“21-mart — Xalqaro Navroʻz kuni“ bayrami munosabati bilan “Olam nurga toʻlsin sen bilan Navroʻz“ shior ostidagi fotokoʻrgazma tashkil etildi.



































Navro‘z – tabiatning uyg‘onish va yangilanish bayramidir.

Go‘zallik va yangilanish bayrami bo‘lgan Navro‘z — tabiat qo‘ynida o‘zgarishlar boshlangan, dov-daraxtlar, maysalar, novdalar uyg‘onib, kurtaklar  nish ura boshlagan, tun bilan kun teng kelgan payt, yangi kun hisoblanadi. Butun insoniyat boy madaniy merosining ajralmas qismi sifatida eʼtirof etilgan Navro‘z bayrami tabiat uyg‘onishi, hayot tantanasi va bahoriy ko‘rkamlikni ifodalaydigan bayramdir.

Xalqimiz hayotida ham Navro‘z bayramining tutgan o‘rni, qalblarda uyg‘otadigan zavqi bo‘lakcha. Negaki, bu xalqona va ardoqli bayram kishi ruhiyatiga harir qishdan so‘ng navbahor shodligini, bahoriy uyg‘onish va iliqlikni olib kiradi.

2024-yil 18-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi «O‘zarxiv» agentligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi hamda Toshkent Fotosuratlar uyi hamkorligida “Olam nurga toʻlsin sen bilan Navroʻz“ nomli Fotoko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxividagi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saqlovidagi 120 dan oshiq fotosuratlar namoyish etildi.

Ushbu ayyom o‘zining o‘lmas ruhi, umuminsoniy g‘oyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur o‘rin egallayapti. Yangi kun va yangi fasl debochasi, sharqona yangi yilning boshlanishi bo‘lmish Navro‘z o‘zining maʼno-mazmuni, ko‘rku tarovati bilan boshqa bayramlar orasida alohida o‘rin tutadi. Shu jihatdan, ushbu bayramni xalqimiz o‘zgacha ruh, ko‘tarinkilik bilan qarshi oladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Navro‘z kishilarga yasharish va bunyodkorlik, poklanish va yangilanish, ruhiy ko‘tarinkilik taqdim etadi. Zotan, u shunchaki namoyish, shunchaki bayram emas, balki odamning insoniy tuyg‘ulariga quvvat berguvchi, ularni yaqinlashtirguvchi, jipslashtirguvchi bebaho omildir.

Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi «O‘zarxiv» agentligi tomonidan minnatdorchilik bildirildi.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati