2022-yil 27-iyundagi “Oʻzarxiv” agentligining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar boʻyicha yigʻilish muhokamasi haqida maʼlumot

Joriy yilning 27-iyun kuni “Oʻzarxiv” agentligi markaziy apparati, Oʻzbekiston milliy arxivlari hamda Arxiv ishi hududiy boshqarmalari xodimlari ishtirokida videokonferens tarzida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2022-yil 20-iyunda Konstitutsiyaviy komissiya yigʻilishidagi ishtiroki va komissiyaga bergan takliflari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini umumxalq muhokamasiga qoʻyish toʻgʻrisidagi Qarori muhokama qilindi.

Yigʻilishda Agentlik markaziy apparati, Oʻzbekiston milliy arxivlari xodimlari markaziy studiyadan. Arxiv ishi hududiy boshqarmalar, markaziy va viloyat, shahar, tuman  davlat arxivlari rahbarlari hududiy studiyalardan, tuman shahar davlat arxivlari xodimlari joylardagi studiyalardan ishtirok etdi. Markaziy va hududiy studiyalardan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Muhokamalarda jami 1890 nafar arxivchilar ishtirok etdi.

Yigʻilishni “Oʻzarxiv” agentligi direktori Ulugʻbek Yusupov kirish soʻzi bilan ochib berdi. U oʻz soʻzida 20-iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev respublika Konstitutsiyaviy komissiyasi aʼzolari bilan uchrashganligi. Uchrashuv davomida davlat rahbari Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish yuzasidan fuqarolar tomonidan bildirilgan ayrim takliflarga munosabat bildirish asnosida oʻz takliflarini ilgari surganligi xaqida maʼlumot berdi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev ishtirok etib, maʼruza qildi.

Yigʻilishda asosiy eʼtibor Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati haqidagi, Komissiyaga kelib tushayotgan takliflar haqidagi hamda Prezident tomonidan ilgari surilgan gʻoyalar,  yangilanayotgan Konstitutsiyaga bergan asosiy takliflari haqidagi fikrlar keng muhokama qilindi. Jumladan, Davlatimiz rahbari tomonidan asosiy 4 ta yoʻnalishda 50 taga yaqin bergan takliflari fuqarolarning huquq va manfaatlari, hayot turmushining yaxshilanishi, mamlakat iqtisodiyoti va tashqi siyosatining yangi ustuvor yoʻnalishlarini belgilashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Jumladan,

-Davlatimiz rahbari tomonidan “Inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmatini ulugʻlash, daxlsiz huquq va manfaatlarini mustahkamlashga doir 7 ta takliflari, ayniqsa inson huquqlari boʻyicha Konstitutsiyada oʻlim jazosining taʼqiqlanishi normasini aks ettirilishi, har bir Oʻzbekiston fuqarosining mamlakat boʻylab erkin harakatlanish, mamlakatdan toʻsiqlarsiz chiqish va qaytish huquqini kafolatlash kabi normalarni kiritilishi;

-Asosiy qonunimizda “Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan gʻoyani mustahkamlash toʻgʻrisida 6 ta takliflari, jumladan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatiga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirish zarurati, yaʼni, insonning qadr-qimmati, shaʼni va gʻururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi oʻrinda turishi kerakligi toʻgʻrisidagi qoidalarning Konstitutsiya loyihasidan oʻrin olganligi;

-erkin va adolatli jamiyat va davlat qurilishi qoidalarining Konstitutsiya va qonunlar bilan mustahkamlanishi boʻyicha 14 ta qoidalarning mustahkamlanishi;

-mamlakatimizda insonparvar, huquqiy adolatli davlat qurish yoʻnalishida 12 ta takliflarning mustahkamlanishi muhim ahamiyati tushuntirib berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining Qoʻshma qarori bilan tuzilgan Konstitutsiyaviy komissiyaga oʻtgan bir oy davomida kelib tushgan 60 mingdan ortiq takliflar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi tayyorlanib, bugungi kunda umumxalq mugʻokamasiga chiqarilganligi yigʻilish ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.

Yigʻilishda “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi 2022-yil 25-iyundan 2022-yil 5-iyulgacha umumxalq muhokamasiga qoʻyilganligi yuzasidan muhokamalar boʻlib oʻtishi va kelib tushgan takliflar asosida qonun loyihasi yanada takomillashtirilishi taʼkidlandi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda.

Ularning aksariyati mazmun-mohiyatiga koʻra, “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini toʻla taʼminlashga qaratilgan.

Shuningdek, oʻzgartishlar sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, taʼlimni rivojlantirish, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, fuqarolik jamiyati institutlarining maqomini va ekologik muhofaza kabi masalalarni konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qoʻyish bilan bogʻliq yangi normalar kiritilmoqda.

Shu bilan birga, qonun loyihasi davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jumladan, parlament vakolatlarini kengaytirish, Prezidentlik institutini takomillashtirish, joylardagi vakillik va ijro hokimiyati organlarini ajratish, Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jihatdan rivojlantirishning konstitutsiyaviy asoslarini yanada mustahkamlash masalalarini ham oʻz ichiga olgan.

Maʼruzachilar tomonidan yigʻilishda Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar boʻyicha Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasi uchun “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo” gazetalarida hamda “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasida eʼlon qilinganligini taʼkidlab, barcha arxivchi xodimlarga tushuntirdilar.

Shuningdek, yigʻilishda 1700 dan ortiq jamoaviy takliflar davlat va jamoatchilik organlari tomonidan kelib tushganligi taʼkidlandi. Shu oʻrinda “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan ham sohaga mos 24 ta takliflar bildirilganligi arxiv xodimlari tomonidan taʼkidlandi. Yangilanayotgan konstitutsiyaning yoʻnalishlari boʻyicha kelib tushgan asosiy takliflar muhokama etilib, yana bir qancha fikrlar bildirildi.

Yigʻilishda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi keng muhokama qilinganidan soʻng arxiv ishi sohasi xodimlariga umumxalq muhokamasida keng ishtirok etish tavsiya etildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohaza hamda takliflarni 1341 qisqa raqami, taklif@meningkonstitutsiyam.uz va taklif@2022.uz elektron pochta manzillari orqali yoki bevosita Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etish mumkinligi,"Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi toʻgʻrisida"gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq Oʻzbekistonda qabul qilinayotgan har qanday yangi qonun umumxalq muhokamasiga qoʻyilishi kerakligi tushuntirildi.


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati