O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligining
Markaziy ekspert-tekshiruv komissiyasi to‘g‘risida 

NIZOM

Hujjatlar qimmatdorligini ekspertiza qilish va ularni davlat hamda idoraviy arxivlarda jamlash masalalari, muassasalar ish yuritishida hujjatlarni tashkil etish bilan bog‘liq, shuningdek, respublika arxiv muassasalari ekspert-tekshiruv komissiyalari (keyingi o‘rinlarda - ETK), Ekspert komissiyalari (keyingi o‘rinlarda - EK) hamda vazirlik, davlat qo‘mitalari va idoralar Ekspert komissiyalari faoliyati ustidan uslubiy rahbarlik va nazoratni amalga oshirish maqsadida “O‘zarxiv” agentligining Markaziy ekspert-tekshiruv komissiyasi (keyingi o‘rinlarda - METK) tashkil qilinadi.

I. Umumiy qoidalar

1. METK O‘zbekiston Respublikasining “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa qonunosti hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qaror, Farmon va Farmoyishlariga, Hukumat qarorlari va farmoyishlariga, Arxiv ishi bo‘yicha nizomlar, yo‘riqnomalar va boshqa normativ hujjatlarga, “O‘zarxiv” agentligi buyruqlari, ko‘rsatmalari hamda mazkur Nizomga asosan faoliyat ko‘rsatadi.

2. METK – maslahat organi hisoblanadi. Uning qarorlari “O‘zarxiv” agentligi rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi, shundan so‘nggina arxiv muassasalari, shuningdek respublika vazirliklari, davlat qo‘mitalari, idoralari va tashkilotlarida bajarilishi shart hisoblanadi. 

3. METK tarkibi rais, uning o‘rinbosari, kotib va “O‘zarxiv” agentligi hamda Toshkent shahrida joylashgan davlat arxivlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni arxivi mutaxassislari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, jamoat va ilmiy-tadqiqot muassasalari tashkilotlari, o‘quv yurtlari va idoralar vakillaridan iborat komissiya a’zolaridan tashkil topadi. METK raisi etib “O‘zarxiv” agentligi boshqaruv xodimlaridan biri tayinlanadi. 

II. METKning asosiy vazifalari va funksiyalari

4. Respublika davlat arxivlarining jamlash manbalari turlarini va O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi (O‘zR MAF) hujjatlari tarkibini aniqlash.

5. O‘zR MAF hujjatlarining tarkibini optimallashtirish, hujjatlar qimmatdorligi ekspertizasining uslubiy va amaliy masalalari, davlat arxivlarini jamlash hamda vazirliklar va idoralarning saqlov muddatlari ko‘rsatilgan namunaviy hujjatlar ro‘yxatida nazarda tutilmagan hujjatlarning saqlanish muddatini belgilash masalalarini ko‘rib chiqish va qarorlar qabul qilish,. 

6. Respublika arxiv muassasalari ETK-lari hamda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning ekspert komissiyalari, shu jumladan O‘zR MAF hujjatlarining doimiy saqlanuvini amalga oshiradigan idoralar faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish va nazorat olib borish. 

7. METK o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagilarni ko‘rib chiqadi:

a) hujjatlar qimmatdorligini ekspertiza qilish, respublika davlat va idoraviy arxivlarda hujjatlarni jamlash hamda muassasalar ish yuritish hujjatlarini tashkil etish masalalari bo‘yicha normativ va uslubiy hujjatlar loyihalarini;

b) hujjatlar qimmatdorligi ekspertizasi va davlat arxivlarining jamlash masalalari bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar natijalari to‘g‘risidagi ma’ruzalar, ilmiy hisobotlar, sharhlar va boshqa materiallarni; respublika arxiv muassasalarining ushbu masalalar bo‘yicha respublika anjumanlari uchun tayyorlangan ma’ruza va bildirishnomalarini; 

v) respublikaning arxiv va boshqa muassasalarini hujjatlar qimmatdorligi ekspertizasi, davlat va idoraviy arxivlarni jamlash, muassasalar ish yuritish hujjatlarini tashkil etish masalalari bo‘yicha normativ hujjatlar va uslubiy qo‘llanmalarni ishlab chiqish (qayta ishlash) haqidagi taliflarni;

g) markaziy davlat arxivlarining jamlovchi manbalari hisoblangan muassasalar (shaxslar) ro‘yxatini; respublika davlat arxivlariga hujjatlari topshirilishi shart bo‘lgan va shart bo‘lmagan muassasalarning namunaviy (doimiy) ro‘yxatini; ro‘yxatlarga kiritiladigan o‘zgartishlar va qo‘shimchalarni;

d) respublika vazirliklari, davlat qo‘mitalari, idoralari va boshqa boshqaruv organlari hamda ularga tobe tashkilotlarda saqlanadigan hujjatlarning saqlanish muddatlari ko‘rsatilgan idoraviy ro‘yxatlarni;

e) respublika muassasalari va tashkilotlarining doimiy va namunaviy yig‘majildlar nomenklaturasini;

j) respublika vazirliklari, davlat qo‘mitalari, idoralari va boshqa boshqaruv organlari taqdim etadigan mikronusxa ko‘rinishdagi doimiy saqlanishi lozim bo‘lgan hujjatlarning tarmoq (idoraviy) ro‘yxatini;

z) respublika arxiv va boshqa muassasalari hujjatlarining saqlanish muddatini belgilashga oid takliflarini;
i) 1945-yilga qadar va shu yil ichida tuzilgan va respublikaning barcha davlat arxivlarida saqlanayotgan hujjatlarni yo‘q qilinishiga ajratish dalolatnomalarini, shuningdek 1-toifadagi jamg‘armalardan tashkil etilgan (sanasidan qat’iy nazar) hujjatlarni yo‘q qilishga ajratish haqidagi dalolatnomalarni;

k) respublika markaziy davlat arxivlari ETK-lari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Arxiv ishi hududiy boshqarmalarining ETK-lari, shuningdek respublika vazirliklari, davlat qo‘mitalari, idoralari va boshqa organlarining ekspert xizmati, shu jumladan O‘zR MAF hujjatlari doimiy saqlanuvini amalga oshiradigan ekspert xizmati ishi haqidagi hisobotlar va ma’ruzalarni;
l) hujjatlar qimmatdorligi, ularni davlat va idoraviy arxivlarda jamlash masalalari bo‘yicha respublika vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarning ekspert xizmati hamda arxiv muassasalarining ekspert-tekshiruv komissiyalari o‘rtasida paydo bo‘ladigan kelishmovchiliklarni. 

III. METK huquqlari

8. METK quyidagilar bo‘yicha qaror qilish huquqiga ega: 

hujjatlarning yo‘q qilishga ajratish haqidagi dalolatnomalarni tasdiqlash haqida (7 “i” b.);

davlat arxivlarini jamlovchi manbalar – muassasalar (shaxslar) ro‘yxatini va ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish kelishuvlari haqida (7 “g” b.);

normativ hujjatlar va uslubiy qo‘llanmalar loyihasini (7 “a” b.), hujjatlar qimmatdorligi ekspertizasi va ular bilan davlat arxivlarini jamlash masalalariga oid ilmiy tadqiqotlar, ma’ruzalar va bildirishnomalar natijasini (7 “b” b.), hujjatlar ro‘yxatini (7 “d”, “j” b.), yig‘majildlarning doimiy va namunaviy nomenklaturasini (7 “ye” b.), hujjatlarning saqlash muddatiga oid takliflarni (8 “z” b.) ko‘rib chiqib ma’qullash. 
9. METK normativ hujjatlar va uslubiy qo‘llanmalarni ishlab chiqish (qayta ishlash)ga tegishli takliflarni (7 “v” b.), ekspert-tekshiruv va ekspert komissiyalarining ishiga oid hisobot ma’ruzalarini (7 “k” b.), vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar hamda arxiv muassasalarining ekspert-tekshiruv komissiyalari o‘rtasidagi kelishmovchiliklarini muhokama etgandan so‘ng tavsiyalar taqdim etadi. 

10. METK quyidagi huquqlarga ega:

a) respublika arxiv muassasalari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va boshqa boshqaruv organlarining ekspert xizmatlaridan hujjatlar qimmatdorligi ekspertizasini o‘tkazish va hujjatlarni davlat saqlanuviga topshirishga tayyorlashda o‘rnatilgan qoidalarga rioya etishni talab qilish;

 b) respublika arxiv muassasalari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va tashkilotlardan hujjatlar qimmatdorligi ekspertizasi, ular bilan davlat va idoraviy arxivlarni jamlash bo‘yicha ilmiy-uslubiy va amaliy masalalarga taqrizlar va xulosalar, ekspert-tekshiruv va ekspert komissiyalarning ko‘rsatilgan masalalar muhokama etilgan yig‘ilishlarning bayonnomasi, ularga ilova etilgan materiallar, shuningdek komissiyalar faoliyati haqida axborot talab qilib olish; 

v) respublika arxiv muassasalari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va boshqa boshqaruv organlari rahbarlarini ularning tashkilotlaridagi ekspert-tekshiruv komissiyalari faoliyati masalalari bo‘yicha xabardor qilish;

g) METK-da ko‘rilgan masalalarni tayyorlovchilarga, ular taqdim etgan hujjatlar loyihalarini qayta ishlash uchun qaytarish (10 “a”, “b”, “v” b.);

 d) doimiy saqlovdagi hujjatlarni yo‘q qilishda aybdor bo‘lgan shaxslarni javobgarlikka tortish masalasi bo‘yicha “O‘zarxiv” agentligi rahbariyatiga taklif kiritish. 

11. METK raisi komissiya nizomidan kelib chiqadigan huquqlarga ega bo‘lib, uning faoliyatiga rahbarlik qiladi va komissiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarilishi uchun javobgardir. 

METK raisiga komissiyada ko‘riladigan ayrim masalalarni tayyorlashga arxiv va boshqa muassasalarning mutaxassislarini jalb qilish hamda METK yig‘ilishiga taklif qilish huquqi berilgan. 

12. METK kotibi ijrochilardan komissiya yig‘ilishlarida ko‘rilishi lozim bo‘lgan masalalarga oid hujjatlarning o‘z vaqtida taqdim etilishini talab qilish huquqiga ega.

IV. METK ishini tashkil etish

13. METK faoliyati “O‘zarxiv” agentligining Asosiy ish Rejasida nazarda tutiladi. 

14. METK yig‘ilishi zaruratga ko‘ra o‘tkaziladi, biroq, yig‘ilishlar orasi ikki oydan oshmasligi kerak. METK yig‘ilishlarida komissiya a’zolarining yarmidan ko‘pi ishtirok etsagina uning qabul qilgan qarori kuchga kirgan hisoblanadi. 

15. METK yig‘ilishlari bayonnomada aks ettiriladi. METK qarorlari ko‘rilayotgan har bir masala (hujjat) bo‘yicha alohida, yig‘ilishda ishtirok etayotgan komissiya a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda METK qarori “O‘zarxiv” agentligi Bosh direktori tomonidan hal etiladi. 
METK a’zolari hamda komissiya yig‘ilishida ishtirok etayotgan shaxslarning alohida fikrlari bayonnomada aks ettiriladi yoki unga ilova qilinadi. 

16. METK bayonnomasi rais va kotib imzosidan so‘ng “O‘zarxiv” agentligi Bosh direktori tomonidan tasdiqlanadi. 
17. METK yig‘ilishlarida ko‘rilgan masalalar (hujjatlar) natijasi bo‘yicha komissiya qarori zaruriyatga ko‘ra manfaatdor muassasalar va shaxslarga yuboriladi. 

18. METK kotibi komissiya raisi ko‘rsatmasiga binoan komissiya yig‘ilishi o‘tkazilishini ta’minlaydi, bayonnomada, rais bilan birgalikda bayonnomalarni tasdiq uchun tayyorlaydi; komissiya qarorini manfaatdor muassasalar va shaxslarga yetkazilishini ta’minlaydi; komissiyaning ishi hisobi va hisobotini amalga oshiradi; METK hujjatlarini yuritadi va ular saqlanuvini ta’minlaydi; METK faoliyati natijalari bo‘yicha axborot tayyorlaydi. 

19. “O‘zarxiv” agentligi va respublika arxiv muassasalari xodimlarining METK- da ishlashi ularning asosiy ish joyi rejasida nazarda tutiladi va qo‘shimcha ish haqi to‘lanmaydi.

Arxiv muassasalari xodimi bo‘lmagan komissiya faoliyatida faol va alohida o‘rnak ko‘rsatgan METK a’zolari, ekspertlari va maslahatchilari METK rahbariyati taklifiga ko‘ra “O‘zarxiv” agentligining ilmiy-tadqiqot ishlariga ajratilgan mablag‘ hisobidan moddiy va ma’naviy tomondan rag‘batlantirilishi mumkin. 

Ko’chirib olish (pdf  246 kb)