18 may “Xalqaro muzeylar kuni” kuni

Ulug‘ xalqimiz jasoratiga bag‘ishlangan tarixiy ko‘rgazma
2021 yil 18 may “Xalqaro muzeylar kuni” kuni munosabati bilan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi hamda O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi hamkorligida “Xotira sahifalari” mavzusiga doir foto arxiv hujjatlari nusxalari va eksponatlar ko‘rgazmasi rasman ochildi.
Davlatimiz rahbari 2021 yil 9 maydagi “Xotira va qadrlash” kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida keyingi yillarda xalqimizning buyuk G‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini har tomonlama o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha yurtimizda katta ishlar amalga oshirilayotganligiga alohida urg‘u berdi.
Shu maqsadda, joriy yil 20 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosi doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmadan o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushi jang maydonlarida va front ortida ko‘rsatgan beqiyos jasorati va matonati aks ettirilgan arxivdagi tarixiy surat va hujjatlar o‘rin oldi.
Mazkur tadbir yosh avlodning ulug‘ xalqimizning mardligi, mashaqqatli mehnati va qahramon ajdodlarimizning jasoratini surat va hujjatlar orqali ko‘rib anglashi, shuningdek, bu tinchlik va osoyishtalikka yetishimiz oson bo‘lmaganini his qilishi va buni asrashda barcha birdek mas’ul bo‘lishi maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida “O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi va O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum”ni ham tantanali ravishda imzolandi.


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati