2021 yil 12 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi va Yahudiy xalqi tarixi markaziy arxivi (Quddus) o‘rtasida arxiv ishi sohasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum onlayn ravishda videokonferens-aloqa formatida imzolandi.

 

Har ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy shakllangan do‘stona munosabatlarni inobatga olib, ushbu arxiv muassasalari o‘rtasida Ishtirokchilarning o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish istagidan kelib chiqib, quyidagilar to‘g‘risida o‘zaro anglashuvga erishildi:
arxiv hujjatlaridan foydalangan holda ochiq arxiv hujjatlari to‘g‘risida ma’lumot va kasbiy tajriba almashish bo‘yicha ish olib borish, o‘zaro ilg‘or texnik va dasturiy ta’minotdan foydalangan holda mutaxassislarni o‘qitish va malaka oshirish yo‘nalishlarida hamkorlik qilish;
arxiv hujjatlarini aniqlash va ularning nusxalarini o‘z davlatlari qonunchiligiga muvofiq hamda o‘z vakolatlari doirasida kelishuvga asosan taqdim etib borishda bir-birlariga ko‘maklashish;
o‘zbek va yahudiy xalqlari tarixi hamda madaniyati bilan bog‘liq ochiq turdagi arxiv hujjatlarini o‘z ichiga olgan arxiv fondlarini tavsiflash va o‘rganish bo‘yicha hamkorlik qilish, arxiv manbalari to‘g‘risida ma’lumotlarni o‘zaro almashish va hujjatlarning mavzuli ro‘yxatlarini tuzish;
o‘zaro manfaatdorlik asosida Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, O‘zbekiston Respublikasidagi yahudiylar diasporasi tarixi, Isroil Davlatiga ko‘chib borgan o‘zbekistonliklar tarixi va boshqalar bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqot loyihalarini o‘tkazish hamda kelishilgan mavzu asosida hujjatli ko‘rgazmalar, seminarlar va anjumanlarni tashkil qilish.


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati