“2023 yil 1-choragi davomida “O‘zarxiv” agentligi tizimida amalga oshirilgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Mavzu: “2023 yil 1-choragi davomida “Oʻzarxiv” agentligi tizimida amalga oshirilgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani

Oʻtkazish vaqti: 2023-yil 22-may soat 15:00da

Oʻtkazilish joyi: Oʻzbekiston Milliy matbuot markazi. Toshkent shahri, Navoiy koʻchasi, 16- uy.

Tadbir tashkilotchisi: “Oʻzarxiv” agentligi

Joriy yil 22-may kuni Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida “2023-yil 1-choragi davomida “Oʻzarxiv” agentligi tizimida amalga oshirilgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Jumladan Matbuot anjumanida quyidagilar haqida axborot berildi:

“Oʻzarxiv” agentligi direktori Ulugʻbek Yusupov maʼlum qilishicha Oʻzbekiston Respublikasida arxiv ishini rivojlantirishning 2023-yil 1-choragiga moʻljallangan rejasi 18 ta koʻrsatkichlar boʻyicha bajarilib, shundan 16 ta koʻrsatkich boʻyicha oshirib bajarildi. Xususan:

Alohida qimmatli hujjatlarni hisobot davrida davlat arxivlarida qogʻoz asosidagi 30 887 saqlov birligida,  3 878 934 kadr,  kino 50 saqlov birligida, surat 2 378 hisob birligida, ovozli 92 saqlov birligida hujjatlarning elektron nusxalari yaratildi.

Davlat arxivlari tomonidan tashkilotlar hamda korxonalarda arxiv ishi va ish yuritish boʻyicha uslubiy hamda amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha tashkilot va korxonalarda 268 ta yalpi, 137 ta mavzuli oʻrganish ishlari olib borildi.

“Oʻzarxiv” agentligi, Arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan tashkilotlar hamda korxonalarda arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish boʻyicha 75 ta nazorat tekshiruvlari oʻtkazilib, 50 ta taqdimnomalar kiritilgan, 9 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Davlat arxiv oʻquvxonalarida tadqiqotchilar ishini tashkil etish boʻyicha 338 nafar Oʻzbekiston fuqarolari, 8 nafar chet el fuqarolari tadqiqot ishlarini olib bordilar, shuningdek 9 494 saqlov birligida hujjatlar tadqiqotchilarga foydalanish uchun taqdim etildi.

2023-yil 1-chorak davomida Respublika arxivlariga jami mavzuli soʻrovlar 21 587 ta tashkil etib, shundan davlat arxivlariga 19 322 ta, shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlariga 2 265 ta kelib tushgan.

Respublika arxivlariga kelib tushgan ijtimoiy-huquqiy mazmundagi soʻrovlar 132 984 ta tashkil etib, Davlat xizmatlari markazlari (DXM) va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali 112 379 ta, Pochta va elektron pochta orqali 8 169 ta ijtimoiy-huquqiy mazmundagi soʻrovlar kelib tushgan boʻlsa, 12 436 nafar  fuqaro bevosita arxivga murojaat etgan. Arxiv hujjatlari asosida 86 805 ta  soʻrovlar ijrosi bajarilib, ulardan 77 668 tasi ijobiy hal etilgan, 9 137 tasi boʻyicha esa tegishli koʻrsatma va tushuntirishlar berilgan. Tashkilot hujjatlari arxiv saqloviga kelib tushmagan va taaluqligi boʻyicha tegishli tashkilotlarga yuborilgan soʻrovlar soni 36 817 tani tashkil etdi.

Oʻzbekiston milliy arxivlari va respublika davlat arxivlari tomonidan (2023-yil 1-aprel holatiga) jami 919,3 ming saqlov birligidagi 57,0 mln. kadr raqamlashtirildi. Tasdiqlangan rejaga muvofiq, 2023-yil boshidan 36 ming saqlov birligidagi qariyb 4 mln. kadr raqamlashtirildi va yillik reja 110,3 foizga bajarildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–357-son qaroriga 2-ilovaning 55-bandiga muvofiq, Elektron hujjatlarni saqlash uchun topshirishga moʻljallangan “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimini ishlab chiqish va 2023-yil dekabr oyiga qadar amaliyotga joriy etish koʻzda tutilgan. Mazkur masala yuzasidan “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimini ishlab chiqish boʻyicha bugungi kunda texnik topshiriq loyihasiga Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi (2023-yil 27-martdagi Yex-22-81199b-son) va “Kiberxavfsizlik markazi” DUK (2023-yil 28-martdagi 01-18-02/737-son) tomonidan ekspert xulosalari olindi.Hozirda “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimining dastlabki talqini ishlab chiqilib, “Oʻzarxiv” agentligida test-sinov oʻtkazish  haqida “Oʻzarxiv” agentligining 2023-yil 7-aprelda 23-son buyrugʻi qabul qilindi. “Axborot texnologiyalari va axborot resurslarini rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasi bilan hamkorlikda 2023-yil 12-aprel kuni “Oʻzarxiv” agentligi xodimlari uchun “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimidan foydalanishni oʻrgatish boʻyicha oʻquv-seminar tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2023-yil 4-apreldagi “Asosiy vositalarni balansdan balansga oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 70-um-son buyrugʻiga asosan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri adliya boshqarmalari balansida boʻlgan jami 14 ta (12 ta A4 formatli, 2 ta A2 formatli) skaner qurilmalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri arxiv ishi hududiy boshqarmalari balansiga begʻaraz oʻtkazib berildi.

“Oʻzarxiv” agentligi tizimidagi davlat arxivlarida sarflanayotgan elektr energiyasi sarfini qisqartirish maqsadida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida, respublika davlat arxivlarida 2022-yilning 1-yarim yilligida sarflangan elektr energiyasi sarfiga nisbatan 2-yarim yilligida sarflangan elektr energiyasi sarfi 22,60 foizga qisqartirishga erishildi. Shuningdek, Samarqand viloyatida Samarqand, Bulungʻur, Pastdargʻom tumanlari davlat arxivlarida 8 kVt quvvatga ega quyosh panellari oʻrnatildi hamda yil yakuniga qadar Andijon viloyatida Asaka, Izboskan, Oltinkoʻl, Qoʻrgoʻntepa, Marhamat tumanlari, Surxondaryo viloyatida Denov, Sherobod, Uzun tumanlariga kichik quvvatga ega quyosh panellarini oʻrnatish rejalashtirildi.  Toshkent shaxridagi 3 ta arxiv binosiga kichik quvvatli panellar ornatish uchun shartnomalar tuzilmoqda

Agentlik huzuridagi Arxiv ishi va ish yuritish boʻyicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazida jami 76 nafar tinglovchi malaka oshirib, undan 17 nafar tinglovchi Agentlik tizimidagi xodimlar, 59 nafar tinglovchi respublika idora va tashkilotlardagi masʼul xodimlar oʻqitildi.

Tadbirda “Oʻzarxiv” agentligi, Oʻzbekiston milliy arxivlari rahbarlari hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar ishtirok etdilar.

Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati