O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligining (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligini, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari va javobgarligini belgilaydi.

2. Agentlik arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini olib boruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga (keyingi o‘rinlarda Vazirlar Mahkamasi deb ataladi) bo‘ysunadi.

3. Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

4. Agentlik o‘z faoliyatini davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.

5. Agentlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va ho‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi

6. Agentlik arxiv ishi va ish yuritish sohasida Xalqaro Arxivlar Kengashi va boshqa xalqaro mintaqaviy tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘radi.

7. Agentlik, uning tuzilmasiga kiradigan hududiy va tarkibiy tuzilmalar yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy g‘azna hisob varaqlariga, bank hisob varaqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi bank hisob raqamlariga ega bo‘ladi.

8. Agentlikning rasmiy nomi:

a) davlat tilida:

to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi, qisqartirilgan nomi — “O‘zarxiv” agentligi;

b) rus tilida:

to‘liq nomi — Agentstvo “Uzarxiv” Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Agentstvo “Uzarxiv”;

v) ingliz tilida:

to‘liq nomi — Agency “Uzarchive” of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Agency “Uzarchive”.

9. Agentlik joylashgan joy (pochta manzili): 100043, Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Chilonzor ko‘chasi, 2-uy.

2-bob. Agentlikning tuzilmasi

10. Agentlik tizimiga quyidagilar kiradi:

Agentlik markaziy apparati;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda hududiy boshqarmalar deb ataladi);

O‘zbekiston Milliy arxivi;

O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi;

O‘zbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi;

Qoraqalpog‘iston markaziy davlat arxivi, Toshkent shahar markaziy davlat arxivi, viloyat, shahar va tuman davlat arxivlari va ularning filiallari, shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari (keyingi o‘rinlarda davlat arxivlari deb ataladi);

Arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi).

11. Hududiy boshqarmalar Agentlikka, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyat va Toshkent shahar hokimliklariga hisob beradi.

Davlat arxivlari Agentlikning hududiy boshqarmalari va tegishli tuman (shahar) hokimliklariga hisob beradi.

O‘zbekiston Milliy arxivi, O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi, O‘zbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi (keyingi o‘rinlarda milliy arxivlar deb ataladi), Markaz Agentlikka hisob beradi.

3-bob. Agentlikning vazifalari va funksiyalari

1 §. “O‘zarxiv” agentligining asosiy vazifalari va funksiyalari

12. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:

arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish va nazorat qilish;

Milliy arxiv fondi hujjatlarini jamlash, ularning saqlanishini, davlat hisobiga olinishini ta’minlash va ulardan keng foydalanish;

hududiy boshqarmalarni, milliy arxivlar va davlat arxivlarini boshqarish va ularning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash;

arxiv xizmatlarini ko‘rsatishda nodavlat sektorni yanada rivojlantirish, arxiv ishi sohasida davlat-xususiy sheriklik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

arxivshunoslik, arxeografiya, ish yuritish, elektron hujjat aylanishi sohasida ilmiy-metodik ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini va ilmiy-texnika yutuqlarini respublika arxivlari amaliyotiga joriy etish;

zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda muntazam ravishda arxiv ishi va ish yuritish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning malakasini oshirish tizimini shakllantirish;

arxiv ishi va ish yuritish sohasida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning ilg‘or ish tajribasini o‘rganish va ommalashtirish, xorijiy arxivlarda saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiga oid arxiv hujjatlari nusxalarini olib kelish.

13. Agentlik o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

a) arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish va nazorat qilish sohasida:

arxivlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda arxiv ishini rivojlantirishga doir davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

arxiv hujjatlarini arxivlarda, muzeylarda, kutubxonalarda, ilmiy muassasalar va boshqa joylarda jamlash, hisobga olish, saqlash va foydalanish masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi hamda uning amalga oshirilishini ta’minlaydi;

saqlash muddati ko‘rsatilgan namunaviy boshqaruv hujjatlarining ro‘yxatini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, respublika boshqaruv organlari tomonidan ishlab chiqilgan saqlash muddati ko‘rsatilgan sohaviy hujjatlarning ro‘yxatlarini kelishadi;

arxiv hujjatlarini alohida qimmatli hujjatlar va noyob hujjatlar sirasiga kiritish tartibini, shuningdek, sug‘urta nusxalarini yaratish va saqlash tartibini belgilaydi;

arxiv hujjatlarini kirib ko‘rish tartibi va shartlarini belgilaydi;

arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi (keyingi o‘rinlarda MAF deb ataladi) tarkibiga kiritadi va uning tarkibidan chiqaradi;

O‘zbekiston Respublikasining arxiv ishi va uni yuritish sohasidagi xalqaro faoliyatini amalga oshiruvchi vakolatli ma’muriy organi sifatida ish ko‘radi. Xalqaro tashkilotlarning arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi kongresslarida, syezdlarida, konferensiyalarida O‘zbekiston Respublikasi nomidan ishtirok etadi, arxiv ishi va ish yuritish sohasida xalqaro idoralararo bitimlar va shartnomalarni belgilangan tartibda tuzadi;

arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi xalqaro, hukumatlararo bitimlar va shartnomalar loyihalarini tayyorlaydi;

arxiv ishi va ish yuritish holatini tahlil qiladi, qonuniylik va tendensiyalarini o‘rganadi hamda ularni rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilaydi;

arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi qonunchilikka rioya qilish va huquqiy munosabatlar masalalari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari orqali axborot-tushuntirish ishlarini olib boradi;

arxiv ishi va ish yuritish sohasida nazoratni amalga oshiradi hamda aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etishga va ularning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan shart-sharoitlarning oldini olish bo‘yicha tegishli bayonnomalar tuzadi va sudlarga kiritadi;

MAFga tegishli alohida qimmatli va noyob hujjatlarning sug‘urta fondi markazlashtirilgan holda saqlanishini tashkil etadi;

hujjatlar shakllanishi jarayoni va hujjatlar aylanishi hajmi monitoringini olib boradi;

davlat arxivlarida arxiv hujjatlarini maxfiylikdan chiqarish ishlarini tashkil etadi;

arxiv ishi soxasida aniqlangan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzadi;

davlat arxivlari tomonidan ko‘rsatiladigan pullik xizmatlarning yagona narxnomasini tasdiqlaydi;

b) Milliy arxiv fondining hujjatlarini jamlash, ularning saqlanishini, davlat hisobiga olinishini ta’minlash va ulardan keng foydalanish sohasida:

MAF hujjatlari davlat ro‘yxatiga olinishini tashkil qiladi va Davlat katalogini yuritadi;

MAF hujjatlarini doimiy saqlaydigan arxivlar va tashkilotlarga ro‘yxatga olish guvohnomalarini beradi;

MAF noyob hujjatlari Davlat reyestrini yuritadi;

arxiv hujjatlari davlat arxivlariga topshirilishi lozim bo‘lgan tashkilotlarning ro‘yxatini tuzish tartibini belgilaydi;

hujjatlarni respublika va mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan arxiv fondlari tarkibiga kiritish, respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan fondlarni davlat arxivlarida to‘plash, shuningdek respublika miqyosidagi hujjatlarni davlat arxivlariga berish va aksincha masalalarini hal qiladi;

davlat mulkida bo‘lgan arxiv hujjatlarini yoki ularning o‘rnini bosuvchi nusxalarini, shuningdek MAFning davlatga tegishli bo‘lmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini yoki ularning o‘rnini bosuvchi nusxalarini vaqtincha olib chiqishga ruxsatnomalar beradi;

MAFning davlatga tegishli bo‘lmagan qismi hujjatlarini, shuningdek, fuqarolarda saqlanayotgan qadimiy hujjatlar, kitoblar, qo‘lyozmalar va boshqa materiallarni sotib olish yuzasidan davlatning imtiyozli huquqini amalga oshiradi, bu borada tizimdagi hududiy boshqarmalar va davlat arxivlariga ko‘maklashadi;

v) davlat arxivlarini boshqarish va ularning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash sohasida:

davlat arxivlari faoliyatini boshqarishni amalga oshiradi, ularning tuzilmasini takomillashtirish va tarmoqni rivojlantirish ishlarini tashkil etadi va olib boradi;

arxiv ishi va ish yuritishni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, respublikada sohani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, yig‘ma yillik va istiqbolli rejalarini ishlab chiqadi;

idoraviy arxivlar tarmog‘ini rivojlantirish va ishini tashkil etish bo‘yicha tadbirlarda ishtirok etadi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarda arxiv ishi va ish yuritishning holati ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;

arxiv ishi va ish yuritish sohasida qonun hujjatlarini amalga oshirishda yagona yondashuvni ta’minlaydi;

idoraviy arxivlarning arxiv xizmatlari ishiga, respublika miqyosidagi davlat organlari ish yuritishida hujjatlarning tashkil etilishiga tarmoqlararo tashkiliy-metodik rahbarlikni va nazoratni amalga oshiradi;

arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish ishlari tashkil etilishini, hujjatlar saqlanishi, ko‘rsatilgan arxivlarga berilishi va ulardan foydalanish bo‘yicha belgilangan tartibga rioya etilishi ustidan nazorat qiladi;

arxivlar faoliyatini va arxivlarni jamlash manbalari bilan ishlash holatini hamda arxivlar, idoraviy arxivlar va tashkilotlarda arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va foydalanish ishlarini tahlil qiladi va baholaydi;

arxiv ishi va ish yuritish sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning so‘rovlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini tashkil etadi, xorijdan kelgan so‘rovlar ijrosini ta’minlaydi;

idoraviy saqlov muddati tugagan arxiv xujjatlarining yo‘q qilinishidan avval elektron nusxalari talab qilib olinishi va saqlanishini nazorat qiladi;

g) arxiv xizmatlarini ko‘rsatishda nodavlat sektorini yanada rivojlantirish, arxiv ishi sohasida davlat-xususiy sheriklik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish sohasida:

nodavlat arxivlar tarmog‘ini kengaytiradi, bu borada davlat-xususiy sheriklik tizimining o‘zaro manfaatli hamkorligini rivojlantiradi, ularning faoliyati ustidan metodik rahbarlikni amalga oshiradi;

nodavlat arxivlari egalariga ularning hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va foydalanishda ko‘maklashadi;

xususiy sherikning mol-mulki negizida tashkil qilingan nodavlat arxivlarni metodik ta’minlaydi;

davlat-xususiy sheriklik loyihasi konsepsiyasini, sohaning o‘z vakolati sohasiga kiruvchi ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqadi;

nodavlat arxivlariga davlat arxivlarining asosiy jamlash manbaiga kirmagan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, shuningdek, tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyatida shakllanadigan hujjatlarga ilmiy-texnik ishlov berish, hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish va tartibga keltirish huquqini beruvchi Kasbiy kompetentlik to‘g‘risida guvohnoma beradi;

d) arxivshunoslik, arxeografiya, ish yuritish, elektron hujjat aylanishi sohasida ilmiy-metodik ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini va ilmiy-texnika yutuqlarini respublika arxivlari amaliyotiga joriy etish sohasida:

arxivshunoslik, arxeografiya, hujjatshunoslik bo‘yicha ilmiy-metodik ishlarni tashkil etadi va ularni muvofiqlashtiradi hamda ilmiy-tadqiqot va ilmiy-texnika yutuqlarini respublika arxivlari amaliyotiga tatbiq etadi;

arxiv ishi va ish yuritish sohasida yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni ularning respublika va mahalliy darajadagi faoliyati uchun teng shart-sharoitlar yaratish yo‘li bilan muvofiqlashtirib boradi, foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi;

arxiv hujjatlaridan foydalanish samaradorligi va arxiv axborotiga bo‘lgan davlat va jamiyat ehtiyojlarini o‘rganish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi;

MAF hujjatlari tarkibi va mazmuniga oid axborotlar qidiruvini ta’minlash uchun ma’lumotlar bazalarini, shuningdek, an’anaviy tarzdagi arxiv ma’lumotlarini yaratishni tashkil qiladi;

arxiv ishida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va qo‘llashni amalga oshiradi;

davlat arxivlarida axborot resurslarini, shu jumladan, elektron MAF va boshqa arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va foydalanish ishlarini tashkil etadi;

elektron hujjatlarni saqlash tizimlari va elektron hujjat aylanishi tizimlariga namunaviy funksional talablarni belgilaydi;

hujjatlarning, shu jumladan davlat axborot resurslarining qimmatliligini aniqlash ekspertizasini hamda ularni doimiy saqlash uchun davlat arxivlariga, shu jumladan, elektron arxivlarga tanlab olishni tashkil qiladi;

davlat arxivlarida MAFga doir axborot resurslari va elektron hujjatlarning axborot xavfsizligini ta’minlashni tashkil qiladi;

elektron arxivlarni yuritish metodikasini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

e) zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda muntazam ravishda arxiv ishi va ish yuritish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning malakasini oshirish tizimini shakllantirish sohasida:

arxivlar, idoraviy arxivlar va tashkilotlar xodimlarining arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha malakasini oshirishni tashkil etadi;

arxiv ishi va ish yuritish sohasida mutaxassislarni sifatli tayyorlash borasida oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga ko‘maklashadi;

xalqaro moliyaviy institutlarning, xorijiy davlatlarning arxiv ishi va ish yuritishni rivojlantirish uchun ajratilgan grantlaridan foydalanishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi;

arxiv ishi va ish yuritishni rivojlantirishga investitsiyalar, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha tashkiliy ishlarni olib boradi;

j) arxiv ishi va ish yuritish sohasida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning ilg‘or ish tajribasini o‘rganish va ommalashtirish, xorijiy arxivlarda saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiga oid arxiv hujjatlari nusxalarini olib kelish sohasida:

xorijiy arxiv muassasalari, xalqaro, mintaqaviy va xorijiy tashkilotlar bilan arxiv hujjatlari va ularning nusxalari xalqaro almashinuvini amalga oshiradi, arxiv ishi va ish yuritish sohasida chet el tajribasini o‘rganish va ulardan foydalanilishini tashkil qiladi;

O‘zbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishini o‘z vakolati doirasida ta’minlaydi;

milliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda xorijiy davlatlarda saqlanayotgan, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid arxiv hujjatlarini aniqlashni, ularning ma’lumotlar bazasini yaratish va uni muntazam yangilab borishni, shuningdek, mazkur hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini, foto va video tasvirlarini olib kelishni ta’minlaydi;

faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha xorijiy davlatlardagi muzey va fondlar, arxivlar, ilmiy-madaniy muassasalar bilan o‘zaro madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yadi, turli anjumanlar, konferensiya va ko‘rgazmalar tashkil etadi;

xorijiy davlatlarda saqlanayotgan arxiv hujjatlari va ularning nusxalarini yurtimizga qaytarish yuzasidan muzokaralar olib boradi va zarur chora-tadbirlar ko‘radi, bu borada xalqaro miqyosdagi ilg‘or tajribani o‘rganadi va amaliyotga joriy etadi;

respublika tashqarisidagi arxiv hujjatlarini qaytarish to‘g‘risidagi takliflarni ko‘rib chiqadi va belgilangan tartibda kiritadi, chet ellarda saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiga oid arxiv hujjatlarini aniqlash, ularni yoki ularning nusxalarini sotib olishni tashkil etadi;

respublikadagi hamda xorijdagi mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid arxiv hujjatlarini ommaviy axborot vositalarida, jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘ida keng yoritishni, ular haqidagi bibliografik ma’lumotlar, kataloglar, kitob-albomlar va boshqa matbaa mahsulotlarini nashr etib borishni ta’minlaydi.

Agentlik qonun hujjatlarida belgilangan boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.

14. Agentlik markaziy apparati tarkibiy tuzilmalari, hududiy va tarkibiy tuzilmalarining funksiyalari, agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, “O‘zarxiv” agentligi direktori tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadigan nizomlar va ustavlar bilan belgilanadi.

4-bob. Agentlik va uning tuzilmalarining huquqlari hamda javobgarligi

1-§. Agentlikning huquqlari va javobgarligi

15. Agentlik o‘ziga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda kiritish;

vazirliklar va idoralar, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, zarur hollarda, boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qo‘shma qarorlar va boshqa hujjatlar qabul qilish;

Agentlikning vakolatiga kiruvchi masalalarda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlaridan Agentlik vakolatiga tegishli masalalarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan axborotni so‘rash va olish;

Agentlikning vakolatiga kiruvchi masalalarda sudlarga arizalar va da’volarni kiritish;

vazirliklar, idoralar, tarmoqlararo davlat jamg‘armalari va MAFning hujjatlarini doimiy saqlashni amalga oshiruvchi tashkilotlarning sohaga doir faoliyatini muvofiqlashtirish;

Agentlikning vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha zarur ma’lumotlarni davlat statistika organlari, davlat soliq xizmatlari organlari, davlat xizmatlari markazi va boshqa vazirliklar va idoralardan bepul olish;

Agentlik va uning tarkibiy tuzilmasidagi hududiy boshqarmalari va davlat arxivlarining davlat mulkini, o‘zining tashkiliy tuzilmasi doirasida bir tuzilmadan boshqasiga bepul o‘tkazish;

Agentlik xodimlari va uning hududiy boshqarmalari va davlat arxivlari tomonidan arxiv ishini rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari parametrlari bajarilishini hisobga olgan holda moddiy rag‘batlantirish tartibini, miqdorini va shartlarini belgilash;

Agentlik vakolatlariga kiruvchi masalalar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, Vazirlar Mahkamasiga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy ijroiya hokimiyati organlariga kiritish;

arxiv ishi va ish yuritish sohasida xalqaro shartnomalar va idoralararo bitimlarni tuzish, xalqaro, hukumatlararo bitimlar loyihalarini taqdim etish;

arxiv ishi va ish yuritish sohasida O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini xalqaro miqyosda himoya qilish;

o‘z vakolatlari doirasida yuridik va jismoniy shaxslar uchun arxiv ishi va ish yuritish sohasida majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish;

MAF hujjatlarini doimiy saqlovchi respublika davlat arxivlari, tarmoq davlat fondlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, tashkilotlar, kutubxonalar va muzeylarning qo‘lyozmalar bo‘limlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, shu jumladan, siyosiy partiyalar, diniy tashkilotlar, boshqa yuridik shaxslardan, shuningdek, fuqarolardan MAFning Davlat katalogi uchun tegishli ma’lumotlarni olish;

mansabdor shaxslarning MAF hujjatlarining o‘g‘irlanishi, yaroqsiz holga keltirilishi, yashirilishi, yo‘qotilishi yoki noqonuniy yo‘q qilinishiga olib kelgan shart-sharoitlar yaratilganligi to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar qilish;

arxiv ishi va ish yuritish masalalarini ko‘rib chiqish uchun doimiy va vaqtincha komissiyalar, kengashlar, ishchi guruhlar tashkil etish;

arxiv ishini va ish yuritish hujjatlarini tashkil qilish sohasida vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan qoidalar, nizomlar, ko‘rsatmalar, o‘quv dasturlari va boshqa hujjatlarni kelishish;

o‘z vakolati doirasida arxiv ishi va ish yuritish sohalarida xalqaro tashkilotlar bilan, shuningdek, mansabdor shaxslar va fuqarolar bilan o‘zaro hamkorlik qilish;

arxiv ishi, hujjatshunoslik va arxeografiya sohalarida ilmiy-tadqiqot ishlari va boshqa ishlar uchun tanlov e’lon qilish;

o‘z xizmat vazifalarini bajarish uchun Agentlikning mansabdor shaxslari arxivlar, idoraviy arxivlarga, davlat organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining ish yuritish xizmatlariga, shuningdek tashkilotlarga kirish;

O‘zbekiston Milliy arxivining davriy nashrlari saqlovxonasiga tarixiy ilmiy nashrlar va davriy nashrlar nazorat nusxalarini olish;

Agentlik arxiv hujjatlari saqlanishini yaxshilash maqsadida o‘z vakolatlari doirasida davlat arxivlari binolarini va qo‘shimcha saqlovxonalarini qurish, rekonstruksiya qilish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlarini qo‘shimcha moliyalashtirish, moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish hamda ular orasida bino yoki inshootlarni, asosiy vositalarni o‘tkazish, taqsimlash yoki qayta taqsimlash ishlarini amalga oshirish;

Agentlik vakolati doirasida tashkilotlarni tugatish komissiyasi faoliyatida ishtirok etish;

Agentlikning rasmiy veb-saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida respublika arxivlarida saqlanayotgan tarixiy hujjatlarni e’lon qilish;

MAFning davlatga tegishli bo‘lmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari tasarrufdan chiqarilishi yoki universal huquqiy vorislik tartibida yoxud boshqa usulda bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tishi haqida yozma shaklda xabardor qilinishini talab qilish;

davlat arxivlarida MAF hujjatlari yo‘qolganligi, nobud bo‘lganligi, shikast yetkazilganligida ularni Markaziy ekspert tekshiruv komissiyasi qaroriga ko‘ra davlat hisobidan chiqarishni tashkil qilish.

Agentlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

16. Agentlik:

o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarali bajarish, shuningdek arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirish;

o‘z faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlariga so‘zsiz erishilishini ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa hujjatlar, shuningdek, Agentlik tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning sifati, pirovard natijalari va amalga oshirilishi oqibatlari;

o‘z faoliyati sohasini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar, tadbirlar rejalari, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarning samarali amalga oshirilishi;

fukarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquklariga rioya etilishini va ularning qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash uchun javob beradi.

2-§.Agentlik markaziy apparatining huquqlari va javobgarligi

17. Agentlikning markaziy apparati o‘ziga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:

Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlaridan Agentlikning markaziy apparatida ko‘rib chiqiladigan, tahlil qilish va ishlash uchun zarur bo‘lgan materiallar hamda ma’lumotlarni, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va boshqa hujjatlarni so‘rash va olish;

Agentlikda ko‘rib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish, axborot va tahliliy materiallarni, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun zarur bo‘lganda Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari hamda vakillarini jalb qilish, ushbu maqsadlar uchun ekspert va ishchi guruhlarni tashkil etish;

Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlardan ular kiritgan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini qayta ishlab chiqishni talab qilish, zarur bo‘lganda ularni qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarish;

Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazish;

tezkor hal etilishi lozim bo‘lgan va Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlariga topshiriqlar berish;

Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarining qabul qilingan qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari, shuningdek, Agentlik va uning rahbariyatining hujjatlari va topshiriqlari bajarilishiga oid faoliyatini o‘rganish va tekshirish;

Agentlikka yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun ilmiy-tadqiqot, loyihalash, konstruktorlik tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarni ularning xohishiga ko‘ra hamda shartnoma asosida jalb etish;

arxiv ishi va ish yuritishning yillik hamda istiqbolli rejalarini tasdiqlash va ustuvor yo‘nalishlarni belgilash;

sohada korrupsiya illatlarining oldini olish va ogohlantirish bo‘yicha choralar ko‘rish;

Arxiv ishini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish;

qonun hujjatlarida Agentlik tomonidan tartibga solinadigan sohadagi masalalar mavzusida noshirlik faoliyatini amalga oshirish;

hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan qabul qilingan qarorlarni bekor qilish, to‘xtatib turish (to‘liq yoki qisman) yoki ularni qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilish;

mustaqil tarkibiy tuzilma rahbari tomonidan Agentlik direktorining buyrug‘i asosida belgilab berilgan masalalar yuzasidan chiqish xatlariga imzo qo‘yish;

MAF arxiv hujjatlarini shakllantirish hamda MAFning Davlat katalogi va noyob hujjatlari Davlat reyestrini yuritish;

arxiv hujjatlaridan davlat, jamiyat va fuqarolar manfaatlari uchun foydalanish;

hududiy boshqarmalar, davlat arxivlari, Markaz, Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish;

Agentlikka yuklangan vazifalarni sifatli amalga oshirishda hududiy boshqarma, davlat arxivlari hamda Markaz xodimlarini jalb etish;

Agentlik markaziy apparati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

18. Agentlik markaziy apparati:

Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar bilan birgalikda Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;

arxiv ishini rivojlantirishning rejalari, kutilayotgan istiqboldagi va joriy ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha Agentlik bo‘limlarining faoliyatini tashkil etish;

Agentlik tomonidan ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa hujjatlarni, shuningdek, Agentlik qabul qiladigan qarorlarni sifatli tayyorlash va ekspertizadan o‘tkazish;

Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan dasturlar, chora-tadbirlar rejalari, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlar amalga oshirilishini tashkil etish;

fukarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlariga rioya etilishini va qonuniy manfaatlari himoya kilinishini ta’minlash uchun javob beradi.

3-§. Agentlik hududiy boshqarmalarining xuquqlari va javobgarligi

19. Agentlikning hududiy boshqarmalari yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

o‘z vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy boshqarmalaridan, davlat hokimiyati organlaridan, davlat va nodavlat arxivlaridan, tashkilotlardan so‘rash va olish;

Agentlik vakolatlariga taalluqli sohadagi muhim muammolar yechimi bo‘yicha takliflar tayyorlash va ularni ko‘rib chiqish uchun hududiy komissiyalar, kengashlar va ishchi guruhlar tashkil qilish;

o‘z vakolatlari doirasidagi masalalar yuzasidan mahalliy ijroiya hokimiyati organlariga ko‘rib chiqish uchun takliflar kiritish;

tashkilotlar, kutubxonalar va muzeylardan, shuningdek, MAF hujjatlarini doimiy ravishda saqlab turuvchi fuqarolardan Davlat katalogiga kiritish uchun zarur ma’lumotlarni olish;

jismoniy va yuridik shaxslardan ularda mavjud bo‘lgan tarixiy, ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlarni ularning roziligi bilan xarid qilish va qabul qilib olish;

tashkilotlar vakillarining idoraviy arxiv ishi va ish yuritishda hujjatlarni tashkil etishga doir masalalarini eshitish;

tashkilotlarga idoraviy arxiv ishlarida va ish yuritishdagi hujjatlarni yuritishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishda majburiy ko‘rsatmalar berish;

mansabdor shaxslarning davlat va idoraviy arxivlarida, shuningdek, tashkilotlarda saqlanayotgan MAF va shaxsiy tarkibga oid hujjatlarning o‘g‘irlanishi, yaroqsiz holga keltirilishi, yashirilishi yoki noqonuniy yo‘q qilinishiga olib kelgan shart-sharoitlar to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar qilish;

arxiv ishi sohasida aniqlangan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish;

Agentlikning hududiy boshqarmalari vakolati doirasida tashkilotlarni tugatish komissiyasi faoliyatida ishtirok etish;

hududiy boshqarmalarga yuklangan vazifalarni sifatli amalga oshirishda davlat arxivlarining budjetdan tashqari mablag‘lari, asosiy vositalaridan foydalanish va xodimlarini jalb etish;

hududiy boshqarmalar o‘zining vakolatlari doirasida o‘zlariga berilgan vazifalardan kelib chiqqan boshqa huquqlarga ham ega.

20. Agentlikning hududiy boshqarmalari:

davlat arxivlari bilan birgalikda o‘zlariga yuklangan vazifalar va funksiyalar sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;

o‘zining faoliyati bilan bog‘lik bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlariga erishilishini ta’minlash;

Agentlikka kiritilayotgan hujjatlar loyihalari va takliflar, shuningdek, Agentlikning hududiy boshqarmalari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning sifati, pirovard natijalari va amalga oshirilishi oqibatlari;

davlat arxivlarida aniqlangan muammolarni kompleks va chuqur tahlil qilish hamda umumlashtirish asosida arxiv ishi va ish yuritish sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi muammolarni hal qilish uchun dasturlarni, harakat rejalarini, “yo‘l xaritalari”ni va boshqa dasturiy hujjatlar ijrosini samarali amalga oshirish;

fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash;

davlat arxivlarida saqlanayotgan arxiv hujjatlari saqlanishini tashkil etish;

MAF Davlat katalogiga kiritiladigan ma’lumotlarni umumlashtirish va taqdim etish;

arxiv hujjatlaridan davlat, jamiyat va fuqarolar manfaatlari uchun foydalanish;

davlat arxivlari tomonidan Jamg‘armaga mablag‘lar o‘z vaqtida va to‘liq tushishini ta’minlash;

davlat arxivlari faoliyati samarali olib borilishini tashkil etish uchun javob beradi.

5-bob. Agentlik rahbarlarining asosiy funksional vazifalari

21. Quyidagilar Agentlik direktorining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;

Agentlik faoliyati bo‘yicha umumiy rahbarlikni amalga oshirish, Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonun hujjatlari bilan Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining normativ hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Agentlik faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha konsepsiyalar, kompleks dastur va kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tanqidiy va chuqur tahlillarni o‘tkazish;

Agentlikning hududiy boshqarmalari hamda uning tarkibiy tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq istiqboldagi ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, tegishli vazirliklar va idoralar bilan Agentlik faoliyati doirasiga kiradigan masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish, Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishlarida va uning Rayosati majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalar yuzasidan qatnashish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari ko‘rsatmalarini ijro etish;

o‘z o‘rinbosarlarining vakolatlarini belgilash, ular o‘rtasidagi majburiyatlarni taqsimlash, Agentlikning boshqa mansabdor shaxslarining vakolatlarini belgilash, Agentlik faoliyatining ma’lum bir sohalarini boshqarishda o‘zining o‘rinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligi darajasini belgilash;

Agentlikning faoliyati rejalashtirilishini tashkil etish, davriy ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoringini olib borishning amaliy tizimini yaratish, Agentlikning faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qaroriga va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlarn to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun idoraviy mansub tashkilotlar va hududiy boshqarmalar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish;

Agentlik xodimlari, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar xodimlarining tizimli ravishda malakasini oshirishni tashkil etish;

Agentlik tizimida xodimlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlar kadrlari zaxirasini shakllantirish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi nomenklaturasiga kiradigan bo‘sh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, Agentlikka ishga qabul qilinayotgan boshqa kadrlarning professionalligi va o‘z ishini bilishi, yuksak darajadagi ishchanlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan choralarni amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi topshiriqlariga o‘z tashabbusiga ko‘ra normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini, ular “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Vazirlar Mahkamasining Reglamenti talablariga muvofiq ravishda o‘z vaqtida kiritilishini tashkil etish, ularning Vazirlar Mahkamasi apparatida puxta ishlanishida, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati huzurida himoya qilinishi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida ko‘rib chiqilishida ishtirok etish;

Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihasi faoliyatining namunaviy reglamentiga muvofiq Agentlikning qonun loyihalarini tayyorlash faoliyatini tashkil etish;

Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha buyruqlar, farmoyishlar, ko‘rsatmalar chiqarish va normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, zarur bo‘lganda boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tegishli qarorlar qabul qilish;

Agentlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqilishini ta’minlash, ularni puxta huquqiy, moliyaviy, iqtisodiy va boshqa turdagi ekspertizadan o‘tkazish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Vazirlar Mahkamasining Reglamentida belgilangan muddatlarda kelishish (viza qo‘yish);

Agentlik rahbarlari va xodimlari xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida bo‘lish samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga muvofiq tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanishni ta’minlash;

o‘rinbosarlarining, hududiy boshqarmalar va davlat arxivlarining rahbarlari faoliyatining samaradorligi va natijalarini tanqidiy tahlil qilishni tizimli ravishda olib borish, Agentlik yig‘ilishlarida ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, natijalar asosida zarur choralarni ko‘rish;

Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarning rahbarlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;

Agentlik xodimlarini rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, o‘z o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan, egallab turgan lavozimlarda keyinchalik qolishining maqsadga muvofiqligi masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida takliflar kiritish, ularning shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

Agentlik xodimlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari asosida tasdiqlangan “O‘zarxiv” agentligi va uning tizimidagi arxiv ishi hududiy boshqarmalari xodimlarining odob-axloq qoidalari hamda “Respublika arxivchilar etika kodeksi” talablariga rioya etilishini ta’minlashni nazorat qilish;

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Agentlik tizimida korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rish, shuningdek, huquq amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘li bilan ularni aniqlash, tahlil qilish, ularni yuzaga keltiruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish;

Agentlik, hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlarning ishlarini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etishni ta’minlash;

aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro aloqani amalga oshirishda ko‘rsatilayotgan davlat arxiv xizmatlarining “yagona darcha” tamoyilini joriy qilish orqali ularning samaradorligi, sifati va qulayligini oshirish va “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga muvofiq samarali tashkil etish, jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot o‘rnatish, shaxsan qabul qilishni muntazam ravishda o‘tkazish, shu jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini joylarga borib qabul qilishni belgilangan muddatlarda va tartibda amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali o‘zaro aloqani tashkil qilish, ularning faoliyatida Agentlik rahbariyati va xodimlarining faol qatnashuvini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasidan tushayotgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqilishini ta’minlash;

davlat siri va maxfiy axborotni tashkil qilgan axborot bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya qilish;

Agentlik va uning kollegial organlari (hay’at, ilmiy va jamoat kengashlari) faoliyatini tashkil etish;

davlat arxivlarini moliyalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlarini tashkil etish;

Agentlik va hududiy boshqarmalar hamda davlat arxivlarining fuqaro muhofazasi masalalarini tashkil etish;

Davlat organlari va boshqa tashkilotlarda, O‘zbekiston Respublikasi sudlarida, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakat vakillari ishtirokida o‘tkaziladigan rasmiy tadbirlarda Agentlik nomidan ishtirok etish;

Agentlik Hay’ati majlislarida raislik qilish;

zarurat bo‘lganda, boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fond jamg‘armasi doirasida Agentlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlarning tasdiqlangan tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;

Agentlikning idoraviy mansub tashkilotlari tashkiliy tuzilmalarini tasdiqlash;

Agentlikning idoraviy mansub tuzilmalari boshqaruv xodimlari cheklangan sonini tasdiqlash;

mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni xodimlar va maslahatchilar sifatida jalb qilish, ularga istisno tariqasida Arxiv ishini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga ish haqi va boshqa to‘lovlarni mehnat shartnomasida belgilangan tartibda amalga oshirish;

Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga Agentlikning markaziy apparati va hududiy boshqarmalar xodimlariga asosiy egallab turgan lavozimlari bo‘yicha lavozim maoshlariga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan qat’i nazar, ustama va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlarni belgilash;

Agentlik markaziy apparatining tarkibiy tuzilmalari to‘g‘risidagi nizomlarni, shuningdek, Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar nizomlarini hamda ustavlarini tasdiqlash

Agentlik markaziy apparati xodimlari, hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari bilan qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish;

Agentlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar va tarkibiy tuzilmalar xodimlari bajarishi shart bo‘lgan buyruqlar va farmoyishlar qabul qilish hamda ko‘rsatmalar berish;

Agentlik tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarni rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish, alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlashga taqdim etish, shuningdek, soha tarmoqlarini rivojlantirishda alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarga “O‘zarxiv” agentligining ko‘krak nishonlari va faxriy yorliqlari hamda boshqa rag‘batlantirishlar bilan taqdirlash;

Agentlik mol-mulkini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasarruf etish;

Agentlik xodimlarini hamda hududiy boshqarma va idoraviy mansub tashkilotlar xodimlarini tizimli ravishda tayyorlash va xorijiy mamlakatlarda malakasini oshirishni tashkil etish;

Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolash.

22. Quyidagilar Agentlik direktori o‘rinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;

Agentlik rahbari vaqtincha bo‘lmaganida direktorning buyrug‘i asosida uning vazifalarini bajarish;

Agentlikning o‘zi nazorat qiladigan idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va ularga bevosita rahbarlik qilish, ularning xodimlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlash;

Agentlik faoliyatining o‘zi nazorat qiladigan yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Agentlik faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va tadbirlar ijrosini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;

o‘zi nazorat qiladigan tarkibiy tuzilmalar tomonidan prognoz ko‘rsatkichilariga erishishni so‘zsiz ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rish, tuzilmalar rahbarlarining hisobotlarini muntazam eshitish va ushbu ko‘rsatkichlarga erishish uchun ularning shaxsiy javobgarligini oshirish;

o‘zi nazorat qiladigan tarkibiy tuzilmalarning rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishini nazorat qilishni ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoringini olib borishning amaliy tizimini yaratish, Agentlik faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ–2881-son qaroriga va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlarn to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish;

Agentlik hay’ati qarorlari, direktorning buyruqlari va topshiriqlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

o‘zi nazorat qiladigan tarkibiy tuzilmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha direktorga takliflar taqdim etish, ularning professionalligi, o‘z ishini bilishi, yuksak darajadagi ishchanlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lishini ta’minlash, ularning kasbiy malakasini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish, mutasaddilik qilinadigan tarkibiy tuzilmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish choralarini ko‘rish;

o‘zi nazorat qiladigan tarkibiy tuzilmalar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining to‘liq va sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, Agentlik tarkibiy tuzilmalarida tayyorlangan hujjatlar loyihalari Agentlik direktori tomonidan ko‘rib chiqilishi va imzolanishi (viza qo‘yilishi) uchun ko‘rib chiqish va viza qo‘yish, ularni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Vazirlar Mahkamasining Reglamenti talablariga qat’iy rioya qilgan holda va o‘z vaqtida Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlash, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Vazirlar Mahkamasining apparatida ko‘rib chiqilishida Agentlik direktorining topshirig‘iga asosan ishtirok etish;

Agentlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari to‘liq va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash, ularni puxta huquqiy, moliyaviy, iqtisodiy va boshqa ekspertizadan o‘tkazish;

xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida bo‘lishning samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga muvofiq amalga oshirish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanishni ta’minlash;

o‘zi nazorat qiladigan tarkibiy tuzilmalar rahbarlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini muntazam tanqidiy tahlil qilish, Agentlik hay’ati majlislarida ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, ularning yakunlari bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;

sohaga oid masalalar bo‘yicha Agentlik faoliyatini takomillashtirishga doir amaliy chora-tadbirlar ko‘rish, qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va ularni Agentlik direktoriga kiritish;

o‘zi nazorat qiladigan tarkibiy tuzilmalar rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimda qolishi maqsadga muvofiqligi masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha Agentlik direktoriga taklif kiritish, funksional vazifalar va yuklangan vazifalar bajarilishi uchun ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rish;

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq tarkibiy tuzilmalarda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;

Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari asosida tasdiqlangan “O‘zarxiv” agentligi va uning tizimidagi arxiv ishi hududiy boshqarmalari xodimlarining odob-axloq qoidalari hamda “Respublika arxivchilar etika kodeksi”ga rioya etish, o‘zi nazorat qiladigan tarkibiy tuzilmalar rahbarlari va xodimlari tomonidan ushbu qoidalarga rioya etilishini ta’minlash;

davlat xizmatlari samaradorligini, ulardan erkin foydalanishni va ko‘rsatilishi sifatini oshirish hamda “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga muvofiq samarali tashkil etish, jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot o‘rnatish, shaxsan qabul qilishni muntazam ravishda o‘tkazish, shu jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini joylarga borib qabul qilishni belgilangan muddatlarda va tartibda amalga oshirish;

davlat siriga kiritilgan ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;

rejalashtirish, hisobotni yuritish, pullik xizmatlardan foydalanish, MAF arxiv hujjatlarini nashr etish, ilmiy axborotlarni tarqatish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va davlat arxivlari amaliyotida elektron ma’lumotlar bazalarini yaratish, ijtimoiy-huquqiy va mavzuli so‘rovlarni bajarishni ta’minlash, idoraviy arxivlar va ish yuritish faoliyati hujjatlarini jamlash va qimmatliligini aniqlash ekspertizasini o‘tkazish ishlarini tashkil etish;

O‘zbekiston milliy arxivlarining ilmiy-tadqiqot va metodik ishlarini tashkil etish;

Agentlikning Markaziy ekspert tekshirish komissiyasi, Arxiv ishi bo‘yicha Jamoatchilik Kengashi va Ilmiy kengash faoliyatini muvofiqlashtirish;

davlat arxivlari va idoraviy arxivlarda arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazoratini ta’minlash;

“Arxiv ishi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va arxiv ishi sohasidagi boshqa qonun hujjatlari ijrosini tashkil etish.

23. Quyidagilar Agentlik markaziy apparati tarkibiy tuzilmalari rahbarlarining asosiy funksional vazifalari xisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya kilish;

tegishli tuzilma faoliyatiga bevosita rahbarlikni amalga oshirish, ushbu tuzilmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;

Agentlikning hududiy va tarkibiy tuzilmalari faoliyatini o‘z vakolatlari doirasida muvofiqlashtirish;

prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda Agentlikning hududiy va tarkibiy tuzilmalari ushbu ko‘rsatkichlarga so‘zsiz erishishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha takliflarni Agentlik direktorining nazorat qiluvchi o‘rinbosarlariga kiritish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoringini olib borishning amaliy tizimini yaratish, Agentlik faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qaroriga va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlarn to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy tuzilmalar xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish;

Agentlik hay’ati qarorlari, direktorning buyruqlari va farmoyishlari, uning o‘rinbosarlari ko‘rsatmalari hamda topshiriqlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

tarkibiy tuzilmalarning har choraklik ish rejalari ishlab chiqilishini ta’minlash, ularni tasdiqlash uchun kiritish, ularda ko‘rsatilgan vazifalar va tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

tarkibiy tuzilmalarga yuklangan vazifalar bajarilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish, Agentlik hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatiga amaliy va metodik yordam berish;

tarkibiy tuzilmalar faoliyati sohalariga oid qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va ularni ko‘rib chiqish uchun Agentlik rahbariyatiga kiritish;

tarkibiy tuzilmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishda direktor o‘rinbosarlariga takliflar taqdim etish, professionalligi, o‘z ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak ishchanlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini ta’minlash, ularning kasbiy malakasini oshirish choralarini ko‘rish, tarkibiy tuzilmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;

tarkibiy tuzilmalar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, tarkibiy tuzilmalarda tayyorlangan hujjatlar loyihalarini direktor tomonidan ko‘rib chikilishi va imzolanishi (viza qo‘yilishi) uchun ko‘rib chiqish va viza qo‘yish, ularni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Vazirlar Mahkamasining Reglamenti talablariga qat’iy rioya qilgan holda va o‘z vaqtida Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Vazirlar Mahkamasining apparatida ko‘rib chiqilishida Agentlik rahbariyati topshirig‘iga asosan ishtirok etish;

tarkibiy tuzilmaga taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqish, ularni puxta huquqiy, moliyaviy, iqtisodiy va boshqa ekspertizadan o‘tkazish;

xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida bo‘lishning samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga muvofiq amalga oshirish, xizmat safarlari asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanishni ta’minlash;

tarkibiy tuzilmalar xodimlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini muntazam ravishda tanqidiy tahlil qilish, yig‘ilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, ularning yakunlari bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ko‘rish;

Agentlik xodimlari “O‘zarxiv” agentligi va uning tizimidagi arxiv ishi hududiy boshqarmalari xodimlari odob-axloq qoidalari hamda “Respublika arxivchilar etika kodeksi”ga rioya etilishini ta’minlash;

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq tarkibiy tuzilmalarda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga muvofiq ko‘rib chiqish, jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot o‘rnatish, shaxsan qabul qilishni muntazam ravishda o‘tkazish, shu jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini joylarga borib qabul qilishni belgilangan muddatlarda va tartibda amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2016-yil 28-dekabrdagi PF-4904-son Farmoniga muvofiq faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan tushgan murojaatlarini o‘z vaqtida va to‘laqonli ko‘rib chiqish;

davlat siriga kiritilgan ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;

eng yaxshi davlat va idoraviy arxivlar tanlovlarini tashkil etish, arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi namunali xodimlarni aniqlash va mukofotlash yuzasidan Agentlik rahbariyatiga takliflar kiritish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar tomonidan arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan vakolati doirasida davlat nazoratini amalga oshirish;

arxiv hujjatlari va arxiv fondlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, idoraviy saqlov va davlat saqlovi bosqichida arxiv hujjatlari noqonuniy yo‘q qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, MAF hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni tashkil etish;

24. Quyidagilar Agentlikning hududiy boshqarmalari rahbarlarining asosiy funksional majburiyatlari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;

hududdagi davlat arxivlari faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Agentlikning, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining normativ hujjatlari bilan ushbu boshqarmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;

hududiy boshqarmalar, davlat arxivlari va ularning filiallari faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichilariga erishishni so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;

hududiy boshqarmalar tizimidagi davlat arxivlari va ularning filiallari faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish;

hududiy boshqarma hamda davlat arxivlari va ularning filiallari xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari ijrosi ta’minlanishini, ijro intizomi mustahkamlanishi bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilishi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qarori va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustaxkamlash chora-tadbirlari to‘grisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;

Agentlik hay’ati qarorlari, direktorning buyruqlari, farmoyishlari va uning o‘rinbosarlari ko‘rsatmalari hamda topshiriqlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;

Agentlik faoliyati sohasiga kiradigan masalalar yuzasidan mahalliy ijroiya hokimiyati organlari va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan hamkorlik qilish;

xodimlarning vakolatlarini belgilash, ular o‘rtasida majburiyatlarni taqsimlash, davlat arxivlari va ularning filiallarining boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, davlat arxivlari va ularning filiallarini boshqarishda mansabdor shaxslarning javobgarligini belgilash;

hududiy boshqarma, davlat arxivlari va ularning filiallari faoliyatini rejalashtirishni tashkil etish, har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlash;

hududiy boshqarmada, davlat arxivlarida va ularning filiallarida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, hududiy boshqarma kadrlar zaxirasini shakllantirish;

Agentlik rahbari nomenklaturasiga kiradigan bo‘sh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, hududiy boshqarmaga ishga qabul qilinayotgan boshqa kadrlarning professionalligi, o‘z ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishchanlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini ta’minlash;

hududiy boshqarma xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, shu jumladan, ular egallab turgan lavozimda qolishi maqsadga muvofiqligiga doir masalalarni ko‘rib chiqish, ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha muntazam chora-tadbirlar ko‘rish;

hududiy boshqarma xodimlari tomonidan “O‘zarxiv” agentligi va uning tizimidagi arxiv ishi hududiy boshqarmalari xodimlarining odob-axloq qoidalari hamda “Respublika arxivchilar etika kodeksi” talablariga rioya qilishini ta’minlash;

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq hududiy boshqarmada, davlat arxivlari va ularning filiallarida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;

prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda Agentlikning hududiy boshqarmalari, davlat arxivlari va ularning filiallari ushbu ko‘rsatkichlarga so‘zsiz erishishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha takliflarni Agentlikka kiritish;

hududiy boshqarma xodimlari, davlat arxivlari va ularning filiallari raxbarlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish, yig‘ilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, ularning yakunlari bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;

hududiy boshqarmalar, davlat arxivlari va ularning filiallari faoliyatiga oid masalalar bo‘yicha qonun hujjatlarini takomillashtirish, shuningdek, davlat xizmatlari samaradorligi, sifati va ulardan erkin foydalanishni oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish hamda ularni ko‘rib chiqish uchun Agentlik rahbariyatiga kiritish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, muntazam ravishda shaxsan, shu jumladan, sayyor qabullar o‘tkazish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2016-yil 28-dekabrdagi PF-4904-son Farmoniga muvofiq faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan tushgan murojaatlarini o‘z vaqtida va to‘laqonli ko‘rib chiqish;

hududiy boshqarma xodimlari, davlat arxivlari va ularning filiallari raxbarlari lavozim maoshiga mukofotlar, ustamalar to‘lash, ularga moddiy yordam berish, ularni mukofotlash, rag‘batlantirish va ularga intizomiy chora qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilish, ularni davlat mukofotlari va idoraviy mukofotlar bilan taqdirlash to‘g‘risida Agentlikka takliflar kiritish;

davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarning himoya qilinishini ta’minlash;

mahalliy ijroiya hokimiyati organlarida, sudlarda va tashkilotlarda Agentlikning hududiy boshqarmalari, davlat arxivlari va ularning filiallari manfaatlarini ifoda etish;

hududdagi davlat arxivlari va ularning filiallari, shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari direktorlarini tayinlash va lavozimdan ozod etish;

direksiya, ekspert tekshiruv komissiyasi majlislari bayonnomalarini va boshqa maslaxat organlarining qarorlarini tasdiqlash, shuningdek, ushbu qarorlarning bajarilishini nazorat qilish.

6-bob. Agentlik rahbarlarining javobgarligi

25. Agentlik direktori:

Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;

ushbu Nizomning 16-bandida nazarda tutilgan javobgarlik sohalari bo‘yicha;

ushbu Nizomning 21-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.

26. Direktor o‘rinbosarlari:

Agentlikning o‘zi nazorat qiladigan tarkibiy tuzilmalarida Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;

ushbu Nizomning 16-bandida nazarda tutilgan Agentlikning mutasaddilik qilinadigan masalalarga doir javobgarlik sohalari bo‘yicha;

ushbu Nizomning 22-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.

27. Markaziy apparat tarkibiy tuzilmalari rahbarlari:

tegishli tarkibiy tuzilmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning amalga oshirilishi;

ushbu Nizomning 18-bandida nazarda tutilgan Agentlik markaziy apparatining javobgarlik sohalari bo‘yicha;

ushbu Nizomning 23-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.

28. Agentlikning hududiy boshqarmalari rahbarlari:

hududiy boshqarmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;

hududiy boshqarmalarning ushbu Nizomning 20-bandida nazarda tutilgan javobgarlik sohalari bo‘yicha;

ushbu Nizomning 24-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.

7-bob. Agentlik faoliyatini tashkil etish

1-§.Agentlik rahbariyati

29. Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi.

30. Agentlik direktori o‘rinbosarlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

31. Direktor, uning o‘rinbosarlari, maqomi, tibbiy va transport xizmat ko‘rsatish shartlari bo‘yicha tegishli ravishda vazirning birinchi o‘rinbosariga va vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

axborot xizmati rahbari bir vaqtning o‘zida “O‘zarxiv” agentligi va direktorning matbuot kotibi hisoblanib, axborot siyosati masalalari bo‘yicha direktorning maslahatchisi maqomiga ega bo‘ladi hamda mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra direktorning o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

32. Direktor bo‘lmagan vaqtda, uning vakolatlari direktorning buyrug‘i bilan o‘rinbosarlardan biri tomonidan amalga oshiriladi.

33. Agentlikning arxiv ishi hududiy boshqarmalari rahbarlari lavozimga Agentlikning direktori tomonidan tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda tayinlanadi.

Agentlikning arxiv ishi hududiy boshqarmalari rahbarlari lavozimdan Agentlik direktori tomonidan ozod etiladi.

34. O‘zbekiston milliy arxivlari direktorlari Agentlik direktori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi.

O‘zbekiston milliy arxivlari direktorlari lavozimdan Agentlik direktori tomonidan ozod etiladi.

35. O‘zbekiston milliy arxivlari direktorlari o‘rinbosarlari Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

36. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar markaziy davlat arxivlari direktorlari va uning o‘rinbosarlari, viloyat davlat arxivlari direktorlari Agentlikning tegishli hududiy boshqarmalari rahbarlari tomonidan Agentlik bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi.

37. Agentlikning tarkibiy tuzilmalari rahbarlari direktor tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi, qonun hujjatlari bilan belgilangan hollar bundan mustasno.

38. Tuman, shahar davlat arxivlari va ularning filiallari, shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari direktorlari Agentlikning arxiv ishi hududiy boshqarmalari rahbarlari tomonidan tegishlicha tuman, shahar hokimliklari bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi.

39. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Arxiv ishi hududiy boshqarmalari to‘g‘risidagi nizomlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishgan holda Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi.

40. Markaz va Jamg‘arma rahbarlari Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

41. Markaz va Jamg‘arma nizomlari Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi.

42. O‘zbekiston milliy arxivlari to‘g‘risidagi nizomlar Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi.

2-§. Agentlik markaziy apparati tarkibiy tuzilmalarining o‘z hududiy boshqarmalari bilan o‘zaro hamkorligi tartibi

43. Agentlik markaziy apparati tarkibiy tuzilmalarining hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi markaziy apparat tarkibiy tuzilmalarining rahbarlari tomonidan ta’minlanadi.

44. Agentlik markaziy apparatining tarkibiy tuzilmalari Agentlikning hududiy boshqarmalari bilan o‘z faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilib:

topshiriqlarni hududiy boshqarmalar va idoraviy mansub tashkilotlarga yetkazadi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi;

Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlarga tarkibiy tuzilmalarning bevosita faoliyati masalalari bo‘yicha so‘rovlar yuboradi hamda ularning ijro etilishini nazorat qiladi;

Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlari faoliyatini tekshiradi va o‘rganadi, umumlashtiradi, uni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va Agentlik rahbariyatiga kiritadi;

Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini tashkil etish va faoliyati natijalari to‘g‘risida hisobot va axborot materiallari, statistika va boshqa ma’lumotlar o‘rganilishi va umumlashtirilishini tashkil etadi;

Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar ish rejalarini tahlil qiladi, ularning faoliyatini rejalashtirishni takomillashtirishga doir choralar ko‘radi;

Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlardan tushgan takliflarni ko‘rib chiqadi;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tuzilmalar ishtirokini tashkil etadi, qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha ulardan tushgan takliflarni ko‘rib chiqadi.

MAF Davlat katalogini markazlashtirilgan holda davlat hisobi yuritilishini olib boradi, uning hajmi, tarkibi va fondlardagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumotlarni so‘rab oladi;

eng yaxshi davlat va idoraviy arxiv, namunali arxiv xodimlari to‘g‘risida ko‘rik-tanlovlarni tashkil qiladi;

MDH va horijiy mamlakatlardan tushgan mavzuli va ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlarni ijro uchun hududiy boshqarmalar va davlat arxivlariga yuboradi, jismoniy va yuridik shaxslarning so‘rovlari ijrosini muntazam ravishda tahlil qiladi.

45. Agentlikning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar Agentlik markaziy apparatining tarkibiy tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi, shu jumladan:

Agentlik rahbariyati topshiriqlari ijrosi haqida xabar beradi;

belgilangan faoliyat sohasida qonun hujjatlarini amalga oshirish bo‘yicha faoliyat natijalari to‘g‘risida Agentlikning markaziy apparatiga axborot taqdim etadi;

ularning faoliyatini tekshirish va o‘rganish natijasida ishda aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish natijalari to‘g‘risida xabar beradi;

o‘z faoliyati natijalari to‘g‘risidagi hisobotlarni belgilangan muddatlarda Agentlikning markaziy apparatiga taqdim etadi;

Agentlik vakolatiga taalluqli sohalardagi muammolarni hal qilishga qaratilgan takliflarni Agentlikning markaziy apparatiga yuboradi;

mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat organlarining hududiy tuzilmalari, kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan o‘zaro hamkorlik natijalari to‘g‘risida xabar beradi;

vakolatli organlar tomonidan o‘tkazilgan o‘z faoliyatini tekshirish natijalari to‘g‘risida ma’lumot beradi;

MAF hujjatlarini o‘g‘irlash, ziyon yetkazish, yashirish, yo‘qotish va noqonuniy yo‘q qilish kabi holatlar va sharoitlar to‘g‘risida huquq-tartibot organlariga xabar beradi;

joylarda Agentlik hay’ati yig‘ilishi, seminar, konferensiya, tanlov, ko‘rik va boshqa tashkiliy tadbirlar o‘tkazish to‘g‘risida takliflar kiritadi.

46. Agentlik markaziy apparati tarkibiy tuzilmalari va uning hududiy boshqarmalarining o‘zaro hamkorlik jarayonida yuzaga keladigan kelishmovchiliklar direktorning topshirig‘iga binoan uning tegishli o‘rinbosari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar direktor o‘rinbosari tomonidan kelishmovchiliklarni tartibga solishning imkoniyati bo‘lmasa, so‘nggi qaror bevosita direktor tomonidan qabul qilinadi.

3-§. Agentlikning boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi

47. Agentlik o‘z vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.

48. Agentlikning hududiy boshqarmalari o‘z vakolati doirasida boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.

Agentlikning hududiy boshqarmalari tegishli hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqishda va amalga oshirishda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan o‘zaro yaqin hamkorlik qiladi.

49. Agentlik faoliyatiga Vazirlar Mahkamasining tegishli tuzilmalari hamda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri mutasaddilik qiladi.

4-§. Agentlikning hay’ati, boshqa kengash, maslahat, ekspert organlari

50. Agentlikda direktor, (hay’at raisi), uning o‘rinbosarlari (lavozimiga ko‘ra), shuningdek, uning faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtiruvchi hududiy boshqarma va idoraviy mansub, tarkibiy tuzilmalar rahbarlaridan va jamoatchilik vakillaridan iborat tarkibda hay’at tuziladi.

Hay’at tarkibining soni va shaxsiy tarkibi Agentlik direktori taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

51. Hay’atga quyidagi vazifalar yuklanadi:

Agentlik faoliyatining ushbu Nizomda belgilangan asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

qonun hujjatlarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarida belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun Agentlik tizimi xodimlari va rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini ko‘rgan holda tarkibiy va hududiy tuzilmalar hamda idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari hisobotlari muntazam ravishda eshitilishini tashkil etish;

tizimli ravishda Agentlik faoliyati sohasidagi hududiy va tarmoq dasturlari amalga oshirilishining natijadorligini har chorakda va muntazam ko‘rib chiqish;

Agentlik faoliyati doirasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishni ta’minlagan holda hay’atning kengaytirilgan, shu jumladan, joylarda sayyor majlislarini o‘tkazishni tashkil etish, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilish;

Agentlik markaziy apparati va uning tizimiga kiradigan lavozimlar nomenklaturasini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;

Agentlik nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari bilan belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash uchun Agentlik rahbarlari va xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash va shaxsiy javobgarligini oshirish;

hay’at Agentlik vakolatiga kiritilgan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqishga haqlidir.

52. Hay’at majlisiga davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari ularning vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan taklif etilishi mumkin.

53. Hay’at, agar uning majlisida hay’at tarkibining yarmidan ko‘pi qatnashsa, vakolatli hisoblanadi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.

54. Hay’at qarorlari direktorning buyruqlari bilan amalga oshiriladi.

55. Direktor va hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, direktor yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqida Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hay’at a’zolari ham Vazirlar Mahkamasiga o‘z fikrini xabar qilishi mumkin.

56. Hay’at faoliyati tartibi uning hay’at tomonidan tasdiqlanadigan reglamenti bilan belgilanadi.

57. Agentlik huzurida respublikada arxiv ishi va ish yuritishning ilmiy muammolarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Ilmiy kengash, Arxiv ishi va ish yuritish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Jamoatchilik kengashi, MAF tarkibini belgilash va hujjatlarning qimmatliligini ekspertizadan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish uchun markaziy ekspert-tekshirish komissiyasi tashkil etiladi hamda boshqa kengash, maslahat va ekspert organlari tuzilishi mumkin.

58. Agentlik huzurida tuziladigan kengash, maslahat va ekspert organlari tarkibi va ular to‘g‘risidagi nizomlar direktor tomonidan tasdiqlanadi, ularning tarkibi va nizomlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlanadigan hollar bundan mustasno.

8-bob. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlari

59. Agentlik faoliyatining samaradorligi muntazam baholanadi.

60. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligiga berilgan baho Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlariga asoslanadi.

61. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari bo‘yicha:

Agentlik rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish;

Agentlik faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari ko‘riladi.

62. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi va usuli qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

9-bob. Agentlikni moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish

63. Quyidagilar Agentlik faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

Davlat arxivlarining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etilgan pullik xizmatlaridan tushgan budjetdan tashqari mablag‘lar;

Jamg‘arma mablag‘lari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.

64. Agentlik, uning hududiy boshqarmalari xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qo‘shimcha haq, ustama xaq va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan iborat.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga Agentlik xodimlariga asosiy egallab turgan lavozimlari bo‘yicha lavozim maoshlariga (lavozim maoshiga nisbatan rag‘batlantirish koeffitsiyentlari hisobga olingan holda) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan qat’i nazar, ustama va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlar direktor tomonidan belgilanishi mumkin.

65. Agentlik axborot xizmati xodimlariga boshqa to‘lovlardan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hamda Agentlik mablag‘lari hisobiga mehnatga xaq to‘lash fondining 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda oylik ustama to‘lanadi.

66. Agentlik markaziy apparati va hududiy boshqarmalarining xodimlariga har oyda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga sohadagi ish staji uchun xodimning lavozim maoshiga belgilangan razryad tarif stavkasiga (lavozim maoshiga nisbatan rag‘batlantirish koeffitsiyentlari hisobga olingan holda) nisbatan quyidagi foizlarda hisoblanadi:

Ish staji bo‘yicha guruh

Ish staji uchun ustama miqdori

1 yildan 3 yilgacha

10 foiz

3 yildan 5 yilgacha

20 foiz

5 yildan 10 yilgacha

30 foiz

10 yildan 15 yilgacha

40 foiz

15 yildan 20 yilgacha

50 foiz

20 yil va undan yuqori

60 foiz

Uzoq muddat xizmat qilganligi uchun ustama haq olish huquqini beruvchi ish staji Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq hisoblab chiqiladi.

10-bob. Agentlikning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi oldida hisobdorligi

67. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari zarur bo‘lgan hollarda o‘zlarining majlislarida Agentlikning o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitishi mumkin.

68. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi bilan o‘zaro hamkorlik qilish doirasida:

yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi muammolarni hal etish, davlat boshqaruvi tizimini maqbullashtirish, sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan taklif, tavsiya va tahliliy ma’lumotlar tayyorlanishini ta’minlaydi;

arxiv ishi va ish yuritish sohasini rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari va vazifalarini amalga oshirishda mavjud tizimli muammolar va kamchiliklar muntazam ravishda ko‘rib chiqilishini tashkil qiladi;

belgilangan tartibda boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.

69. Agentlik har chorak yakuni bo‘yicha tegishli hisobot davri uchun arxiv ishi va ish yuritishni rivojlantirish natijalari to‘g‘risidagi press-reliz o‘z veb-saytida yoritilib borilishini ta’minlaydi.

11-bob. Yakunlovchi qoida

70. Agentlik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi

Yuklab olish (pdf 114 kb)