O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi

“O‘zarxiv” agentligi markaziy apparati, hududiy boshqarmalar, tizimdagi tashkilotlardagi Davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash uchun tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5843-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi talablari asosida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi (keyingi o‘rinlarda – “O‘zarxiv” agentligi) tizimidagi vakant lavozimlarga ishga qabul qilish, xodimlarni boshqa lavozimga o‘tkazish jarayonida shaffoflikni ta’minlash, ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq maxsus elektron dastur asosida talabgor fuqarolar va tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarining barchasiga teng imkoniyatlardan foydalangan holda saralab olish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Tartib qoidalari quyidagi lavozimlarga tatbiq etilmaydi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan yoki ular bilan kelishiladigan lavozimlar, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa;

O‘zbekiston Respublikasi ishlab chiqarish (mutaxassis xodimlar), texnik va xizmat ko‘rsatuvchi toifadagi lavozimlar.

3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

vakant lavozim – Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestrida mavjud egallanmagan lavozim;

nomzod – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining “Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali”da (keyingi o‘rinlarda – Portal) vakant lavozimni egallash bo‘yicha nomzod sifatida mazkur Nizomda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi.

4. Tanlov meritokratiya, ochiqlik, muqobillik va mustaqillik tamoyillari asosida o‘tkaziladi.

2-bob. Tanlov turlari

5. Vakant lavozimlarini egallash Portal orqali o‘tkaziladigan ichki va tashqi tanlovlar asosida amalga oshiriladi.

Ichki tanlovlarda “O‘zarxiv” agentligi va uning tizimida faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilari, tashqi tanlovlarda esa tegishli malaka talabiga javob beradigan barcha nomzodlar ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.

6. Ichki tanlovlar vakant lavozim vujudga kelgan kundan boshlab o‘n besh ish kuni ichida e’lon qilinadi.

Ichki tanlovlar natijasida tanlov g‘olibi aniqlanmagan yoki vakant lavozim vujudga kelgan kundan boshlab o‘n besh ish kuni ichida ichki tanlov e’lon qilinmagan taqdirda, ushbu vakant lavozim bo‘yicha tashqi tanlov e’lon qilinadi.

Bitta vakant lavozim uchun bir martadan ortiq ichki tanlov o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

“O‘zarxiv” agentligi tizimidagi boshlang‘ich lavozimlarni egallash faqat tashqi tanlovlar asosida amalga oshiriladi.

 

3-bob. Tanlovni tashkil qilish

 

7. Portaldagi vakant lavozimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksidagi ma’lumotlar asosida shakllanadi.

Vakant lavozimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Portalga joylashtirilgan sana mazkur lavozimni egallash bo‘yicha tanlov e’lon qilingan kun deb hisoblanadi.

8. Tanlov quyidagi bosqichlar asosida tashkil etiladi:

birinchi bosqich – tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risida e’lon berish;

ikkinchi bosqich – nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish va saralash;

uchinchi bosqich – nomzodlarning bilimini test sinovidan o‘tkazish;

to‘rtinchi bosqich – nomzodlar bilan suhbat o‘tkazish.

Tanlovlarda nomzodlar soni uch nafar va undan kam bo‘lgan hollarda davlat organi tomonidan tanlovning uchinchi bosqichi o‘tkazilmasligi mumkin.

9. Tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e’lon “O‘zarxiv” agentligi markaziy apparati va uning tizimdagitashkilotining rasmiy veb-saytida, ijtimoiy tarmoqlarida joylashtiriladi.

Shuningdek, mazkur e’lon davriy nashrlarda ham joylashtirilishi mumkin.

Tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi e’londa quyidagilar ko‘rsatiladi:

o‘tkazilayotgan tanlov turi;

vakant lavozim nomi va unga qo‘yiladigan malaka talablari;

lavozim majburiyatlari;

lavozim maoshi;

mehnat sharoitlariga oid ma’lumotlar.

Lavozimlarning ayrim toifalari uchun qo‘shimcha talablar mavjud bo‘lgan taqdirda, e’longa bu haqda ma’lumot kiritiladi.

10. Tanlovda ishtirok etish bo‘yicha nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish muddati tanlov e’lon qilingan kundan boshlab besh kalendar kunni tashkil qiladi. Tashqi tanlovlar bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish muddati o‘n kalendar kungacha uzaytirilishi mumkin.

Tanlovda ishtirok etish bo‘yicha hujjatlar kelib tushmagan taqdirda, ushbu lavozim bo‘yicha qayta tanlov avtomatik tarzda e’lon qilinib, hujjatlarni qabul qilish muddati besh kalendar kunga uzaytiriladi.

Tanlovning barcha bosqichlari tanlovda ishtirok etish bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish muddati tugagan kundan boshlab yigirma ish kuni mobaynida o‘tkazilishi lozim.

  • Nomzodga bir vaqtning o‘zida bitta davlat organining bittadan ortiq bo‘lmagan vakant lavozimini egallash uchun tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi.

  • Nomzodlar tomonidan tanlovda ishtirok etish bo‘yicha tanlov natijasiga ta’sir qiladigan yolg‘on ma’lumotlar (hujjatda yo‘l qo‘yilgan texnik xatolik yoki boshqa kamchiliklar bundan mustasno) taqdim etilganligi aniqlanishi ularni tanlovdan chetlatish yoki tanlov natijalarini bekor qilish uchun asos bo‘lib hisoblanadi.

14. Tanlovda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 28-moddasida belgilangan davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishi mumkin bo‘lmagan shaxslardan boshqa barcha shaxslar ishtirok etishi mumkin.

15. “O‘zarxiv” agentligida tanlovlarni o‘tkazish uchun besh nafardan yetti nafargacha a’zodan, viloyat, tuman (shahar) darajasidagi tizim tashkilotlarida esa uch nafardan besh nafargacha a’zodan iborat Tanlovlarni tashkillashtirish va o‘tkazish komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Tanlov komissiyasi) tuziladi.

Tanlov komissiyasining tarkibi “O‘zarxiv” agentligi markaziy apparati va uning tizimdagi  tashkilotlari rahbari qarori bilan tasdiqlanadi.

tanlov o‘tkazilayotgan “O‘zarxiv” agentligi markaziy apparati va uning tizimdagi  tashkilotlari rahbari (rahbar o‘rinbosarlari) – tanlov komissiyasining raisi hisoblanadi.

Tanlov komissiyasi tarkibiga qoida tariqasida:

“O‘zarxiv” agentligi markaziy apparati va uning tizimdagitashkilotining vakant lavozimiga tanlov e’lon qilingan tarkibiy bo‘linmasi rahbari;

“O‘zarxiv” agentligi markaziy apparati va uning tizimdagitashkilotining inson resurslari bo‘yicha rahbari yoki kadrlar bo‘linmasi mas’ul (xodimi);

“O‘zarxiv” agentligi markaziy apparati va uning tizimdagitashkilotining yuridik xizmati rahbari (xodimi) kiritiladi;

Qonunchilik hujjatlarida lavozimga tayinlashda nomzodni tegishli mahalliy hokimlik, vazirlik yoki idora bilan kelishish belgilangan bo‘lsa, Tanlov komissiyasi tarkibiga mazkur hokimlik, vazirlik yoki idoraning mas’ul vakili ham kiritiladi.

Tanlov komissiyasi tarkibiga “O‘zarxiv” agentligi, ta’lim muassasalari hamda vakant lavozimning xususiyatidan kelib chiqib, boshqa  mutaxassislar ham kiritilishi mumkin.

“O‘zarxiv” agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tomonidan doimiy ravishda Tanlov komissiya a’zolarining malakasi oshirib boriladi.  

Tanlov o‘tkazilishi davomida tanlov qoidalarini buzgan hamda qaror qabul qilishda xolislikni ta’minlay olmagan Tanlov komissiyasi a’zosi Agentlik tomonidan komissiya tarkibidan chiqarib yuborilishi mumkin.

16. Tanlov komissiyasi o‘z faoliyatini kollegiallik, oshkoralik, xolislik, adolatlilik, qonuniylik va betaraflik tamoyillari asosida amalga oshiradi.

17. Tanlov o‘tkazilayotgan “O‘zarxiv” agentligi markaziy apparati va uning tizimdagi  tashkilotining Inson resurslari bo‘yicha bosh mutaxassis yoki kadrlar masalasi bo‘yicha ish yuritishga mas’ul tanlov komissiyasining ishchi organi (keyingi o‘rinlarda – ishchi organ) hisoblanadi. 

 

  •  Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlarni saralash

 

18. Tanlov unda ishtirok etish uchun kamida ikkita nomzoddan hujjatlar kelib tushgan taqdirda o‘tkaziladi.

19. Tanlov komissiyasi hujjatlar qabul qilish muddati tugagan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida nomzodlarning vakant lavozim uchun belgilangan malaka talablariga mosligini o‘rganib chiqadi va ushbu muddat ichida ishchi organ tomonidan o‘rganish natijasi bo‘yicha nomzodlarning Portaldagi shaxsiy kabinetlariga xabar yuboradi.

Nomzod malaka talablariga mos emas deb topilgan taqdirda, Portaldagi shaxsiy kabinetga yuboriladigan xabarda uning asoslari ko‘rsatiladi.

Ishchi organ tanlov bosqichlari o‘tkazilishi bo‘yicha ma’lumotlarni nomzodlarning Portaldagi shaxsiy kabinetlariga tanlov bosqichlari o‘tkazilishi boshlanishidan kamida yigirma to‘rt soat oldin yuborilishini ta’minlaydi.

20. Tanlov o‘tkazishda oshkoralik va xolislikni ta’minlash maqsadida uchinchi va to‘rtinchi bosqichlar videoyozuv orqali yozib olinadi hamda “O‘zarxiv” agentligi tomonidan olti oy davomida saqlanadi.

21. Nomzodlar tanlov bosqichlari natijalari va o‘tkazilishi bo‘yicha ma’lumotlarni Portaldagi shaxsiy kabineti orqali kuzatib boradi.

Tanlov bosqichlari o‘tkazilishi to‘g‘risida o‘rnatilgan tartibda Portaldagi shaxsiy kabinet orqali xabardor qilingan, lekin unda ishtirok etmagan nomzodlar tanlovdan chetlashtiriladi.

5-bob. Test sinovlarini o‘tkazish

22. Test sinovlari nomzodlarning bilim va malakasini baholash maqsadida Agentlikning Davlat xizmatining yagona elektron-axborot tahlil tizimidagi “Davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli” – maxsus test tizimi orqali o‘tkaziladi.

23. Test sinovlari davlat tilida o‘tkaziladi.

24. Test sinovlari ishchi organ tomonidan “O‘zarxiv” agentligi yoki Agentlikning maxsus jihozlangan xonasida o‘tkaziladi.

25. Test sinovlarini o‘tkazish jarayonida nomzodlarga quyidagilar taqiqlanadi:

aloqa va telekommunikatsiya vositalari (telefon, kompyuter, planshet va boshqalar), kitob hamda shpargalkalardan foydalanish;

boshqa nomzodlar bilan suhbatlashish;

test sinovlari tugamasdan xonadan tashqariga chiqish.

Mazkur talablarni buzgan nomzod ishchi organ tomonidan dalolatnoma tuzilgan holda tanlovdan chetlashtiriladi.

26. Nomzod tomonidan test sinovlari natijasida kamida 60 ball to‘planishi, uning tanlovning keyingi bosqichiga o‘tishi uchun asos bo‘ladi.

27. Test sinovlari natijalari avtomatik ravishda nomzodning Portaldagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

28. Test sinovlarini ijobiy topshira olmagan nomzodlar ushbu Nizomda belgilangan tartibda e’lon qilingan yangi tanlovda qatnashishi mumkin.

 

6-bob. Suhbat o‘tkazish

 

29. Suhbat nomzodning intellektual salohiyati, ma’naviy fazilatlari hamda kasbiy mahoratini baholash maqsadida o‘tkaziladi.

Suhbat intervyu yoki taqdimot (keys-stadi, topshiriq) kabi usullar asosida amalga oshiriladi.

30. Suhbat Tanlov komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi. Suhbatda Tanlov komissiyasi a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.

Agar tanlov komissiyasi a’zosi suhbatdan o‘tayotgan shaxsning yaqin qarindoshi bo‘lsa yoki suhbat natijasidan bevosita manfaatdor bo‘lsa yohud uning xolisligiga shubha tug‘diruvchi boshqa holatlar mavjud bo‘lsa, a’zo o‘zini o‘zi rad etishi shart. Mazkur tartibga rioya qilmaslik tanlov natijalarini bekor qilishga asos bo‘ladi.

“O‘zarxiv” agentligi tomonidan ayrim hollarda (“O‘zarxiv” agentligini tashkil etish, qayta tashkil etish) tanlovning suhbat bosqichini o‘tkazish bo‘yicha Agentlik bilan kelishilgan holda Maxsus komissiya tuzilishi mumkin.

31. Qonunchilik hujjatlarida lavozimga tayinlashda nomzodni tegishli mahalliy hokimlik, vazirlik yoki idora bilan kelishish belgilangan lavozimlar bo‘yicha Tanlov komissiyasi tarkibiga mas’ul vakili kiritilgan mahalliy hokimlik, vazirlik yoki idoraga Ishchi organ tomonidan suhbat o‘tkaziladigan kundan kamida uch ish kuni oldin xabardor qilinishi shart.

32. Suhbatning intervyu usulida har bir nomzodga soha bo‘yicha bilim saviyasi, shaxsiy va kasbiy kompetensiyasi, umumiy dunyoqarashi hamda vakant lavozim uchun mosligini aniqlashga qaratilgan beshta savol (topshiriq) tasodifiy tanlash (avtomatik generatsiya) orqali beriladi. Asosiy savollardan so‘ng berilgan javoblarni aniqlashtirish maqsadida ko‘pi bilan beshta qo‘shimcha savol berishi mumkin.

Savollar (topshiriqlar) “O‘zarxiv” agentligi va uning tizim tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilib, davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.  

33. Suhbatning taqdimot usulida ishchi organ tomonidan suhbat o‘tkazish kunidan uch kun oldin nomzodlarning Portaldagi shaxsiy kabinetiga taqdimot (topshiriq) mavzulari yuboriladi.

Suhbat davomida nomzod berilgan mavzulardan biri bo‘yicha taqdimot qilib beradi. Taqdimotdan so‘ng Tanlov komissiyasi a’zolari har bir nomzodning taqdimot mavzusi doirasida aniqlashtirish maqsadida ko‘pi bilan beshta qo‘shimcha savol berishi mumkin.

34. Nomzodlarni baholash uchun har bir Tanlov komissiyasi a’zosiga Portalda shaxsiy kabinet ochiladi.

Tanlov komissiyasi a’zolari har bir nomzod shu kunning o‘zida Portaldagi shaxsiy kabineti orqali onlayn tarzda nomzodlarni to‘rtta yo‘nalishda (bilim saviyasi, shaxsiy va kasbiy kompetensiyasi, umumiy dunyoqarashi, vakant lavozim uchun mosligi) 100 ballik tizim asosida baholaydi.

35. Suhbat yakunlari bo‘yicha Tanlov komissiyasi a’zolari tomonidan nomzodga qo‘yilgan ballarni avtomatik ravishda umumlashtirilib, yakuniy ball hisoblanadi.

Suhbat natijasiga ko‘ra eng yuqori yakuniy ball to‘plagan nomzod tanlov g‘olibi deb topilib, Tanlov komissiyasi bayonnomasi bilan tasdiqlanadi.

Mazkur Nizomning 15-bandi sakkizinchi xatboshisida nazarda tutilgan mas’ul vakil tomonidan suhbat uchun qo‘yilgan o‘rtacha ball 56 balldan past bo‘lgan taqdirda nomzod tanlov g‘olibi deb topilishi mumkin emas.

Nomzodlarning ballari teng bo‘lgan taqdirda Tanlov komissiyasi raisining xulosasiga asoslanib yakuniy qaror qabul qilinadi.

Tanlov g‘olibi o‘z arizasiga ko‘ra mehnat shartnomasini tuzishdan bosh tortgan taqdirda, Tanlov komissiyasi xulosasiga asosan hisoblangan ballga ko‘ra navbatdagi o‘rinni egallagan nomzod tanlov g‘olibi deb topilishi mumkin.

Tanlov natijasida nomzodlar 56 balldan past bo‘lgan yakuniy ball to‘plagan taqdirda, tanlov g‘olibi topilmagan deb hisoblanib, tanlov qaytadan e’lon qilinadi.

36. Agentlik suhbatda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun o‘z vakilini yuborish huquqiga ega.

Agentlikning vakili suhbat o‘tkazish jarayoni tanlovni tashkillashtirish va o‘tkazish qoidalariga mos kelishi, shuningdek, tanlov komissiyasining xolis qaror qabul qilishi bo‘yicha nazorat olib boradi.

37. Nomzodlar tanlov komissiyasi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda qaror qabul qilingan kundan boshlab bir oy muddatda tanlov natijalari bo‘yicha komissiya qarori ustidan yuqori turuvchi organga, Agentlikka yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

38. Tanlov g‘olibi aniqlangan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida (kelishiladigan lavozimlar o‘rnatilgan tartibda kelishilganidan so‘ng) “O‘zarxiv” agentligi markaziy apparati va uning tizimdagi  tashkilotlari rahbari tanlov g‘olibi bilan mehnat shartnomasini tuzadi.

Ishchi organ tomonidan bir kunlik muddatda Tanlov komissiyasining bayonnomasi va tanlov g‘olibi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Portalga joylashtiriladi.

 

7-bob. Yakunlovchi qoidalar

 

39. Tanlov o‘tkazish jarayonida ushbu Nizom qoidalariga rioya etmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, Agentlik tegishli “O‘zarxiv” agentligi markaziy apparati va uning tizimdagi tashkilotlari rahbariga aniqlangan qonunchilik buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish va tanlov komissiyasining qarorini bekor qilish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritadi.

40. Tanlov komissiyasining a’zolari hamda tanlov jarayoni ishtirokchilari tomonidan tanlov davomida nomzodlar to‘g‘risida olingan shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilish taqiqlanadi.

41. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.