26 iyun- Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni.

Giyohvandlik asr vabosi.


3-lavha.
35 yoshlarni qoralagan ayol turmaning baland qilib o‘ralgan devorini yoqalab ketmoqda. Ko‘rinishi odamning etini junjuktiradigan darajadagi sovuq manzaradan o‘zi shundog‘am tushkunlikda yurgan ayolning ta’bi battar xira bo‘ldi. Tepasi tikonli simlar bilan to‘silgan ustidan yana qandaydir simlar tortilgan devor ko‘ziga qo‘rqinchli va rutubatli ko‘rinardi. Qadamini tezlatib katta maxbuslarni olib yuradigan mashina bemalol kirib chiqishiga mo‘ljallangan darvoza yonida kutib o‘tirgan kishilar safiga qo‘shildi va ism famliyasini qayd qildirib navbat kutib o‘tirdi.
Men shu yerlarga kelishim kerakmidi, men shunga loyiqmidim. O‘ziga o‘zi bergan savoldan xo‘rligi keldi. Maktabda, institutda old qatorlarda yurgan a’lochi, jamoatchi, odobli qiz bo‘lgan. Ne-ne yigitlar bir og‘iz so‘ziga mushtoq bo‘lgan. Doim ma’naviyatli, ma’rifatli kishilar suxbatida bo‘lib, badiiy kitoblardan boshini ko‘tarmaydigan, birovga shunchaki bo‘lsa xam bir og‘iz yolg‘on gapirishni o‘ziga ep ko‘rmagan qiz bugun turmaxona oldida navbat kutib o‘tiribdi. Navbatda turganlar ham turfa xil. Ayrimlari o‘ziga o‘xshab nomusdan yerga kirgulik bo‘lib o‘tirgan bo‘lsa ayrimlarining og‘zidan kurakda turmaydigan so‘zlar chiqmoqda. Men shularni eshitishim kerakmidi. Men shunga munosibmidim. Mening aybim nima, qayerda xato qildim. Qayta-qayta o‘ziga savol berar edi. Ammo javob yo‘q.
Ichkarida eri. Bolalarining otasi. O‘zi bir joyda tayinli ishlamangligi uchun shundog‘am bir amallab turgan ro‘zg‘orning xamma narsasini sotib chekib yuborgan, bolalari bilan ko‘chada qoldirib , eng arzon eski bir kulbada ijarada yashashiga sababchi bo‘lgan odam uni kutyapti.
Ular sevishib turmush qurishmagan,  sovchilar aralashuvi bilan tanishib turmush qurishgan. To‘ydan oldin bir birini tanimagan. Bir ikki uchrashuvdan keyin unashtirilib to‘y bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘i yomon odam emas edi. Boladek sodda, ishonuvchan lekin o‘ta ma’suliyatsiz edi. Bolalarni juda yaxshi ko‘rar va bolalar ham otalarini yaxshi ko‘rishardi. O‘ziga ham juda e’tiborli edi. Ishlab pul topmasa ham bolalar ota mexrini ko‘rib o‘ssin deb, o‘zi ko‘proq xarakat qilib, hashamatli bo‘lmasa ham ko‘pchilik  qatori turmush kechirishardi.
O‘zining tirishqoqligi sababli nufuzli idoraga ishga joylashdi. Birga ishlaydigan ayollar kiyadigan kiyimlaridan o‘n barobar arzon kiyimlarda ham xech nolimadi. Ulardek bo‘lishga xarakat ham qilmadi. Uning uchun oilasi, bolalari katta baxt edi. Eng katta xatoyim shu bo‘lgan. Men xam boshqa ayollar kabi erimni topish tutishidan nolib xar kuni urush janjal qilaversam balki bu yo‘llarga kirib ketmasmidi.
Endi kech bo‘lgan, eri tubsiz jarlik sari ketayotganini bilar, o‘zi ham bolalari ham nochor ahvolda qoldi. Eridan ota-onasi, aka -ukalari hammasi yuz o‘girdi. Men ham ajrashib ketsam nima qiladi. Qayerga boradi. O‘zining yaqinlari ham ajrashishini talab qilib tanbeh berisha boshladi. Lekin tabiatan mulohazali, rahmdil emasmi uni ora yo‘lda tashlab ketishga vijdoni yo‘l qo‘ymasdi. Kunlarning birida uni ajrashishga undab kelgan tug‘ishgan ukasi “Nomusdan o‘lib bo‘ldik dastingizdan, nima balo o‘zingiz ham chekishga o‘rganib oldingizmi, shuning uchun ajrashmayapsiz shekilli” deb zarda qilib chiqib ketdi.
Ko‘ngliga toshdek og‘ir botgan bu so‘zlar ham uni bu qarorga kelishiga sabab bo‘la olmadi. Lekin qachondir qaror qabul qilishga majbur bo‘lishini ich-ichidan bilar edi.
  Oradan yillar o‘tib eri jazoni o‘tab qaytib keldi. U endi bu og‘uga butunlay bog‘langan, insoniylik fazilatlar unga begona bo‘lib ketgan edi. Ijara uyga kashandalarni boshlab kelishni odat qilib oldi. Uyda o‘tirishgani evaziga ularga sherik bo‘lish uchun bolalarni xavfga qo‘yish uni xech tashvishlantirmas edi. Kun bo‘yi ishda yuragini xovuchlab, ish tugashi bilan uyga yugurib, ozgina oyligini ijaraga, oilani boqishga arang yetkazib yana eining qarzlarini to‘lashga xam majbur bo‘lib yashayverdi, yashayverdi.
Bir kuni ijara uy egasi qo‘shnilar shikoyat qilishayotganini, uyni bo‘shatishni aytib ketdi.

Qaynonasining oldiga borib bo‘sh turgan ko‘p qavatli uydagi kvartirasida yashab turishga izn so‘radi. “Uyga bir kirib olsangiz keyin sizlarni chiqarib bo‘lmaydi” deya rozilik bemadi. “Unday bo‘lsa men bolalarni olib ketaman. O‘g‘lingizga o‘zingiz qarang, ko‘chada qolmasin.” Ko‘z yoshlarini arang tutib shu so‘zlarni ayta oldi xolos. Qaynona bu gaplarni shunchaki po‘pisa, xech qayerga ketmaydi, ketadigan odam shuncha vaqtdan beri ketmasmidi degan hayolga bordi. Pichoq suyak-suyagiga yetganini  faxmlamadi. Eriga xam shu gapni aytib, bor bisoti-bolalarining va o‘zining kiyimlarini olib uyni bo‘shatdi. U erining taqdiridan tashvishlanib yuragi yonib ketayotgan bir vaqtda, eri xech narsani o‘ylamas keyingi dozani topish tashvishida edi.  Chunki unda idrok degan narsadan asar xam qolmagan edi.
Ular birga uydan chiqishdi. Bolalarini “O‘zim bir ikki kunga boshqa uy topib sizlarni olib kelaman” deb ming ishontirishga xarakat qilmasin ular ham otalarini o‘ylab yig‘idan o‘zini arang tutib turishardi.  Keyin yo‘l ikkiga ajralgan joyiga kelishdi. Ona-bolalar biridan , yolg‘iz qolgan ota ikkinchisidan ketishi kerak edi. “Mayli borib turavering, tez boraman “ deya bolalarni bir-bir o‘pib bag‘riga bosdi. Sal uzoqlashgach   xammalarini ismlarini aytib chaqirdi va qo‘l silkib xayrlashdi. Ayol ichidan otilib kelib bo‘g‘zida qotib qolgan faryodni tutib turishga majbur edi.
Bu yo‘l ularni faqat manzillarini emas taqdirlarini ham  butunlay ajratgan edi.
Xorazm viloyati Arxiv ishi hududiy boshqarmasi
Yangibozor tuman davlat arxivi direktori
Eshamatova Ra’no Yuldashovna


Manba : "O'zarxiv" agentligi axborot xizmati