12 nafar bolani boqib olgan 6 bolali Samarqandlik Fotimaxon opa
Ikkinchi jahon urushi davrida toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov va uning xotini Bahri Akramova turli millatning qarovsiz va yetim qolgan bolalarini farzandlikka olib,taʼlim-tarbiya bergan va juda koʻp vatandoshlarimiz Shomaxmudovlar oilasi haqidagina koʻproq maʼlumotlarga egalar. Bu xazrati insonlar insonparvarlikni ulugʻlovchi oila sifatida katta jasorat, qahramonlik koʻrsatdi, ammo evakuatsiya qilingan bolalarni oʻz bagʻrilariga olgan oilalar Oʻzbekistonda juda ham koʻp boʻlgan. Bulardan biri, hikoyamiz qahramoni Samarqandlik Fotima Qosimova oilasi.
Urushning birinchi kunlaridanoq butun mamlakat boʻylab miting va yigʻilishlar oʻtkazilib, ularda qatnashgan mehnatkashlar dushmanni tor-mor keltirmoq uchun oʻzlarining bor kuchlarini sarflashga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Urush boshlangan kundagn Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi oʻsha paytdagi Engels nomli kolxoz hududida joylashgan koʻpgina kolxozlarda koʻp kishilik mitinglar boʻlib oʻtadi. Ana shunday mitinglardan biri Chkalov qishloq soveti qoshidagi Fyodorov nomli kolxozda 1941-yil 23-iyunda erta tongda boʻlib oʻtdi. Mingtda Samarqand rayon partiya komitetining instruktori Saidov qatnashadi va nutq soʻzlaydi. Saidov oʻz nutqida 22-iyun kuni fashistlar Germaniyasi 1939-yilda Sovet Ittifoqi bilan tuzilgan shartnomani buzib, Sovet Ittifoqi hududiga bostirib kirganligini aytib, bu urushda gʻalaba qozonish uchun davlatga mahsulot topshirishni koʻpaytirishga, ish vaqtidan umunli foydalanishga, mehnat unumdorligini oshirishga chaqiradi.
Maʼlumki, nemis-fashist bosqinchilar Vatanimizga hujum boshlagan kunlar qishloqlarda dala ishlari qizgʻin davrga kirgan paytlarga toʻgʻri kelgan. Sabzavot va poliz ekinlari, gʻoʻza parvarish avj olgan, ertangi ekinlar-bugʻdoq, arpani yigʻishtirish kampaniyasi boshlanish oldida edi. Shu tufayli har bir kishi qishloq xoʻjalik ishlarini yaxshi tashkil qilish va uni muvaffaqiyatli oʻtkazishni oʻzining vatanparvarlik burchi deb bilar edi. Engels kolxozi hududidagi qishloqlarda ham front uchun sabzavot, paxta, gʻalla va boshqa qishloq hoʻjalik mahsulotlarini yetishtirish juda ogʻir edi. Kolxoz ishlar chiqarishi ayollar zimmasiga tushgan edi.
Urush yillarida kolxozlar oʻz zimmalariga olgan majburiyatlarini bajarish bilan birga kolxozchilarning umumiy yigʻilishlari qarorlari bilan Vatan mudofaasiga pul, don, meva, kiyim-kechak yuyuorib turdilar. 1941-yil 20-oktyabrda Engels nomli kolxozning umumiy yigʻilishi qaroriga binoan 39-66 harbiy gospitalni kolxoz otaliqqa olgan, gospilatni taʼmirlash va jihozlashga shu majlis qarori bilan kolxoz boʻlinmasi tomonidan 15.000 rubl pul ajratildi.
1941 yiilning qishiga kelib fashistlar Moskvaga yaqinlashib qoldilar. Fashistlar bolib olayotgan rayonlarning aholisi endi koʻproq Oʻrta Osiyoga evakuatsiya qilina boshladi. Bu vazifa oʻzbek xalqi oldida internatsional burch boʻlib turar edi. 1941-yil 3-dekabrda Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti evakuatsiya qilingan fuqarolarni qabul qilish va joylashtirish yuzasidan maxsus qaror chiqaradi.
Samarqandlik urush faxriylarini xotiralariga qaraganda, Chkalov qishloq Soveti qoshidagi kolxozlarga 100 xoʻjalikka yaqin, Yangiravot qishloq Soveti qoshidagi kolxozlarga 70 ga yaqin, Motrid qishloq Soveti qoshidagi kolxozlarda 150ga yaqin va Bogʻibaland qishloq Soveti qoshidagi kolxozlarga 100 dan koʻproq xoʻjaliklar koʻchirib keltirilgan. Evakuatsiya qilingan xoʻjaliklar kolxozning umumiy binolariga va kolxozchilarning uylariga joylashtirilgan.
1941-yilning oktyabr-dekabr oylarida Samarqand rayoniga koʻchirib keltirilayotganlar ayniqsa koʻpayib ketgan. Koʻchib kelganlarning katta qismi Samarqandning oʻzida va Samarqand shahri yaqinidagi oʻsha paytdagi Engels nomli kolxoz hududiga oʻrnashib qolganlar. Aholining gʻoyat zich joylashganligi, hammom, yuqinish joylari, dezinfeksiya qiladigan kameralar yetarli emasligi shaharda va uning yaqinidagi qolxozlarda yuqumli kasalliklar paydo boʻlish xavfini tugʻdilari. 1942-yil yanvarida bu masala shahar partiya komitetining byurosi, rayon partiya komitetlari va boshlangʻich partiya tashkilotlari zimmasiga darhol yuqumli kasalliklar tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik uchun profilaktika ishlarini hamma joyda tashkil etish va bu ishga bosh boʻlish vazifasini yukladi.Shu sababli Voroshilov nomli kolxozning Oʻzbakkenti qishlogʻida 1942-yil 5-yanvarda epidemiyaga qarshi emlash punkti qurib foydalanishga topshirilgan.
Engels nomli kolxoz hududidagi hamma kolxozlarning mehnatkashlari ham urursh rayonlaridan evakuatsiya qilingan odamlarga uylarining eshiklarini ochib qoʻydilar. Yangiravot qishloq Soveti qoshidagi Engels nomli kolxozga evakuatsiya qilinganlarga kundalik umumiy ovqatlanishni yaxshilash uchun 1- va 2- brigadalarda bitta, 3,4- brigadalarda bitta, 5,6,7,8,9- brigadalarda ikkita-hammasi boʻlib, kolxozda 4 ta oshxona ochiladi. Birgina Engels nomli kolxozda har kuni evakuatsiya qilinganlarga 300 kilogramm non yetkazib berilgan. Kolxozchilardan Xudoyberdiyeva, Fotima Qosimova, Shirinova va boshqalar yetim qolgan bolalarni olib boqib, katta qilganlar.
Dehqon Fotima Qosimova oʻzining 6 bolasi borligiga qaramasdan evakuatsiya qilingan 12 bolaga mehribon ona boʻldi. Hozirgi baʼzi manbalarda Fotima Qosimova 10 nafar bola olgan deb yozilgan, ammo biz oʻqigan manbalarga koʻra 12 nafar bolani olganligi maʼlum boʻldi.
Bu ajoyib qaxramon ona toʻgʻrisida koʻplab hikoyalar va maqolalar yozilgan. Jumladan, Hakim Nazirning “Qaxramonni izlab” nomli asarida qoʻyidagilar hikoya qilinadi: “Ulugʻ Vatan urushidan keyin yosh nemis yozuvchisi Ulrix Fyokel bir nemis gazetasida Fotima Qosimova xaqidagi maʼlumotlarni oʻqib, oʻzi yozayotgan yangi asarning boʻlajak qahramoni-Fotima opani koʻrish ishtiyoqida uzoq GDRdan Samarqandga-Engels nomli kolxozga keladi. Nemis yozuvchisi oʻzbek qishlogʻidagi yangi hayot bilan tanishadi va koʻp yangi taassurotlar bilan qaytadi.
Ulrix uchun ayniqsa kolxozning nomi katta yangilik boʻldi. U kolxozga tashrif etishidayoq “Omadimni qaranglar, kutilmaganda ulugʻ bobomizning kolxoziga kelib qolibmiz!”,-deydi u astoydil quvonib. Keyin Ulrix oʻz asarining qahramoni Fotima opa bilan hayajonlanib, suhbatini davom ettirganda nemis jurnalistining savoliga Fotima opa “Oʻzim yetim oʻsganman. Shuning uchunmi, urushda ota-onasi qolgan bolalarni koʻrib yurak-bagʻrim ezildi. Erim bilan maslahatlashdikda, bunday goʻdaklarni qanotimizga oldik har hil millat bolalaridan. Bularni oʻn toʻrt yoshgacha-oʻzlarini oʻzlari eplaydigan boʻlgunlarigacha boqdik, yuvib-taradik. Ularning yonida oʻzimning ham olti bolam bor edi. Hozir endi bu farzandlarimiz oʻqib, hunar orttirib voyaga yetishdi. Uyli-joyli, ota-ona boʻlishdi. Biz allaqachon buvi boʻlib qoldik. Nevaralarimiz soni oltmish toʻrttaga yetibdi”deb javob bergan ekan.
1960-yillarda mohir dehqon Fotima Qosimova raisligida kolxozda ijobiy ishlar amalga oshirilib, oʻsha davr uchun katta muvaqqiyatlar qoʻlgan kiritilgan edi. Fotima opa Qosimova kolxozda 1954-yilodan 1972-yilgacha raislik qilgan. U oddiy batrak oilasidan chiqqan edi. 16 yoshidan boshlab xalq xoʻjaligi tarmqolaridan ishlagan. U bogʻdorchilik va uzumchilik sohasida ju katta mutaxassis boʻlgan. Fotima Qosimova rahbarlik qilgan xoʻjalikning sohasi koʻp edi. Qaysi sohani surishtirmang, qaysi soha bilan qiziqmang, taraqqiyotni va rivojlanishni kuzatish mumkin edi.
SSSR xalq xoʻjaligi yutuqlari koʻrgazmasining doimiy qatnashchisi boʻlgan bu kolxozni bogʻdorchilik va uzumchilik shuhratini bilmaydigan odam oʻsha darvda kam boʻlgan. Xoʻjalik, uning ilgʻor sohibkorlari koʻrgazma Bosh qoʻmitasi mukofotlariga sazovor boʻlishgan. Kolxoz birinchi va ikkinchi darajali diplomlar bilan, Fotima Qosimova esa oltin medal bilan taqdirlangan edi.
Fotima Qosimova samarali mehnatlari yuqori bahonadi u Lenin ordeni, Mehnat Qizil Bayroq ordeni va medallar bilan mukofotlandi.
“Mehnatkash va mehribon Fotima opa Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti deputati, Oʻzbekiston kolxozlari respublika kengashining aʼzosi, qishloq xoʻjalik institutining aspiranti edi,-deb hikoya qiladi kolxozda 1947-yildan buyon buxgalter boʻlib ishlagan Statsa Shatamina. U kishi xalqqa koʻp xizmat qilgan inson, eng baxtli inson hisoblanar edi va shuning uchun ham xalqning nakazlarini jonkuyarlik bilan toʻla-toʻkis amalga oshirishga harakat qilar edi. U kishi quvnoq, xushchaqchaq odam edi. Har kimga tabiatiga qarab munosabatda boʻlar edi. Boshiga ogʻir kulfat tushgan odamga iloji boricha yordam berib, koʻnglini koʻtarishga harakat qilar edi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini, ayniqsa mevachilik va uzumchilikni rivojlantirish borasidagi taklif va mulohazalari toʻgʻriligi bilan kishini hayratga solardi. Shunday ratsionalizator, tajribali va mehribon ustozni 1975-yilda ogʻir kasallik oramizdan olib ketdi”
Xalq deputatlari Chkalov qishloq Kengashi ijroiya komitetining 1992-yil 26-fevraldagi “Fotima Qosimova xotirasini abadiylashtirish toʻgʻrisida”gi 7/2-son qarori bilan “Engels” nomli jamoa xoʻjaligi aholini talab istaklari asosida oʻzgartirilib, unga Fotima Qosimova nomi berilgan. Xuddi shunday mazmundagi qaror Samarqand rayon hokimi tomonidan 1992-yil 28-aprel kuni 20b/4k-son bilan chiqarilgan.
Ha, oʻzbek xalqi Ikkinchi jahon urushi davrida harbiy harakatlar qurshovida qolgan hududlar aholisini qabul qildi. Goʻyoki bagʻri boʻshab qolgan elimizning urushga ketgan yaqinlari oʻrnini bosib, yuraklariga taskinlik boʻlganday boʻldi bu… Evakuatsiya qilinganlar esa boshpanasini topdi! Oilasini topdi! Ota-onasini topdi! Vatanini topdi!
Shu oʻrinda urushning suronli va urushdan keyingi ogʻir yillarda jasorat va matonat namunasi boʻlganlar, ayol boshi bilan dalada mehnat qilgan, front uchun borini bergan, bolalar mehrini ayamaganlar toʻgʻrisida xotirlar ekanmiz insonparvarlik oʻzi nima degimiz keladi. Hozir insonlar oʻrtasida insonparvarlik qay darajada degimiz keladi... Insorparvarlik tuygʻusi barchada boʻlishi uchun urush boʻlishi shartmi degimiz keladi...
INSONPARVARLIK — insonning qadri, erkinligi, baxt-saodati, teng huqukliligi toʻgʻrisida, insoniylikning barcha tamoyillarini yuzaga chiqarish uchun shartsharoitlar yaratib berish haqida gʻamxoʻrlik qilishni ifodalovchi tushuncha. Unga koʻra, dunyoda eng qimmatli narsa insondir, bu-tun mavjudot, borliq insonga, uning baxt-saodatiga xizmat qilishi lozim. Inson taqdiri, xalq manfaatlari, mamlakat kishilari haqida gʻamxoʻrlik Insonparvarlikning asosiy masalasidir.
Anvarjon Aliyev
“Oʻzarxiv” agentligi Axborot xizmati rahbari,
direktorning axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi.
Dilshod Qodirov
Samarqand tumani davlat arxivi direktori