“lnfolib Uzbekistan” VII Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida “Moddiy-madaniy meros obyektlarining o‘zaro integratsiyasi” mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi
2018 yil 18 oktyabr kuni “lnfolib Uzbekistan” VII Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida “Moddiy-madaniy meros obyektlarining o‘zaro integratsiyasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda axborot-kutubxona, axborot-resurs markazlarining nodir fondlari bilan ishlovchi mutaxassislar muzey, arxivlar xodimlari va kutubxona foydalanuvchillari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi Qo‘lyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar xizmati rahbari N.Zoitova davra suhbati ishtirokchilarini qutladi va tadbirning dolzarbligi jihatlarini aytib o‘tdi. “Mazkur davra suhbatining maqsadi - moddiy-madaniy meros obyektlarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning kasbiy malakalarini oshirish, sohada ro‘y berayotgan o‘zgarishlar va yangiliklarni o‘zlashtirish va osonlashtirish maqsadida ular o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, normativ tartiblarni muhokama qilish, konservatsiya, restavratsiya va kataloglash masalalarining sifatini yaxshilash”.
O‘zbekiston davlat tarixi muzeyi direktori J.Ismailova moddiy-madaniy meros obyektlarining o‘zaro integratsiyasi borasida quyidagilarni ta’kidladi: “Madaniy meros va madaniy qadriyatlarga bo‘lgan huquqiy me’yorlar va me’yorlarga qat’iy rioya qilish, birinchi navbatda, madaniy merosning barcha hajmini saqlab qolish uchun shart-sharoitlarni yaratishni nazarda tutadi”.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O’zarxiv” agentligi Bosh direktori o‘rinbosari D.Kucharova moddiy-madaniy meros obyektlarining o‘zaro integratsiyasi zaruratini va uning turizmni rivojlantirishdagi rolini e’tirof etdi. “Muzeylar, kutubxonalar, arxivlar, madaniy va tarixiy merosni asrab-avaylaydi, ular madaniy va ma’rifiy sayyohlikni rivojlantirishga, shu jumladan interaktiv dasturlarning to‘plamini rivojlantirishga yordam beradigan hududlarni, shu jumladan ichki va tashqi turizm bozorlarida reklama qilishda yetakchi rol o‘ynaydi”.
Davra suhbati doirasida moddiy-madaniy meros obyektlarida olib borilayotgan ishlarni yagona standartlar asosida tashkil etish, moddiy-madaniy meros obyektlarida olib borilayotgan ishlar va erishilgan yutuqlar, ularni targ‘ib qilish va soha mutaxassislari bilan o‘rtoqlashish mexanizmlari, YuNESKO “Jahon xotirasi” dasturining mintaqaviy va xalqaro darajasiga merosiy hujjatni taqdim etish tartib va talablari, moddiy-madaniy meros obyektlari fondlarini konservatsiya va restavratsiya qilish asoslari kabi mavzular muhokama qilindi.