O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish
T A R T I B I

I. Umumiy qoidalar.

1. “O‘zarxiv” agentligida (keyingi o‘rinlarda - Agentlik) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini (keyingi o‘rinlarda - murojaatlar) ko‘rib chiqish va ularni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablari hamda mazkur tartib asosida amalga oshiriladi.

2. Mazkur tartib quyidagi murojaat turlarining ijrosini ta’minlash maqsadida qo‘llaniladi:

Ariza – huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaat.

Taklif – davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan murojaat.

Shikoyat – buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaat.

3. Mazkur tartib Agentlikning boshqa davlat organlari, tashkilotlar va tarkibiy bo‘linmalari bilan o‘zaro yozishmalariga nisbatan tadbiq etilmaydi.

4. Arxiv ma’lumotnomalari olish yuzasidan kelib tushgan ijtimoiy-huquqiy va mavzuli so‘rovlar ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 5 aprel 2012 yildagi 101- son qarori 1-Ilovasi

129-136-bandlari hamda 1997 yilda Agentlik tomonidan tasdiqlangan va Adliya vazirligidan №373 raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga taalluqli ijtimoiy-huquqiy hujjatlarni talab qilib olish bo‘yicha xorijdan kelib tushgan so‘rovnomalarni ijro qilish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnoma asosida amalga oshiriladi.

5. Agentlikka murojaatlar og‘zaki, yozma yohud elektron shaklda kelib tushishi mumkin.

6. Jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.

Yozma murojaat murojaat etuvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat etuvchi yuridik shaxs rahbarining yoxud vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilishi kerak.

Elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo‘lgan elektron hujjat shaklida bo‘lishi kerak. Elektron murojaat qonunda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan yoxud ular haqida yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan, shuningdek, imzo (elektron raqamli imzo) bilan tasdiqlanmagan murojaatlar anonim murojaatlar deb hisoblanadi. Anonim murojaatlar ham o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatga olinib, uning anonim ekanligi murojaatni ko‘rib chiqqan Agentlik rahbariyati tomonidan belgilanadi.

Murojaat etuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

7. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti, yuridik shaxslarning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularning roziligisiz, shuningdek davlat sirini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar va, agar bu jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini kamsitadigan bo‘lsa, boshqa axborot davlat organlari xodimlari tomonidan oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jismoniy va yuridik shaxs to‘g‘risidagi, murojaatga taalluqli bo‘lmagan ma’lumotlarni aniqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jismoniy shaxsning iltimosiga ko‘ra uning shaxsiga doir biron-bir ma’lumot oshkor etilmasligi kerak.

II. Murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish

8. Agentlikka kelib tushgan murojaatlar shu kunning o‘zida ish yuritish yuklatilgan xodim tomonidan o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatga olinadi va Agentlik rahbariyatiga kiritiladi. Agentlik rahbariyati kelib tushgan kun yoki undan keyingi ish kunidan kechikmagan holda murojaatning mazmuniga qarab tegishli topshiriq, ijroga mas’ul va ijro muddatini belgilaydi. Murojaat tegishli jurnalda (1-ilova) ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Shu kundan kechikmagan holda:

agentlikning ijro nazoratiga mas’ul xodimi tomondan qog‘oz va elektron shaklda nazorat kartochkasi tuzilib, unda rahbariyat tomonidan berilgan topshiriq, ijro muddati hamda ijroga mas’ul xodim aniq ko‘rsatiladi;

topshiriq va nazorat kartochkasining elektron nusxasi ijrochiga yuboriladi.

Topshiriq ijrosini tezlatish maqsadida tegishli materiallar skanerdan o‘tkazilib, elektron shaklda ijrochiga yuborilishi mumkin.

Agentlikka kelib tushgan murojaat unda ko‘rsatilgan masalalarni hal etish vakolatiga kirmasa, besh kun muddatdan kechikmasdan tanlangan xabar berish turiga asosan bu to‘g‘rida muallifni xabardor qilgan holda tegishli joyga yuboriladi.

9. Agentlikning ish yuritish vazifasi yuklatilgan xodim murojaat bo‘yicha quyidagi ma’lumotlarni kompyuter dasturiga kiritadi:

murojaatdagi tartib va ro‘yxatga olingan raqami hamda Agentlikka kelib tushgan korrespondensiya tartib raqami va sanasi;

jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi;

yuridik shaxsning to‘liq nomi;

muallifning yashash yoki yuridik shaxsning yuridik manzili;

murojaatning qisqacha mazmuni;

Agentlik rahbariyati tomonidan murojaatni ko‘rib chiqish uchun berilgan ko‘rsatma;

murjaatning ijro uchun yuborilgan sanasi;

ijro muddati;

bajarilishiga oid ma’lumotlar;

murojaat nazoratdan chiqarilgandan so‘ng kim tomonidan va qachon chiqarilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot.

10. Ijrochi murojaatni va murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmani olganligi to‘g‘risida murojaatlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha tegishli jurnalga yozuvlarni, imzosini yoki kodini va olgan sanasini yozib qo‘yadi.

11. Murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha bir necha masul xodimlarga topshiriqlar berilgan bo‘lsa murojaat va u bo‘yicha topshiriqning asl nusxasi rahbar rezolyutsiyasida birinchi yozilgan shaxsga, nusxalari esa boshqa ijrochilarga yetkaziladi.

Murojaatni o‘rganish va ijrosini ta’minlash rahbar topshirig‘ida birinchi yozilgan mas’ul xodim tomonidan tashkil etiladi.

12. Yuqori tashkilotlardan Agentlikka kelib tushgan murojaatlar yuqorida belgilangan tartib asosida ro‘yxatga olinadi.

13. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti, yuridik shaxslarning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularning roziligisiz, shuningdek davlat sirini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar va, agar bu jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini kamsitadigan bo‘lsa, boshqa axborot Agentlik xodimlari tomonidan oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jismoniy va yuridik shaxs to‘g‘risidagi, murojaatga taalluqli bo‘lmagan ma’lumotlarni aniqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jismoniy shaxsning iltimosiga ko‘ra uning shaxsiga doir biron-bir ma’lumot oshkor etilmasligi kerak.

III. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish

14. Agentlikka kelib tushgan murojaatlar Agentlik rahbariyati tomonidan ko‘rib chiqiladi

Qo‘yilgan masalalarni hal etish Agentlik vakolat doirasiga kirmaydigan Agentlikka kelib tushgan murojaatlar besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli tashkilotlarga yuborilib, bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun asossiz ravishda boshqa tashkilotlarga o‘tkazish yoxud qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan tizimdagi muassasalarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish taqiqlanadi.

Agar murojaatlarda ularni tegishli tashkilotlarga yuborish uchun zarur ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, bu murojaatlar murojaat etuvchiga besh kunlik muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan qaytariladi.

Murojaatni to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar, ma’lumotnomalar va materiallarga zarurat paydo bo‘lgan taqdirda, mazkur murojaatni ko‘rib chiqayotgan Agentlik rahbari murojaat etgan jismoniy yoki yuridik shaxsdan, shuningdek o‘z vakolatlari doirasida boshqa tashkilotlardan qo‘shimcha axborotni so‘rab olishi mumkin. Agar axborot davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, Agentlik va uning rahbariyati o‘zlaridan so‘ralayotgan axborotni o‘n kun ichida taqdim etishi shart.

Agentlik murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida zarur hollarda, murojaat joyning o‘ziga borib ko‘rib chiqilishini ta’minlashi mumkin.

Murojaat etuvchi yoki boshqa shaxs yo‘qligida murojaatni ko‘rib chiqish imkoni bo‘lmasa, ular Agentlik rahbariyati tomonidan chaqirilishi mumkin. Chaqirilgan murojaat etuvchi kelmagan taqdirda Agentlik rahbariyati murojaatni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqish imkoni yo‘qligi haqida javob yuboradi.

Murojaatga javobni Agentlik rahbari yoki uning o‘rinbosari imzolaydi.

Agar murojaatda qo‘yilgan masalalar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatiga daxldor bo‘lsa, ularning vakillari murojaatni ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun Agentlik tomonidan o‘z vakolati doirasida jalb etiladi.

Agar murojaatni ko‘rib chiqishda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyatini tekshirish, shu jumladan, moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) zarurati yuzaga kelsa, tekshirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar o‘z murojaatlarini ular ko‘rib chiqilguniga qadar va ko‘rib chiqilayotgan vaqtda murojaat yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoxud elektron shaklda ariza berish orqali qaytarib olish huquqiga ega.

Murojaatni qaytarib olish haqidagi ariza Agentlik tomonidan qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rilishini istisno etmaydi.

15. Murojaatlarda qo‘yilgan masalalar Agentlikning vakolatiga kirmaydigan bo‘lsa, uzog‘i bilan besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli tashkilotlarga jo‘natiladi va bu haqda murojaat muallifiga xabar qilinadi.

16. Nazoratdagi murojaatlarni o‘rganish yakunlari bo‘yicha tegishli ijrochi tomonidan Agentlik rahbariyatiga axborot beriladi. Rahbariyat tomonidan rozilik bildirilgandan so‘ng murojaat muallifiga javob xati yuboriladi va murojaat nazoratdan chiqariladi. Murojaat muallifiga javob xati ushbu murojaatni ko‘rib chiqqan Bosh direktor yoki uning o‘rinbosari imzosi bilan yuboriladi.

17. Agentlikka kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Bosh direktorning buyrug‘i yoki farmoyishi bilan ishchi guruhlarni tuzish hamda guruh tarkibiga Agentlik apparatining mas’ul xodimlari, tegishli soha mutaxassislari, kelishuv asosida jamoat tashkilotlari vakillari va boshqa mutaxassislar kiritilishi mumkin.

18. Murojaatlar Agentlikning arxiv ishi bo‘yicha tashkiliy-metodik ishlar bo‘limi tomonidan alohida nazoratga olinadi va ijrosi ta’minlanadi.

Takroriy murojaatlar alohida tarzda nazoratga olinadi. Bunday turdagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda dastlabki murojaatlar ko‘rib chiqilganligi to‘g‘risidagi hujjatlar ularga qo‘shib qo‘yiladi.

Zarur hollarda murojaatni bundan oldin ko‘rib chiqqan rahbar masalaga taalluqli mutaxassis xodimlardan iborat ishchi guruh tuzib, shaxsan joyiga chiqib, joiz bo‘lganda muallif ishtirokida murojaatda ko‘tarilgan masalalarni atroflicha o‘rganilishini tashkil etadi, masala yechimini mantiqiy yakuniga yetkazib, muallifga tegishli tushuntirishlar, huquqiy tavsiyalar beradi va amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha Agentlik rahbariyatiga axborot kiritadi. Takroriy murojaatga qayd raqami qo‘yiladi hamda avvalgi murojaatning qayd raqami ko‘rsatiladi va ilgari mazkur ariza yuzasidan asosli tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, rahbariyatning ruxsati bilan murojaat ko‘rib chiqilmasligi mumkin va bu haqida muallifga bildiriladi.

19. Yuqori tashkilotlar va boshqaruv organlari orqali kelib tushgan murojaatlar yuqorida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Ko‘rib chiqish natijalari va qabul qilingan qaror to‘g‘risida murojaatni yuborgan tashkilotga va muallifga javob xati yuboriladi.

20. Murojaat yuzasidan qaror qabul qilingandan so‘ng Agentlik, og‘zaki qabul yoki javob xatida uning rahbariyati, agar jismoniy yoki yuridik shaxs qarorga rozi bo‘lmasa, uning ustidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoki sud idoralariga shikoyat berish mumkinligini tushuntirilishi shart.

Murojaatni ko‘rib chiqqan Agentlik, uning rahbariyati murojaatni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilishi, shuningdek agar jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki ma’naviy ziyon yetkazilgan bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda moddiy zararning o‘rnini qoplash yoki ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishi shart.

21. Ko‘rib chiqish ishlari tugallangan murojaatlarning ijrochida saqlanishi ta’qiqlanadi.

Murojaatni nazoratdan chiqarish uchun tegishli ma’lumotlar Agentlikning arxiv ishi bo‘yicha tashkiliy-metodik ishlar bo‘limi tomonidan Agentlik rahbariyatiga kiritiladi.

Murojaatlarga oid barcha hujjatlar belgilangan muddatlarda saqlanadi, ularning muddati o‘tgach Agentlik ekspert komissiyasi qarori bilan o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilishga ajratiladi. Yo‘q qilish to‘g‘risidagi dalolatnomalarda murojaatlarning tartib raqamlari, yillari va ular to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlar ko‘rsatiladi.

22. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish belgilangan kun va soatlarda, qabul qilish jadvallariga muvofiq o‘tkaziladi.

Qabul qilish jadvallari va uni o‘tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish to‘g‘risidagi axborot, shuningdek, qabul qilish tartibi Agentlik rasmiy veb-saytlarida e’lon qilish, shuningdek, binoning hamma kirishi mumkin bo‘lgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkaziladi.

Jismoniy shaxs og‘zaki murojaat etayotganda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa o‘z vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatni, shuningdek o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi kerak.

Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish, agar ularning shunday xususiyatga ega bo‘lgan ilgarigi murojaati bo‘yicha qaror qabul qilingan bo‘lsa va bu haqda ularga Qonunda belgilangan tartibda xabar qilingan bo‘lsa, rad etilishi mumkin.

Agentlikda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tartibi Agentlik bosh direktori tomonidan belgilanadi.

Agentlikning shaxsiy qabulni o‘tkazuvchi rahbarlari yoki boshqa vakolatli shaxslari har qanday masalalar, shu jumladan, o‘z vakolatlariga kirmaydigan masalalar bo‘yicha murojaat etilganda qabulni rad etishga haqli emas.

Agar shaxsiy qabul davomida bayon etilgan masalalarni hal etish Agentlikning vakolatlariga kirmasa, Agentlik rahbari yoki boshqa vakolatli shaxsi murojaat etuvchiga murojaatda bayon etilgan masalalarni hal etish uchun qaysi organga yoki tashkilotga murojaat qilish lozimligini tushuntirishi kerak.

Shaxsiy qabul davomida Agentlik rahbari qaroriga ko‘ra hamda murojaat etuvchining yozma roziligi bilan maxsus texnika vositalari (audio va video yozuv, shuningdek, fotosuratga olish) qo‘llanilishi mumkin.

Agentlikning rahbarlari yoki boshqa vakolatli shaxslari tomonidan sayyor shaxsiy qabullar tashkil etilishi mumkin.

Shaxsiy qabul bilan bog‘liq tegishli ma’lumotlar har bir mansabdor rahbar xodim uchun alohida tuziladigan shaxsiy qabul jurnaliga (2-ilova) kiritib boriladi.

IV. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari

23. Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan Agentlikka kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi va bu haqda taklif kiritgan shaxsga o‘n kunlik muddat ichida ma’lum qilinad (yuqori tashkilotlardan belgilangan muddatlar bilan kelib tushganlar bundan mustasno).

24. Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallar so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari Agentlik rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga yozma ravishda xabar qilinadi.

25. Taklif Agentlikka kelib tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.

V. Murojaatlar bilan ishlash yakunlarini chiqarish

26. Agentlikning arxiv ishi bo‘yicha tashkiliy-metodik ishlar bo‘limi boshlig‘i har chorak yakunida murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ular bilan olib borilgan ishlarni ko‘rib chiqadi va doimiy tarzda qonunchilik buzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi.

27. Jismoniy va yuridik shaxlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlari buzilishini yuzaga keltiruvchi sabablarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida murojaatlar belgilangan tartibda Agentlikning Arxiv ishi bo‘yicha tashkiliy-metodik ishlar bo‘limi boshlig‘i tomonidan har chorak yakunlari bo‘yicha umumlashtiriladi va tahliliy ma’lumotlar tayyorlanadi. Ma’lumotlarda murojaatlarning tushishi va ularning ko‘payish sabablari, murojaatlarning mazmuni va yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimoti, yuqori organlar orqali yuborilgan murojaatlar shu jumladan takrori murojaatlar bo‘yicha alohida tahlil etiladi.

28. Tayyorlangan tahliliy ma’lumotlar va yakuniy axborotlar har chorakda bir martadan kam bo‘lmagan holda “O‘zarxiv” agentligi Hay’ati yig‘ilishlarida muhokama etib boriladi.

 

Yuklab olish (*.doc 77 kb)