80 yilligini keng nishonlandi. Bu yil ushbu arxivning 80 yilligi munosabati bilan  “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “O‘zbekiston” nashriyotida maxsus kitob-albom chop etildi. Mazkur kitob-albomda O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivining tashkil topishidan tortib shu kungacha faoliyati, bu yerda ishlagan jonkuyar rahbar va xodimlar, qiziqarli arxiv hujjatlaridan namunalar keltirilgan.

Arxiv 80 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan Ali Xamroyev rejissyorligida “Mangu lahzalar” hujjatli filmi tayyorlandi. Filmdagi qiziqarli kadrlar orqali arxivning kecha va bugungi kuni, unda saqlanayotgan o‘ta noyob, benihoya qiziqarli kino, foto, ovozli hujjatlar xaqida maʼlumot olish mumkin.

Davlat arxiv o‘quvxonalarida tadqiqotchilar ishini tashkil etish bo‘yicha 2777 nafar O‘zbekiston fuqarolari, 34 nafar Chet el fuqarolari tadqiqotchilik ishlarini olib bordilar, shuningdek 31791 saqlov birligidagi hujjatlar tadqiqotchilarga foydalanish uchun taqdim etildi.

26-oktabr kuni Akademik Galina Anatolyevna Pugachenkovaning shaxsiy arxiv hujjatlarini O‘zbekiston Milliy arxivda davlat saqloviga topshirish marosimi o‘tkazildi. Tadbirda Fransiya elchixonasi, Shveysariya elchixonasi rahbar xodimlari, tarixchi-olimlar, arxivchilar, jamoatchilik vakillari, blogerlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

“Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarni yagona saqlovini taʼminlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimida O‘zbekiston milliy arxivlari va davlat arxivlari tomonidan jami 48434 ta fond, 47625 ta ro‘yxat, 614556 ta saqlov birligi va 259107 ta hujjat bazasi yaratildi. Hozirda, respublika foydalanuvchilari uchun arxiv maʼlumotlarini (fond, ro‘yxat, saqlov birligi, hujjat) tezkor aniqlash imkoniyatini yaratish maqsadida kengaytirilgan qidiruvni tashkil etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, davlat organlari va ularning quyi tuzilmalarida, barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlarda Elektron hujjatlarni saqlash uchun topshirishga mo‘ljallangan “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimini ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda sinov jarayonlari o‘tkazilmoqda va 2024 yil boshidan amaliyotga joriy etish ko‘zda tutilgan.

Tadbirda “O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekiston milliy arxivlari rahbarlari hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar ishtirok etdilar.

Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “O‘zarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati